ManaviyatRespublikaMa'naviyat vama'rifat markazi
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
Manaviyat

Millatning manaviy yuksalishi yo'lida

Ijtimoiy tarmoqlar

Sayt

  • Biz haqimizda
  • Missiya
  • Rahbariyat
  • Jamoa
  • Tarix

Yo'nalishlar

  • Manaviyat
  • Ta'lim
  • Madaniyat
  • Yoshlar siyosati
  • Tarix

Manbalar

  • Yangiliklar
  • Loyihalar
  • Tadbirlar
  • Nashrlar
  • Media arxiv

Aloqa

  • Bog'lanish
  • Manzil
  • Ishga joylashish
  • Matbuot
© 2026 Manaviyat. Barcha huquqlar himoyalangan.
Maxfiylik siyosatiFoydalanish shartlariCookie
  1. Bosh sahifa›
  2. Yangiliklar›
  3. “JADIDLAR BUGUN NIMA QILGAN BO‘LARDI?”

“JADIDLAR BUGUN NIMA QILGAN BO‘LARDI?”

“JADIDLAR BUGUN NIMA QILGAN BO‘LARDI?”
01-iyul, 2024

30-iyun – Yoshlar kuni sifatida mamlakatimizda keng miqyosda nishonlanishi an’anaga aylanib ulgurdi. shu munosabat bilan Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher SA’DULLAYEVning fikr-mulohazalari e'tiboringizga havola etamiz.– Alisher Zafarovich, sizni ko‘pchilik eng yosh vazir o‘rinbosari sifatida faoliyat boshlagan paytingizdan tanigan. O‘shanda hayajonga tushganingiz aniq. Ko‘nglingizda ha­dik ham bo‘lganmi?

– Ha, o‘shanda bir kunda hayotim o‘zgarib ketgan edi. Hayajonga ham tushdim, ulkan motivatsiya oldim, o‘zim sevgan ta’lim, intellektual salohiyatni oshirish sohasida katta ishlarni qila olish imkoni berilganidan xursand bo‘ldim. Ammo biroz xavotirlandim ham. Chunki men avval hech qachon davlat xizmatida ishlamagan edim, juda ko‘p masalalarni o‘rganishim va o‘z ustimda ishlashim zarur edi. Tasavvur qiling, bu juda katta mas’uliyat, axir. Avvalambor, muhtaram Prezidentimiz ishonchlarini oqlashim kerakligini his qilganman.

Ota-onam, oilam, meni tanigan barcha-barcha insonlar oldida qandaydir katta burchni tuyganman. Tabiiyki, menga vazirlikda, umuman, davlat strukturasida shubha bilan yoki “kecha uchta-to‘rtta o‘quv markazini yuritib kelgan bu bola respub­likaga javob beradigan tizimda qanday ishlab keta olardi” deya ishonch­sizlik bilan qaraganlar ham bo‘lgan. Axir, avval hech qachon nafaqat men tengi, balki mendan ham yoshi kattaroq yigitlar bunday lavozimda ishlamagan. Lekin ish jarayonida xavotirlarim kamayib bordi. Mutaxassislar, tajribali siyo­satchilar, ham O‘z­be­kistonda, ham chet elda turli sohalarda ishlayotgan yurtdoshlarimiz bilan muloqotda bo‘lib, ishlab, davlat xizmatchisi sifatida ko‘p narsa o‘rgandim. Bunda men uchun asosiy suyanch va g‘ayrat manbayi davlat rahbari­ning o‘zi bo‘ldi. O‘zbe­kis­ton taraqqiyotining yangi bosqichida yosh kadrlarni mas’uliyatli rahbarlik lavozimlariga tayinlash aynan u kishining siyosatlari edi.

– Yoshlar ishlari agentligining deyar­li barcha loyihalari tez ommalashib, e’tirofga sazovor bo‘lmoqda. Ayting-chi, bu g‘oyalar qanday paydo bo‘ladi? Qay tariqa amalga oshiriladi? Agar kimdir yangi g‘oya bilan agentlikka kelsa, unga qan­chalik imkon beri­ladi?

– Bugun agentligimiz jamoasi tomonidan yoshlar orasida til o‘rganishni ommalash­ti­rishga qaratilgan “Ibrat farzandlari”, zamo­naviy kasblarni sun’iy intellekt orqali o‘qi­tish­ni yo‘lga qo‘yishga mo‘ljallangan “Ustoz AI”, internetda o‘zbekcha kontentni ko‘paytirishga bel bog‘lagan “WikiStipendiya”, kitob­xonlikni targ‘ib qila­yot­gan “Mutolaa” hamda “Ming kitob” loyihalari va shu kabi yana o‘nlab tashab­buslar amalda ishlamoqda. Ular millionlab yoshlarning hayo­tiga kirib bormoqda, ular­ning ta’lim olishi va intellektual jihatdan rivoj­lanishida ko‘makchi bo‘lmoqda.

