
Bugungi kunda dunyo miqyosida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasida teran fikrlashni taqoza etmoqda. Xususan, har qanday mamlakat xavfsizligi va barqorligini ta’minlashda, eng avvalo, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini asrash dolzarb vazifa hisoblanadi. Zero, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik dunyoviy demokratik jamiyat barpo etishning asosiy tamoyillaridan biri hisoblanadi.
Globallashuv shiddatining tobora avj olishi bugungi kunda nafaqat yurtimizda, balki dunyo miqyosida millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik, konfessiyalararo hurmat muhitini asrash asosiy hayotiy tamoyilga aylanmokda.
Dunyo miqyosida g‘oyaviy-mafkuraviy kurash maydonida milliy va diniy bag‘rikenglikka raxna solishga intilayotgan diniy adovatlarni tobora avj olishi bu borada muntazam ogoxlikni taqoza etayotir. Zero, globallashuv jarayonlarining shiddat bilan o‘zgarishi insoniyat hayotiga o‘zining kuchli ta’sirini namoyon etmoqda. Shu bois, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik masalasi jahon hamjamiyati oldiga dolzarb masalalardan biri sifatida qo‘yilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda yashovchi barcha millat va elatlarining birdamligini ta’minlashda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash tamoyili hamisha davlatimizning ustuvor vazifasi hisoblanadi. Bu haqda fikr yuritganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek: “bizning qadimiy va saxovatli zaminimizda ko‘p asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan” - deya ta’kidlashi bejiz emas, albatta. Zero, xalqimizning azaliy qadriyati hisoblanmish millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik milliy mentalitetimizning asosini tashkil etadi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elatlar o‘zaro inoq va totuvlikda imin - erkin yashab kelmoqda. Yurtimizda 16 ta diniy konfessiya mavjud bo‘lib, ular bir oila a’zolaridek hamjihatlikda istiqomat qilishmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan islohatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
O‘zbekistonda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylashga, barcha fuqarolarga o‘z e’tiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratib berish diniy va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga, ular o‘rtasida qadimiy mushtarak an’analarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Binobarin, bugungi kunda dunyo miqyosida taraqqiyot sari jadal intilayotgan Yangi O‘zbekiston jahon maydonida o‘z o‘riniga ega, kuchli salohiyat, munosib obro‘-e’tibor va nufuzga ega, har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylanib bormoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining ko‘lami, shiddati va keng qamrovi bilan nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik siyosatchi va mutaxassislarning ham e’tiborini tortmoqda. Ayniqsa, mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli jadal islohotlar tufayli yangi O‘zbekiston davrini boshlanishiga zamin yaratdi.
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizdagi yangilanish va islohotlar haqida so‘z ketganda jahon hamjamiyati “Yangi O‘zbekiston” degan iborani tilga olmoqda. Bunday e’tirof hech mubolag‘asiz yurtimizdagi shiddatli o‘zgarishlarga berilgan munosib bahodir.
Bugungi kunda yurtimizda Davlatimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona hukumat siyosatning ijobiy samarasi sifatida mamlakatimizda barcha diniy konfessiya vakillari o‘rtasida milliy va diniy totuvlik muhitini asrash muhim ahamiyat kasb etadi. Azaldan xalqimizga xos bo‘lgan millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik fazilatlari dunyo miqyosida doimo e’tirof va e’zozda bo‘lganiga tarix guvox. Bunga misol tariqasida Samarqand shahrida sohibqiron Amir Temur davrida bunyod etilgan, Doniyor payg‘ambar nomi bilan ataladigan maqbarani aytib o‘tish mumkin.
Bugungi kunda mamlakatimizda milliy va diniy bag‘rikenglik muhitini ijobiy namunasi sifatida mazkur maqbara islom, xristian va yahudiylik dini vakillari tomonidan birdek e’zozlanadi. Yurtimizdagi mana shunday diniy bag‘rikenglik madaniyatini xukm surishi haqida 2017 yil AQSHdagi “TheWashington Times” gazetasida “O‘zbekiston diniy bag‘rikenglik qaror topgan yurt” deb nomlangan maqola chop etilgan edi.
