
Jadid ziyolilari mamlakat madaniy, siyosiy hayotida muhim o‘rin tutgan til, alifbo-imlo masalalari bilan ham jiddiy shug‘ullangan. Yozuv islohoti va o‘zgarishi, bularga doir o‘tkazilgan tadbirlar, anjuman va qurultoylarda faol ishtirok etishgan.
Jadid ziyolilari mamlakat madaniy, siyosiy hayotida muhim o‘rin tutgan til, alifbo-imlo masalalari bilan ham jiddiy shug‘ullangan. Yozuv islohoti va o‘zgarishi, bularga doir o‘tkazilgan tadbirlar, anjuman va qurultoylarda faol ishtirok etishgan.
Fitrat rahbarligida ish olib borgan “Chig‘atoy gurungi” madaniy-ma’rifiy, adabiy-badiiy tashkilot sanalgan. 1919-yilning boshida Milliy ishlar komissarligi tomonidan rasman tasdiqlangan. Tashkilot madaniy merosimizni to‘plash, o‘rganish va ulardan xalqni bahramand etish, o‘zbek adabiy tili, milliy yozuv va adabiyotimizni yaratish va yuksaltirish masalalari bilan shug‘ullangan. Jamiyat a’zolaridan Qayum Ramazon, Elbek, Shokirjon Rahimiy, Shorasul Zunnun, Oltoy va Botu imlo masalalari bilan maxsus shug‘ullanuvchi “Chig‘atoy gurungi”ning “imlo to‘dasi”da ish olib borgan. Ular o‘zlari isloh etgan imloni gazeta orqali targ‘ib qilishgan. Ikki oylik o‘qituvchilar tayyorlash kursi ochib, yangi imloni o‘rgatishgan. “Chig‘atoy gurungi” a’zolarining o‘qituvchilar uchun imlo qo‘llanmasi bo‘lgan “Bitim yo‘llari” nomli bitikchasi Maorif komissarligi ruxsati bilan 1919-yilda chop etiladi. Ko‘pchilik yosh ziyolilar, o‘qituvchilar “Chig‘atoy gurungi” imlosini yoqlab, ularga ergashadi.
Maorif komissarligi qo‘llagan “Chig‘atoy gurungi” a’zolari tashabbusi bilan Toshkentda 1921-yilning boshida Til va imlo qurultoyi bo‘lib o‘tadi. Qurultoyda eski alifbo-imlo savod chiqarishga, maktab-maorif rivojiga, madaniy taraqqiyotga to‘sqinlik qilayotgani sababli rasmiy isloh etilib, “Chig‘atoy gurungi”ning imlo asoslari qabul qilinadi. Qurultoyda imlo masalasida ziyolilar o‘rtasida fikriy ajralish bo‘ladi. Bu borada ziddiyat yangi imlo masalasi o‘rtaga chiqqan 1919-yildan paydo bo‘lgan edi.
Gurungchilar adabiy til va yozuv masalasida asosan o‘zbek millati manfaati nuqtayi nazaridan ish ko‘rdi. To‘g‘rirog‘i, ular yangi o‘zbek milliy adabiyoti va adabiy tili, ilm-madaniyatini yaratishni maqsad qildi. Yangi adabiyot va adabiy tilni chig‘atoy adabiyotining chin vorisi bilib, uni Alisher Navoiy davridagidek burungi mavqeyiga, shon-shavkatiga qaytarishni, boshqa turkiy tillar uchun ham o‘rnak adabiyot, namuna adabiy til holiga ko‘tarishni istashdi. Faqat buni yangi tarixiy sharoitda, o‘zbek millati nomi bilan bog‘liq ravishda yuzaga chiqarmoqchi bo‘ldilar. “Chig‘atoy gurungi”ning maqsadi Fitratning birinchi Til qurultoyidagi ushbu so‘zlarida yanada yaqqol ko‘rinadi: “Chig‘atoy adabiyoti turli shevali turk adabiyoti orasida eng yuksak, eng muhim o‘rinni tutg‘ondur. Boshqa shevadagi turk adabiyoti bunga ushoqliqlari, buning shogirdliklari bilan maqtanib turalar. Chig‘atoy adabiyoti turk adabiyoti orasida yuksak, yuqori, oliy bo‘lg‘onlig‘in qabul etmak mutlaqo lozimdir… Adabiyotimizning turk adabiyotlari orasida eng yuqori o‘rinda turg‘onidan, tilimizning-da turk tillari orasida yuqori mavqe tutg‘onini chiqarg‘on kabi bo‘ldim”.
“Chig‘atoy gurungi” a’zolari “butun turk urug‘larining tili bir turli bo‘lsin va yozishlari ham bir qoida ostida yozilsin” kabi masalalarni imkonsiz deb bilganidan yolg‘iz o‘zbeklarning “o‘ziga tegishli bo‘lgan shevasida va o‘ziga tegishli sanalgan imlosida o‘qib, yozishlari hamda shul imlo va tilni yalpi shul xalqning o‘ziga qabul etdirish” fikri bilan ish ko‘rdilar. Gurung a’zolaridan Elbek bu haqda shunday yozadi: “1921-yilgi Til-imlo qurultoyiga “Turkistonda bo‘lg‘on turk urug‘larining yolg‘iz o‘zbeklarnigina chaqirmoqchi bo‘ldiq ham bu qurultoyni “O‘zbek qurultoyi” deb atadik”.
Munavvar qori, Musa Begiyev, Ashurali Zohiriy va ularga maslakdosh millatparvarlar Turkiston ozodligi uchun kurash ketayotgan bir sharoitda milliy-madaniy jabhada yolg‘iz o‘zbek millati nomi bilan yo‘l tutilsa, kurashning dushman foydasiga hal bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashdi. Shuning uchun ham ular O‘rta Osiyodagi turkiy xalqlar uchun umumiy bir til, yagona yozuv va adabiyot yaratishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ydilar.
Aslida bu g‘oya Munavvar qori, Ashurali Zohiriy kabi millatparvarlarning maslakdoshi, Turkiston istiqlolchilik harakati g‘oyaviy rahbarlaridan biri bo‘lgan yirik olim va arbob Zaki Validiy tomonidan ilgari surilib, quvvatlanayotgan edi. Bu umumiy til asosida turkiy xalqlarning umum adabiyotini yaratish ko‘zda tutilgan. Validiyning fikricha, “milliy qiymatlar va dostonlar ham faqat qozoq va urug‘li o‘zbek, qirg‘iz, qoraqalpoq guruhlari bo‘yicha yaxshi muhofaza etilganligidan kelajakda milliy adabiyotning ham bu guruhlar atrofida vujudga kelajagi, kent turki, totor va boshqird qabilalarining ularga qo‘shiluvlari o‘z-o‘zidan anglashiladi”.
Til va yozuv masalasi bu davrda ijtimoiy-madaniy sohada muhim siyosiy ahamiyat kasb etayotgani sababli Munavvar qori va uning tarafdorlari hamda “Chig‘atoy gurungi” o‘rtasida alifbo-imlo, adabiy til sohasida jiddiy kurash kechgan.
1922-yil fevral oyida Toshkentda chaqirilgan O‘zbek madaniyati va xodimlarining o‘lka qurultoyi ham til-imlo masalasi tufayli ikki taraf guruh o‘rtasidagi bahs va janjallar bilan o‘tdi. Milliy taraqqiyot omili bo‘lgan maktab-maorif, matbuot-nashr ishlarida turlilik, parokandalik yuzaga keldi. Buning salbiy oqibatini anglagan ziyolilar o‘rtadagi nizoga barham berishga va birlashishga qaror qildilar…
1923-yilning oktyabrida Buxoroda O‘rta Osiyo o‘zbeklarining Til va imlo o‘lka anjumani chaqirildi. Unda yana alifboni isloh qilish, imlo asoslarini ishlab chiqish masalalari ko‘rildi. Konferensiya qarori Turkiston Jumhuriyati maorif komissarligining 1923-yil 18-oktyabrdagi 48-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan. Ta’kidlash kerakki, bu yig‘inda kelgusida alifboni lotinlashtirish fikri ma’qullandi. Bu ishning amaliy tomonlari muhokama qilindi. Turkiy dunyoda qo‘zg‘alayotgan lotinga o‘tish harakati, shuningdek, ziyolilar o‘rtasidagi noahillik sabab Buxoro anjumanidan so‘ng ham yozuvda boshboshdoqlik davom etdi…
Arab yozuvi ma’lum darajada musulmon dunyosi, xususan, musulmon turkiylar birligiga yordam berar edi. Alifboni o‘zgartirish ularni ajratib tashlash uchun qo‘l kelardi. Shuning uchun ham ruslar turkiy xalqlarning arab alifbosidan lotin alifbosiga o‘tishlarini jon deb qo‘llab-quvvatladi va hatto ziyoda rag‘batlantirdi.
Arab alifbosidan lotin alifbosiga o‘tish g‘oyasi dastlab XIX asrning ikkinchi yarmidayoq ozarbayjonlik mutafakkir Mirza Fatali Oxundov tomonidan ilgari surilgan. 1922-yildan boshlab Ozarbayjonda lotin alifbosini joriy etishga doir tadbirlar amalga oshirila boshlandi. Ko‘p o‘tmay bu tashabbus turkiy tilda so‘zlashuvchi xalqlar o‘rtasida keng yoyildi.
1926-yilning 26-fevral – 3-mart kunlari Bokuda Birinchi Butunittifoq turkologiya qurultoyi bo‘ldi. Tadbirda O‘zbekistondan Rahim In’omov, Ashurali Zohiriy, Shokirjon Rahimiy, Elbek, B.Rahmoniy, A.Abdujabborov vakil bo‘lib bordi. O‘zbekistondan yana Sadri Ismoil, Gʻozi Olim Yunusov, Xolid Said Xo‘jayev, Majid Usmonov ham anjumanda maxsus taklif bilan ishtirok etgan. Fitrat bu anjumanga yirik sharqshunos olim sifatida “alohida chaqiruv bilan” taklif etildi. Ammo negadir u anjumanda ishtirok etmaydi…
Lotinlashtirish haqida gap ketganda, bu jarayon mamlakat bo‘ylab qizg‘in tus olganini aytib o‘tish kerak. Rus yozuvini lotin alifbosiga o‘tkazishga tayyorgarlik lotinlashtirish kompaniyasining eng avj nuqtasi bo‘ldi… Biroq rus alifbosini lotin yozuviga o‘tkazish harakati qarshilikka uchrab, inkor etildi. Markaz boshqaruv tizginini qo‘liga tezroq va batamom olishi uchun, sho‘rolar ittifoqidagi barcha xalqlar yozuvining yagona shaklda bo‘lishidan manfaatdor bo‘lgan. Turkiy xalqlarning arab alifbosidan lotin alifbosiga o‘tishlari ularni keyinchalik rus grafikasiga o‘tkazish uchun bir ko‘prik vazifasini o‘tashi lozim edi. Shunday bo‘lib chiqdi ham…
Albatta, o‘zbek tili alifbo va imlosi, adabiy til qoidalarining ishlanishida jadid ziyolilari tomonidan ta’lim bosqichlari uchun yaratilgan turli darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy-publitsistik va badiiy asarlar beqiyos o‘rin tutdi. Taniqli adabiyotshunos Abdurahmon Sa’diy o‘zbek adabiy tilining maydonga kelishi, avvalo, jadid ziyolilarining o‘z ona tillarida kitoblar bostirishi va matbuotni yo‘lga qo‘yishi orqali bo‘lganligini ko‘rsatib shunday yozgan edi: “Uyg‘onish davrida nashrda shuni (adabiy tilni – T.T.) Behbudiy turg‘uzib, Hoji Muinlar, Ashuralilar uni ishlaguchi bo‘ldilar”.
O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “Ona tilim” maqolasida mustabid tuzum sharoitida tilimizni asrab-avaylagan, unga rivoj bergan jadidlar xizmatini chuqur minnatdorlik bilan qayd etadi: “O‘zbek tilining bugungi darajasi, turkiy tillar ichida tutgan mavqei uchun biz ko‘p jihatdan o‘tgan asr boshida yashagan ziyolilarimizdan minnatdor bo‘lishimiz kerak. Ular o‘zbek tilining so‘z yasash imkoniyatlaridan dadillik bilan foydalandilar, xalqda milliy g‘urur, ona tiliga hurmat tuyg‘usini tarbiya qildilar. Hali ruslashtirish siyosati avjiga chiqmasdan ilgari, yuzlab, minglab ruscha va baynalmilalcha so‘zlarni o‘zbekchalashtirib ulgurdilar. Birgina tilshunoslik bilan bog‘liq atamalar qancha! …O‘sha zamon ziyolilarimizning ijodiy jasorati bois biz bugun shunday boy mulkka egamiz”.
Chindan ham Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon kabi o‘zbek adabiyotining yorqin namoyandalari badiiy til bobida o‘ziga xos maktab yaratgan so‘z san’atkorlaridir. Ularning badiiy til mahorati juda ko‘p yozuvchilar uchun ibrat maktabi bo‘ldi. Umuman, bu davr jadid shoir va yozuvchilari o‘z she’riy, nasriy, dramatik, publitsistik va boshqa asarlari bilan o‘zbek adabiy tilining rivoji va boyishiga jiddiy hissa qo‘shdi.
Til – millatning ruhi, uning dunyoda borligining asosiy omili ekanini jadid bobolar ham teran anglashgan. Shu sababli ma’rifatparvar siymolar ona tilini millatga o‘zligini anglatishda, uning qudratini, shon-shuhratini ko‘tarishda, tushkun va tutqun zamonlarda esa ruhiyatini omon saqlash, unga qaytadan kuch bag‘ishlashda zo‘r qurol deb bilganlar. Faoliyatining ilk pallalaridan ona tili uchun qayg‘urgan jadidlar hamisha milliy til uchun kurash maydonida turdilar. Sovet davlati sharoitida ham bu tuzum bergan imkoniyatlardan foydalanib, o‘zbek xalqining milliy manfaatlarini himoya qildi. Ular ona tilining davlat tili bo‘lishi uchun kurashdi. Davlat muassasalarida ish yuritishni o‘zbek tilida olib borish masalasini doim ilgari surdi.
Xullas, Turkiston jadidligining katta avlodi boshlab bergan maktab-maorif, matbuot, teatrchilik, badiiy ijod yutuqlari izma-iz yetishib chiqqan yosh o‘zbek ziyolilari tomonidan munosib davom ettirildi. Zamonning atoqli jadid ma’rifatparvarlari mustamlaka tuzumining tazyiqlariga qaramasdan, o‘z hayotini o‘zbek xalqining milliy istiqloliga, har jihatdan taraqqiy etishiga, ma’naviy kamolotiga, ona tilining ravnaq topishiga bag‘ishladi. Fidoyi qahramonlarimiz xizmati xalqimiz xotirasida doimo e’zozlanadi, albatta.
To‘lqin TOGʻAYEV,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 21-iyun | 26-son


