
Mamlakatimizda barcha ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar aholi talabidan kelib chiqib amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, mahallalarga ko‘plab vakolatlar, tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar berilayotgani, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, soliq inspektori, ijtimoiy hodim hamda profilaktika inspektoridan iborat “yettilik tizimi” tashkil etilgani buning yaqqol misolidir.
Mahalla yettiligi yangi mexanizm hisoblanayotgan ayni kunda ushbu yettilikning o‘zaro muvofiq ishlashida ro‘y beradigan kamchiliklarni, faoliyatidagi takrorlanishlarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlarni yanada kengaytirish Yangi O‘zbekiston mahalladan boshlanishiga zamin yaratadi.
Shu ma’noda aynan mahalla yettiligi faoliyatida oilalar bilan ishlashni mahallabay tizimga aylantirish, raqamlashtirish orqali yangi bosqichga olib chiqish ayni muddao bo‘ladi.
Avvalo “Sendvich oila” haqida. “Sendvich oila” birikmasi so‘nggi besh-olti yil mobaynida G‘arb mamlakatlari tomonidan buvi-bobo, ota-ona hamda farzandlar birga yashaydigan oilalarga nisbatan qo‘llanilib kelinmoqda.
Tasavvur qiling: ikkita non bo‘lagi va bir bo‘lak go‘sht yoki pishloq, sabzavotlar. Sabzavotlarsiz yoki go‘sht bo‘lagisiz sendvich tayyorlab bo‘lmagani kabi bir paytning o‘zida ham farzand, ham ota-ona bo‘lgan o‘rta avlodsiz mazkur oilani tasavvur qilib bo‘lmaydi.
G‘arbda “sendvich oila”lar soni nisbatan kam bo‘lsa-da, ushbu oilalarga ijtimoiy ko‘mak berish taklifi ilgari surilayotgani ularning oila, oila qadriyatlarini saqlab qolishga bo‘lgan ezgu harakatlari bilan baholanadi. Zero, g‘arb mamlakatlarida keksalar parvarishi hamda farzand tarbiyasidek ikki mas’uliyatli ishni bir insondan “a’lo” darajada talab etish mantiqan to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Ammo deyarli yuz foiz “sendvich oila”lar yashaydigan bizning mamlakatimizda oilalar bilan ishlashni yangi bosqichga olib chiqishda “sendvich oila”larga qulayliklar yaratish dasturi ancha qo‘l kelishi shubhasiz.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra (2023 yil yanvar holatiga ko‘ra), O‘zbekiston Respublikasida oilalar soni 9 729 961 tani tashkil etishini, ularning 3 foizi bir kishidan, 6,9 foizi ikki kishidan, 10,7 foizi uch kishidan, 18 foizi to‘rt kishidan, 22 foizi besh kishidan, va nihoyat, qariyib 40 foizi olti yoki undan ortiq kishidan iborat ekanligini ko‘rsatadi.
Yosh guruhlariga ko‘ra esa oila a’zolari sonining eng katta ulushini 31-59 yoshdagilar tashkil etishini inobatga olsak (bu aholining 35,8 foizi yoki 12 mln. 893 ming 6 nafari bo‘lib, ayni paytda jismoniy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan mamlakat aholisining deyarli teng yarmini tashkil etayotgani), “sendvich oila”lar bilan ishlash mexanizmlari faqat oilalarning ma’naviy hayotini yuksaltirishga xizmat qilishiga umid qilamiz.
Fazandlar soni jihatidan oilalarimizda olib borilgan o‘rganishlar yurtimizda 23,3 foiz bilan bir bolali, 26.3 foiz bilan ikki bolali, 18,3 foiz bilan uch bolali hamda 7,4 foiz bilan to‘rt va undan ko‘p bolali oilalar istiqomat qilishini ko‘rsatadi.
Oilaning jamiyatning muhim bo‘g‘ini xususiyatidan kelib chiqib, insoniy qadriyatlar, milliy madaniyat va avlodlar davomiyligini asrovchi ushbu qo‘rg‘onning nechog‘li mustahkamligi jamiyat taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatishiga amin bo‘lamiz.
Kezi kelganda, aytib o‘tish kerakki, bugun ajrashayotgan oilalarning katta qismini eng kamida uch nafar bolali oilalar tashkil etmoqda. Shuningdek, turli ma’naviy tahdidlar to‘g‘ridan to‘g‘ri butun bir oilaga ta’sir o‘tkazmoqda. “Sendvich oila” bilan ishlash mexanizmi aynan bugunning talabi ekanini yana boshqa ko‘plab omillarda ko‘rishimiz mumkin.