Bu haqda maqola muallif L.Tod Vud yurtimizda azaldan shakllangan bag‘rikenglik madaniyati haqida so‘z yuritadi. L.Tod Vud ham o‘z maqolasida qadimiy Samarqand shahridagi hazrati Doniyor maqbarasi O‘zbekistonda qaror topgan diniy bag‘rikenglikning eng yorqin namunasi ekanligini alohida e’tirof etadi. “Shunday bir necha yuz chaqirim narida - Afg‘onistonda bo‘layotgan urush bir necha o‘n yillardan beri odamlarning tinkasini quritayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonda xristianlar, yahudiylar va musulmonlar ushbu muqaddas qadamjoda birgalikda duo o‘qishadi, ziyorat qilishadi”, - deya ta’kidlashi yurtimizda xukm surayotgan bag‘rikenglik madaniyatiga berilgan dunyoviy e’tirofdir.
Hozirda mamlakatimizda turli e’tiqodga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro hurmat o‘rnatilishi uchun barcha sharoitlar mavjud. Respublikamizda aholining ko‘p millatli va ko‘p konfessiyaliligidan kelib chiqib, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash va qonuniy kafolatlashga o‘ziga xos tarzda yondashilgan. Ayniqsa, millatlararo munosabatlar va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida O‘zbekiston o‘ziga xos boy tajriba ortirganligini ta’kidlash o‘rinlidir. Milliy o‘zlikni anglash, millatlarning tili, madaniyati va urf-odatlarini asrab-avaylashga doimiy ravishda katta e’tibor qaratib kelinadi.
O‘zbekistonda davlat ta’lim muassasalarida o‘qitish 7 tilda olib borilyapti. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tomonidan 12 tilda ko‘rsatuv va eshittirishlar tayyorlanmoqda. Mamlakatimizda etnik o‘ziga xoslikni rivojlantirish va millatlararo munosabatlarni yanada uyg‘unlashtirishda 138 ta milliy madaniy-markaz yetakchi rol o‘ynayapti. Ular o‘z madaniyati, tili, hunarmandchiligini rivojlantirib, bir-birini o‘zaro boyitishga, ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonda xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi, 34 ta do‘stlik jamiyati muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Yurtimizda hukm surayotgan mazkur omillar tufayli do‘stlik va birdamlik muhitini xukm surishi o‘z navbatida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash orqali O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishni ta’kidlash lozim.
Bugungi kunda yurtimizda fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan ijobiy natijalar Rossiyalik yetakchi ekspertlar tomonidan ham alohida e’tirof etilmoqda. Jumladan, Rossiyalik siyosiy ekspert Yevgeniya Voyko “O‘zbekiston hududidagi diniy tashkilotlar xilma-xilligi, shubhasiz, nafaqat mamlakat rahbariyati, balki jamiyatning ham yuksak bag‘rikenglik madaniyatidan darak beradi. Davlat tomonidan fuqarolar diniy erkinliklarini kengaytirish bo‘yicha qo‘llanilayotgan choralar davlat hokimiyatining boshqa dindagilarga muntazam va tizimli e’tiboridan kelib chiqadi”,- deya ta’kidlashi ayniqsa diqqatga sazovardir.
Shuningdek, mamlakatimizda milliy va diniy bag‘rikenglik muhitini hukm surayotganligi Rossiyalik siyosiy sharhlovchi Roman Romishevskiyning yurtimizdagi dinlararo sog‘lom muloqotni barqarorlashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi fikr- mulohazalarida ham o‘z aksini topgan. Bu haqda R.Romishevskiy: “Jahondagi hozirgi vaziyat har qanday shakldagi zo‘ravonlikni qoralashdan iborat barcha dinlarning chinakam missiyasini birlamchi maslalaga aylantirdi.
Shunday sharoitda, O‘zbekiston ming yilliklardan buyon turli din, madaniyat va tinch- totuv hayot tarafdorlari o‘zaro ta’sirlashadigan o‘choq sifatida bu borada Markaziy osiyodagi o‘ziga xos mash’aldir” ,- deya ta’kidlab o‘tgan. - Rossiyalik siyosiy sharhlovchi R.Romishevskiy bugungi kunda suveren demokratik dunyoviy davlat- O‘zbekistonda din aholining yuksak ma’naviy va axloqiy qadriyatlarga sodiqligini ta’minlash samarali izchil davom etayotganligini diniy g‘oyalarni noto‘g‘ri talqin etish holatlariga barham berish yo‘lida keng ko‘lamli ibratli ishlar amalga oshirilayotganligini alohida ta’kidlab o‘tishmoqda. Shu o‘rinda, yurtimizda barcha din va konfessiyalarga o‘z e’tiqodini keng tarqatish uchun ulkan imkoniyatlar yaratilgan.