Bu loyihalarning yaralishi, g‘oyalarning paydo bo‘lishiga keladigan bo‘lsak, avvalambor, Yoshlar ishlari agentligida mamlakatimiz taraqqiyotining muhim yo‘nalishlari, masalan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasidagi erishilishi kerak bo‘lgan natijalar va maqsadlar tah­lil qilinadi. Yoshlar bilan ishlash, ta’lim, ijtimoiy sohalar, inson kapitalini rivojlantirish atrofidagi turli sohalarda katta tajribaga ega bo‘lgan, iste’dodli, salohiyatli mutaxassislar – xoh ular yosh bo‘lsin, xoh yoshi ulug‘ bo‘lsin – agent­ligimizda mehmon bo‘lishadi. Biz ulardan maslahatlar olamiz, fikrlar to‘p­laymiz, tahlil qila­miz, jamoamizda o‘zaro munozara qila­miz.

Agentlikka g‘oyalar bilan keladigan hammaga ochiqmiz, faqat bizning o‘z talablari­miz bor, albatta: g‘oya sifatli loyihaga aylanib, hayotga tatbiq qilinishi va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga mos, ularni qo‘llab-quvvatlovchi, yetarli samaraga ega bo‘lishi zarur. O‘rni kelganda ta’kidlash lozim, ko‘plab yangi loyihalar uchun g‘oyalar jadidlar hayoti, ijodi, Vatan taraqqiyoti yo‘lidagi faoliyatini o‘rganish orqali ham vujudga kelgan. Jamoamiz bilan “Jadidlar bugun tirik bo‘lganida nima qilgan, nima bilan shug‘ullangan bo‘lardi?” deb ko‘p o‘ylaymiz. Ensiklopedik ma’lumotlarni o‘zbek tilida internetda to‘plashga oid “O‘zbekcha Vikipe­diya” loyihamiz “Chig‘atoy gu­rungi”dan, “Ibrat farzandlari” tillar bilimdoni bo‘lgan bobo­miz Is’hoqxon Ibratdan, “Mutolaa” loyihasi esa Beh­budiyning 1908-yilda Samar­qand­­da tashkil qilgan mutolaaxonasidan ilhom olib amalga oshirilmoqda.

– Siz parallel ravishda respublika Shaxmat federatsiyasi raisi vazifasida ham faoliyat olib borasiz. Bugun o‘zbek shaxmatchilari xalqaro maydonlarda olamshumul yutuqlar qayd etmoqda. Albatta, bunda siz va jamoangiz­ning xizmati katta. Biroq bu natijalar to siz rais etib tayin­­langungacha bo‘lgan izla­nish-u mehnat samarasi, degan gaplar ham yo‘q emas. Bunga munosabatingiz qanday?

– Shaxmat federatsiyasi raisi etib ta­yinlanganimda oldimga strategik maqsadlar qo‘ydim. Jamoamiz bilan shu maqsadlar tomonga intilib boryapmiz. O‘zbekistonliklar shaxmatchi millat, intellektual jihatdan ildamlayotgan xalq sifatida butun dunyoga tanilishi, bunday imij nafaqat xorijda, balki O‘zbekistonda ham rezonans berib, yoshlar o‘ziga qat’iy ishonch ruhida, millatiga mehr bilan ulg‘ayishi, oldiga katta maqsadlar qo‘yishi lozim. Axir, bu judayam katta narsa. Biz birinchi kundanoq shunga intildik. Shuning uchun ham xalqaro yutuqlar ketma-ket kel­yapti. O‘zbekistonda xalqaro darajadagi chem­­pionat va turnirlarni o‘tkazyapmiz.

Albatta, bularning hammasi federatsiya raisi­ning sharofati bilan bo‘ldi, deyish noto‘g‘ri. Bu, birinchi nav­batda, davlat rahbari­ning qo‘llovi, e’tibori va ishonchi bilan reallikka aylanmoqda. Natijalarda ko‘p yillardan beri shaxmat sohasiga mehnati singgan insonlar, aqliy gimnastikaning o‘nlab yetuk mutaxassislari, ustoz­larning hissasi ko‘p. Bu oxir-oqibat O‘zbekistonda bugun har bir yosh o‘z iste’dodi­ni aniqlab, o‘z ustida ishlab, katta natijalarga erisha olishi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilgan sharoitning samarasidir.

– “Mutolaa” boshqa loyihalarga qaraganda omadli va yoshlar uchun manfaatli bo‘lganini jamoatchilik e’tirof etyapti. Bu muvaffaqiyatning biron bir siri bormi? Va ijodiy ishi ilovaga joylashtirilgan ijodkor­larga qalam haqi to‘lash tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilganmi?

– Virtual kutubxona shaklida sifatli audio va elektron kitoblarni jamlagan “Mutolaa” mobil ilovasi nihoyatda qisqa vaqtda – atigi to‘rt oy ichida 500 mingdan oshiq yoshlarni qam­rab oldi. Mobil qurilmasiga “Mutolaa”ni o‘rna­tib olgan yarim million yosh bugun turli janr va mavzulardagi 2 ming­dan ortiq kitob­larni o‘qishi va tinglashi mumkin. O‘zbek adabiyotining eng sara asarlari, o‘zbek tiliga tarjima qilingan jahon adabiyoti namuna­la­ri iste’dodli aktyor va suxan­donlar tomonidan ovozlashtirilmoqda. Mobil ilova interfeysi qulay bo‘lib, u doimiy ravishda takomillashtirilmoqda. Yaqin oylarda ushbu platformadan foydalanuvchilar soni bir millionga yetishi kutilmoqda.

Bunday samaradorlikning siri, avvalo, jamoa­ga yaxshi mutaxassislar jalb qilinganida deb o‘ylayman. Loyiha rahbari Sirojiddin Oli­mov “El-yurt umidi” jamg‘armasining granti asosida nufuzli Edinburg universitetida o‘qib kelgan. Yosh adib Javlon Jovliyev adabiy muharrir sifatida, bolalar yozuvchisi Sa’dullo Quronov ham mas’ul lavozimda “Mutolaa” loyi­hasini yuritayotganini aytib o‘tish lozim.

Albatta, kelajakda kitob mualliflariga qalam haqi to‘lash orqali ijodkorlarni rag‘batlantirish haqida bosh qotiryapmiz. Mobil ilova adib, shoir va olimlar uchun o‘z kitoblarini targ‘ib qilish maydoniga aylanishi – bizning muhim maqsadlarimizdan biri.

– Bu yil yoshlar kuni o‘zgacha nishon­lanmoqda, gazetxon yoshlarimizga tilak va tabriklaringiz bo‘lsa, yo‘llashingiz mumkin.

– Barchaga 30-iyun – Yoshlar kuni muborak bo‘lsin! Bu yil mana shu bayram arafasida Butunjahon yoshlar festivali yurtimizda katta ko‘lamda o‘tkazilmoqda, unga dunyoning turli nuqtalaridan nufuzli mehmonlar kelmoqda. Bu festival – yoshlar uchun shaxsiy rivojla­nish, dunyoqarashni kengaytirish imkoniyatini beruv­chi ajoyib sovg‘a bo‘ladi, deb umid qilamiz. Undan tashqari, Olim­piya terma jamoa­miz­ni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Men o‘zbekistonlikman – qonimda g‘ala­ba” chellenjiga start berilmoqda, o‘ylaymanki, bu loyiha chekka hududlardagi yoshlargacha yetib borib, yangi iste’dodlarni kashf etishga, xalqimizni sportchilarimizga muxlis bo‘lish yo‘lida birlashtirishga xizmat qiladi.

“Jadid” gazetasi o‘quvchilari, yurt ertasi bo‘l­gan yigit-qizlarga g‘ayrat-shijoat tilayman. Chunki oldingizga qo‘ygan ulkan orzu va maq­sadlaringizga yetishmoq uchun sizga g‘ayrat va ilm zarur bo‘ladi.

– Siz va jamoangizga ko‘zlangan marralar sari dadil odimlashda kuch-quvvat tilaymiz. Jadid bobolarimiz orzusi bugungi yoshlar timsolida ushalib, millat taraqqiyga yuz tuti­shida Sizga ham shijoat va omad doimo yo‘ldosh bo‘lsin!

Dilmurod DO‘ST suhbatlashdi.

O'xshash yangiliklar

"Mustaqillik to‘yi” festivali yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

"Mustaqillik to‘yi” festivali yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tarixni anglagan avlod — kelajakni ishonch bilan quradi!

Tarixni anglagan avlod — kelajakni ishonch bilan quradi!

Talqini ming xil kuy – Murod Muhammad Do‘st portretiga chizgilar

Talqini ming xil kuy – Murod Muhammad Do‘st portretiga chizgilar