Farovon hayot va barqaror kelajak oilalar bilan bog‘liq muammoli masalalarni, oilalar ahvoliga ta’sir etuvchi ijtimoiy-iqtisodiy va demografik jarayonlar haqidagi bilimlarni chuqurlashtirishni taqozo etadi. Binobarin, bugun aniq mexanizmlar bilan ishlash, oilalar bilan ishlashni raqamlashtirish zamon talabi.
Risoladagidek ota-ona, risoladagidek farzand
“Sendvich avlod”ning o‘rta vakillari yoshi 45-55 ni tashkil etadi. Ota-ona sifatida voyaga yetmagan farzandlarini katta hayotga tayyorlash, tarbiyalash, ta’lim olishlari uchun ko‘maklashish, oliy ma’lumotli bo‘lishiga sarmoya tikish, uylantirish, turmushga uzatish kabi xalqimizga va milliy qadriyatlarimizga xos “shirin tashvish”larga ko‘milgan ushbu avlod farzand sifatida yoshi ulug‘ otasi va onasining salomatligi, osoyishta hayot kechirishlari, ularning orzu-havaslarini ro‘yobga chiqarishni ta’minlashga qaratilgan bo‘lsa, ota-ona sifatida farzandining jismoniy va ma’naviy tarbiyasiga mas’uldirlar.
Risoladagidek ota-ona va risoladagidek farzand bo‘lishdan tashqari o‘z ustida ishlash, karyera qilish, kasbiy faoliyatini rivojlantirish kabi qator masalalar oilaning o‘rta avlodi vakillaridan bizning tasavvurimizdagidan ko‘ra ancha katta energiya talab etishini ko‘pchiligimiz deyarli o‘ylab ham ko‘rmagan bo‘lishimiz mumkin.
Bundan tashqari “sendvich oila”ning o‘rta avlodi jamiyatdagi ijtimoiy faol shaxs hamdir. U o‘zini doimiy rivojlantirib borishi, o‘z ustida tinimsiz ishlashi, kasbiy faoliyatida samaradorlikka erishishi, xalqona qilib aytganda, o‘zidan yaxshi nom qoldirishi, bugunning mohiyatidan kelib chiqadigan bo‘lsak, jamiyat taraqqiyotiga ham salmoqli hissa qo‘shishi lozim.
Ammo mazkur avlodga bir paytning o‘zida tarozining har ikki pallasini birdek ushlab turish, shuningdek, o‘z shaxsiyatini rivojlantirish qator maishiy muammolarni ham keltirib chiqarishi shubhasiz.
Vaqt yetishmovchiligi. Tongni ikki avlodga nonushta tayyorlash bilan boshlaydi; ishga otlanarkan, yo‘l-yo‘lakay farzandlarini o‘qishga, voyaga yetmaganlarini maktabga, bog‘chaga tashlab o‘tadi. Ota-onasining ertalabki holini so‘rash, ularning ro‘zg‘or va turmush tashvishlari bilan qiziqish, kunning birinchi yarmiga taqsimlay olmagan masalalarni hal etishni ishdan keyingi, ya’ni kechki paytga rejalashtirish va ho kazo.
Ishga o‘z vaqtida yetib borish, sifatli faoliyat ko‘rsatish, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘liq ado etish; bo‘sh vaqt topib, karyerasi bilan shug‘ullanish; shaxsiy hayotini tartibga solish singari majburiyatlari undan qo‘shimcha kuch va salohiyat talab qiladi.
Iqtisodiy barqarorlikni saqlash. Ro‘zg‘orboshi bo‘lgan erkak va uy bekasi bo‘lgan ayol ro‘zg‘orning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashdan tashqari, farzandlari kelajagi uchun (qadriyatlarimizga asosan) sarmoya tikishi lozim. Demak, qo‘shimcha daromad manbaini yaratish choralarini ko‘rish faqat foydaga xizmat qiladi.
Salomatlik. Kun bo‘yi zimmasidagi vazifalar zanjiri salomatligi bilan bog‘liq kichik-kichik muammolarni vujudga keltira boshlaydi. Biroq uning oldida turgan burch va mas’uliyat dam olish soatlarini yo ota-onasi va farzandining yumushlari va yoki shaxsiy rivojlanishi doirasidagi tashvishlari bilan baham ko‘rishni o‘rgatadi.
Biroq, gap yosh avlod tarbiyasi haqida borarkan, bugungi kun nuqtayi nazaridan “sendvich oila”larni ijtimoiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash tizimli ishlashni yo‘lga qo‘yish bilan belgilanadi.
“Sendvich oila”da sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘ymasdan, o‘rta avlodning zimmasidagi mas’uliyat va vazifalarni sifatli ado etmasdan turib, oilalardagi ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirib bo‘lmaydi. Shu ma’noda mahalla yettiligi faoliyatida quyidagi masalalarni amalga oshirish muhim o‘rin tutadi:
Birinchidan, jamiyatdagi aksariyat reytinglar yuqori ko‘rsatkichlar asosida belgilanishini inobatga olib, “Farzandining baxti”, “ota-onasining havasi” niqobidagi jamiyatdagi dabdababozliklarga chek qo‘yish bo‘yicha “Mahallada to‘y va boshqa marosimlarni nishonlash bo‘yicha Nizom”ni ishlab chiqish va Nizom asosida marosimlarni moddiy va ma’naviy tartibga solish.
Mazkur hujjatning huquqiy asosi ortiqcha dabdababozliklarga, orzu havaslarning qolipdan chiqib ketishiga, ayniqsa “sendvich oila”ning moliyaviy holatida rejalashtirilmagan harajatlarni keltirib chiqaradigan hoyu havaslarni tartibga solishga xizmat qilishi lozim.
Zero, ortiqcha harajatlarni cheklash oilani ijtimoiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, bilim va ko‘nikmalarini oshirishga sarmoya kiritish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.
Ko‘plab oilalarning ajrashishi, quda-andalar o‘rtasidagi munosabatlarning sovushi, notinch-noqobil oilalarning ko‘payishi, farzandlarning tirik yetim bo‘lib qolishi kabi illatlarning ortishiga to‘y va boshqa marosimlar sarf-harajatining qarz evaziga amialga oshirilishi ham sabab bo‘lmoqda.
Dabdabali to‘y va boshqa marosimlar uchun mablag‘ jamg‘arishni birlamchi maqsadiga aylantirib, katta qarzdorlik yohud orzu havas istagida ota-onasi va farzandining kundalik turmushidan uzoqlashib, xorijiy davlatlarda ishlayotgan hamyurtlarimiz o‘z oilasi bag‘rida yashash imkoniga, qo‘shimcha mablag‘larini esa farzandlarining oliy ma’lumot olishi, hunar o‘rganishi, tadbirkorlik faoliyatiga qaratishi imkonini beradi.
Ikkinchidan, mahallada ijtimoiy xodim xizmatini, ijtimoiy pedagogik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish.
Mahallada keksa nuroniylarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, ya’ni ularni turli sport turlariga, musobaqalariga jalb etish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish kabi ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilishi uchun “Mahallada sog‘lom hayot markazi” faoliyatini ishga tushirish lozim.
Bugun sport-sog‘lomlashtirish majmualari, jumladan, suzish havzalari, fitnes klublari, kino teatrlar markazlashgan hududlarda ekani aholiga noqulaylik tug‘diradi.
Barcha kompleks xizmatlarni o‘z ichiga olgan Markazlarning mahallada bo‘lishi qulay bo‘lishi bilan birga hamyonbop ham bo‘ladi.
Oilaviy madaniy hordiq chiqarish markazlarining mahallada bo‘lishi mahalladoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar, oilalar va oila a’zolari o‘rtasidagimunosabatlarni ham sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur markazlar mahallada yangi ish o‘rinlarini yaratish, mahalla aholisi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikning mahalla yo‘nalishini rivojlantirishga ham imkon beradi. Natijada “sendvich oila” bilan ishlashni tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi mexanizmlar vujudga keladi.
Nafaqadagi pedagoglarimiz va tarbiyachilarimizni “mahalla ijtimoiy pedagogika xizmati”ga yollash orqali “sendvich oila” tarbiyalanuvchilari bilan qo‘shimcha ta’lim va tarbiya berish ishlarini tashkil etish mumkin.
O‘quvchi yoshdagi bolalar bilan mahallada ishlash qulay va mahallabop to‘garakalar tashkil etish imkonini beradi. Shuningdek, faxriylarimizning mahorat darslaridan foydalanish uchun sharoit yaratadi.
Mahallada ijtimoiy pedagogik xizmat ko‘rsatish mazkur sohani tizimli yo‘lga qo‘yib, nafaqat faxriy, balki bola parvarishidagi, uy bekasi bo‘lgan pedagog ayollarimizga ham o‘z kasbiy faoliyatlarini davom ettirish imkonini beradi. “Sendvich oila”lardagi bolalar uchun qo‘shimcha darslar tashkil etiladi. Ushbu xizmat uchun “Mahallada ijtimoiy pedagogik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shimcha darslarni tashkil etish bo‘yicha” alohida metodik qo‘llanmalar hamda targ‘ibot materiallari yaratiladi, zaxira kadrlar shakllantiriladi, ijtimoiy pedagogik xizmat ko‘rsatishning preyskurant bo‘yicha smetasi shakllantiriladi. Mazkur xizmatlarning mahalla binolarida, shuningdek, darsdan bo‘sh vaqtlarda mahalladagi maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari binolarida amalga oshirilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu mahalladagi ijtimoiy pedagogik xizmatlar tajribasi asosida ta’lim islohotini amalga oshirishda yangi samarador mexanizmlar yaratilishiga imkon beradi.
Uchinchidan, mahallada va maktabning tarbiya darslarida “Ota-ona-bola soati”, “Buvi-bobo-nabira soati”ni joriy qilish. Mahalladagi ziyoli, yuksak ma’naviyatli, ma’rifatparvar insonlarning farzand tarbiyasidagi tajribalari va ko‘nikmalari targ‘ib etiladi.
Jamiyatimizda keksalikka bekorchilik emas, balki eng mas’uliyatli davr, deb qarash, katta hayotiy maktabning bilim va ko‘nikmalarini jamiyatga, ayniqsa oilaga tatbiq etish bo‘yicha nuroniylar tajribasini o‘rganish shakllanadi.
Bugun jamiyatimizdagi “sendvich oila”larning aksariyati yoshlar tarbiyasiga mas’ullikni “his etmaslik”lari bilan emas, “his etishga vaqtlari yetmayotgani” xususiyati bilan ajralib turibdi.
“Sendvich oila” o‘rta avlodining jamiyatning ijtimoiy faol fuqarosi sifatidagi xususiyatini oshirish, shaxsini rivojlantirishda samarador ko‘rsatkichga erishishi mamlakat taraqqiyoti uchun muhim omillardan biri, deb qaraydigan bo‘lsak, mazkur oilalar bilan ishlashni yangi bosqichga olib chiqish ularni qo‘llab-quvvatlash doirasida juda muhim hisobalanadi.
Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy qadriyatlarga nisbatan ehtirom oiladan boshlanadi. Ota-ona, farzand, bobo va buvi qadriyatlarining eng yuksak namunalari oila ma’naviyatining asosini tashkil etadi. Oilaning har uchchala avlodi o‘rtasidagi sog‘lom munosabatlarni shakllantirishda mahallaning rolini oshirish fuqarolik institutining boy tajribasidan unumli foydalanishga undaydi.
“Sendvich oila”lar bilan ishlashning Sharqona tajribasi bizda allaqachon shakllangan va rivojlangan. Mahallalarda tug‘ilib o‘sgan ziyolilarning o‘z mahallasi ahli uchun qayg‘urishi, ularning muammolarini o‘z muammolari, deb bilishiga tarixda ham, bugungi kunda ham misollar ko‘p.
“Sendvich oila”lar bilan ishlashning mahallabay tizimini yaratish yangi-yangi sohalarni, yangi-yangi xizmatlarni mahallaga kirib kelishida tajriba vazifasini o‘taydi.
Bugun mahallalarimizning ma’naviy qiyofasini shakllantirish davlat siyosati darajasida mahalla yettiligining mahallaga tushirilishi bilan belgilansa, mazkur yetti sohaning mavjud muammolarni o‘rganish emas, oldini olish bo‘yicha ish boshlagani mahallaning ma’naviy qiyofasiga chizgi beradi. “Sendvich oila” bilan ishlash ham aynan mazkur yettilikning zimmasidagi vazifalardan kelib chiqib amalga oshirilishi nazarda tutiladi.
Xalq orasida “mahalla kayvonilari” nomi bilan tanilgan hamyurtlarimizning borligi oilalarimizning ma’naviy qiyofasini yuksaltirishda ham mahallaning “labbay” degan ovozi borligidan, mahalla yettiligiga qanot bo‘ladigan jonkuyarlar bisyorligidan dalolat beradi.
Ziyoda Akbarkulova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
markazi bosh mutaxassisi.