Bugungi kunda barchaga ma’lumki, xalqaro terrorizm, radikalizm, mutaassiblik, ekstremizm kabi muammolar chegara bilmasligi dunyo jamoatchiligida jiddiy tashvish uyg‘otayotgani sir emas. Ayniqsa, dunyo miqyosida ekstremizm, xalqaro terrorizmga qarshi kurashda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashda ma’rifatni targ‘ib etish g‘oyasi doimo Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro miqyosdagi nutq va ma’ruzalarining bosh mavzusiga aylanib bormoqda.
Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning o‘z ma’ruzalarida jahon hamjamiyati oldida turgan dolzabr muammolarini bartaraf etish borasida davlatimiz tomonidan amalga oshirib kelinayotgan tashabbuslarini alohida ta’kidlash lozim. Bu sohadagi tashabbus va ilg‘or g‘oyalar bugungi kunda Prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan dunyo miqyosida ham ilgari surilmoqda. Hozirgi nozik va ayni paytda, o‘ta murakkab sharoitda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashda ma’rifat bilan kurashish muhim ahamiyat kasb etadi.
Jaholatga griftor etuvchi ekstremizm, xalqaro terrorizm va mutaassiblikka qarshi kurashda ma’rifatni targ‘ib etish g‘oyasi bugungi kunda dunyo miqyosda bosh mavzuga aylanib ulgurdi. 2017-yil 19-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida davlatimiz rahbari dunyoda terrorizm tahdidlari, ayniqsa, so‘nggi yillarda kuchayib borayotgani, ularga qarshi kuch ishlatish yo‘li bilan kurashish usuli o‘zini oqlamayotgani, bu borada ko‘p hollarda tahdidlarni keltirib chiqarayotgan asosiy sabablar emas, balki ularning oqibatlariga qarshi kurashish bilangina cheklanib qolinayotganini, xalqaro terrorizm va ekstremizmning ildizini boshqa omillar bilan birga, jaholat va murosasizlik tashkil etishini alohida ta’kidlagan edi.
Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan murojaat qilar ekan: “Bu hujjatning asosiy maqsadi - barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat. Ushbu rezolyutsiya bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashishga qaratilgan. Biz mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi inson, uning ehtiyoj va manfaatlarini ta’minlashdan iborat bo‘lgan eng muhim ustuvor vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning hal qiluvchi sharti aynan shunda mujassam, deb bilamiz”, deya alohida ta’kidlagan edi.
Bugungi kunda davlatimizning bu sohada olib borayotgan islohatlari dunyo miqyosida o‘zga mamlakatlarga namuna bo‘layotganligi alohida e’tirof etilmoqda. Bu xaqda fikr yuritganda 2018-yil 12-dekabrdagi BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli maxsus rezolyutsiya qabul qilinganligini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Mazkur rezolyutsiyani qabul qilinishi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasi sifatida aytib o‘tish mumkin. Bu haqda BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Helena Freyzer tomonidan bildirilgan fikr e’tiborga molikdir: “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli rezolyutsiya BMTga a’zo davlatlar tomonidan bir ovozdan qabul qilindi. 51 ta davlat O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan konstruktiv taklif, ya’ni dunyoda mavjud barcha dinlarga nisbatan ma’naviy bag‘rikenglik madaniyatini kuchaytirishga doir g‘oyani qo‘llab-quvvatladilar. Chunki ushbu rezolyutsiya bag‘rikenglik bilan birga, madaniy va diniy bilimlarni kuchaytirish tamoyilini ham olg‘a surgan holda, global tinchlik va farovonlik uchun ustuvor yo‘nalish bo‘lib xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir”,- deya ta’kidalashi ayniqsa, yurtimizda bu borada olib borilayotgan ishlar yuksak darajada ekanligining yaqqol tasdig‘idir. Mazkur holat to‘g‘risidagi ijobiy fikrlarni Bangladesh Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mosud Mannon: “Bangladesh Respublikasi har doim tinchlik va totuvlik, diniy bag‘rikenglik tarafdori bo‘lgan. Shu bois, O‘zbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbusni birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatladi. Diniy bag‘rikenglik bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda eng namunaviy va o‘rnak bo‘la oladigan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Men O‘zbekistondagi 5 yillik elchilik faoliyatim davomida o‘zga din vakillariga nisbatan g‘araz munosabatni kuzatmadim. Aksincha, barcha din vakillari, millat va elatlar tinch-totuv, ahil va hamjihat yashaydi. Bu O‘zbekiston Prezidenti olib borayotgan siyosat natijasida yurtda diniy bag‘rikenglik muhiti qaror topganidan dalolatdir. Qolaversa, bu masala faqat qonunlar bilan mustahkamlab qo‘yilgani uchun emas, balki ko‘pchiligi islom diniga e’tiqod qiluvchi O‘zbekiston xalqining boshqa din vakillariga nisbatan doimo hurmat-ehtiromda bo‘lib kelgani bilan ham bog‘liq. Odamlarning turli millat vakillari bilan do‘stona munosabati, avvalo, o‘zaro muloqotlar orqali shakllanadi.
“Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli rezolyutsiyaning BMT Bosh Assambleyasida qabul qilinishi ana shu ijobiy munosabatlar natijasidir”,- deya ta’kidlasa, Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Amani Al-itr xonim: “ushbu muhim rezolyutsiyani Misr ham qo‘llab-quvvatladi. Davlatlarimiz o‘rtasida ayni masaladagi tutash nuqta, bu - O‘zbekiston bilan Misrning diniy totuvlik jamiyat barqarorligida muhim rol o‘ynashini anglab yetganidir. Rezolyutsiya tashabbuskori bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rolini alohida ta’kidlab o‘tishni istardim. Bu O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat oldida turgan murakkab muammolar yechimini topishda oqilona tashabbusi bo‘ldi”, - deya fikr bildirishi bu borada yurtimizda amalga oshirilayotgan siyosat dunyo miqyosida yuksak e’tirofda ekanligidan dalolat beradi.
Turli mintaqa va davlatlarda sodir bo‘layotgan ayanchli voqealar tahlili ommaviy axborot vositalari, zamonaviy axborot texnologiyalari, internet tizimi, ijtimoiy tarmoqlar va elektron nashrlar ba’zi hollarda buzg‘unchi kuchlar qo‘lida zararli g‘oya va mafkuralarni targ‘ib etishning qulay, tezkor vositasiga aylanib qolayotganligini ko‘rsatyapti. Bu kabi tahdidlar milliy va umuminsoniy qadriyatlarning yemirilishiga, zo‘ravonlik, inson taqdiri, jamiyat hayotiga bepisandlik, mas’uliyatsizlik, loqaydlik, andishasizlik, behayolik kabi illatlarning ildiz otishiga zamin yaratmoqda. Bunday murakkab sharoitda milliy va umuminsoniy qadriyatlar: millatlararo totuvlik, konfessiyalararo hamjihatlikni asrash, mustaqillikni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash har bir davlat oldida turgan ustuvor vazifalardan biridir. Tobora o‘zgarib borayotgan dunyo manzarasi va uning mazmun-mohiyatini chuqur anglash, vujudga kelayotgan tahdid, xavf-xatarlarga qarshi kurashda butun jamiyatni safarbar etish mamlakat kelajagi hamda taraqqiyotiga zamin yaratadi. Zero, millatlararo totuvlik, konfessiyalararo hamjihatlik bashariyat taraqqiyotining asosiy omilidir. Shu bois inson ma’naviy olami, xalqimiz madaniyatini belgilaydigan millatlararo totuvlik, konfessiyalararo hamjihatlikni asrab-avaylash umumbashariy taraqqiyot tajribalari asosida yovuz, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan ana shunday ezgu ishlarimiz, barcha yurtdoshlarimiz qalbi va ongida sog‘lom diniy dunyoqarash va din to‘g‘risida holisona fikrlarni shakllantirish orqali mamlakatimizda yashovchi 130 dan ortiq millat va elat vakillariga bo‘lgan xurmatni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Mana shunday sharoitda tinchlik, barqarorlikni saqlashda eng avallo, millatlararo totuvlik va konfessiyalararo hamjihatlikni ta’minlashga e’tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz raxbari Shavkat Mirziyoyev: “O‘zbekiston millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik sohasida o‘z an’analariga doimo sodiq bo‘lib, bu yo‘ldan hech qachon og‘ishmasdan ilgari boradi.Mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik va ahillik muhitini mustahkamlashga birinchi darajali e’tibor qaratiladi.Bu - bizning eng katta boyligimiz va uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash barchamizning burchimizdir”,-deya bejiz ta’kidlamagan. Zero, xalqimiz ma’naviyatiga xos bo‘lgan millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni ta’minlanishi o‘z navbatida yurtimizda tinchlik va barqarorlikning hukm surishida muhim o‘rin tutadi.
Abduraim Ulug‘ov
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori


