
Ma’lumki, adabiyotimizning ildizlari eramizdan oldingi asrlarga borib taqaladi. Bu tilda yaratilgan muhtasham nafis so‘z san’ati durdonalari dunyo badiiy tafakkuri xazinasidan o‘zining muhtaram va musallam o‘rnini topgan va jahon ahlining hayrat-u havasiga manba bo‘lib kelmoqda. Bu beqiyos ganjinani tadqiq etish va o‘rganishning qonuniy yo‘sini sifatida tilshunoslik kabi ko‘hna adabiyotshunoslik deyiladigan fan yuzaga kelgan. O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, akademik Naim Karimov o‘zbek adabiyotshunosligiga, uning taraqqiyot-u takomiliga behad salmoqli hissa qo‘shgan va bu ilmning chinakam chinoriga aylangan zahmatkash olimlarimizdan biridir.
Naim aka 1958-yilda O‘rta Osiyo davlat universitetida o‘zbek adabiyoti bo‘yicha aspiranturani tamomlagach, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida kichik ilmiy xodim sifatida ish boshlagan bo‘lsa, uzun va benihoya sermazmun umrining so‘ngigacha uning ilmiy faoliyati asosan shu institut bilan muntazam bog‘liq bo‘ldi. Naim Karimov “Shahidlar xotirasi” xayriya jamg‘armasi rayosati raisi (1999), Mustamlakachilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish komissiyasi raisi (1999), “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyining direktori (2001) etib tayinlanganidan keyin ham institut ilmiy faoliyatidan biror soniya chetda turgani yo‘q, aksincha ilmiy izlanishlari va mashaqqatli ilmiy tadqiqotlarini muntazam va muttasil davom ettirdi. Institut ilmiy kengashining a’zosi sifatida filologiya ilmiga daxldor muammolar muhokamalarida, ular adabiyotshunoslikka oid bo‘ladimi, tilshunoslikkami yoxud folklorshunoslikkami, albatta, o‘zining o‘rinli va foydali taklif-tavsiyalari, ilmiy mulohazalarini bildirar, masalaning yechimi bo‘yicha maslahatlarini darig‘ tutmas edi.
Umuman, Naim Karimov XX asr o‘zbek adabiyotining ulkan bilimdoni, zukko sinchisi sifatida bu davrdagi yuksalish-u evrilishlarni, yorug‘lig-u zulumotlarni hijjalab o‘rgangan va xolis ilmiy xulosalar bera olgan tug‘ma olim edi. U “Purviqor cho‘qqilardan biri” nomli maqolasida quyidagi fikrlarni qayd etadi: “XX asr o‘zbek adabiyoti ko‘p asrlik milliy adabiyotimiz tarixida alohida o‘rinni egallaydi. Shu davrda shunday zabardast shoir va yozuvchilar avlodi yetishib chiqdiki, boshqa biror asrda bunday hayratlanarli hol ro‘y bergan emas”.
Zahmatkash allomaning turli arxiv va muzeylardagi materiallarni qidirib topib, ularni sinchiklab o‘rganib, jadidlar, millatparvar ziyolilar ijodi va faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab chala yoki yanglish ma’lumotlarga to‘kislik va oydinlik kiritganini mamnuniyat bilan ta’kidlamoq joiz. Ana shunday mashaqqatlar mahsuli sifatida yuzaga kelgan qator-qator maqola va boshqa asarlarida tarixiy haqiqatni rost va raso o‘zanlarga solib qo‘ygani ham uning adolat yo‘lidagi bikir va butun jidd-u jahdining bir ko‘rinishidir.
Atoqli amerika adibi Irving Stoun Oksford universitetida “Biografik qissa haqida” mavzusida o‘qigan ma’ruzasida quyidagilarni ta’kidlagan: “Biografik qissa muallifi uchun tarix tog‘ emas, daryodir. Hattoki yangi faktlarni izlab topish imkoniyati qolmagan taqdirda ham, baribir, eski faktlarni yangicha qabul qilish, zamonaviy saviyada talqin etish imkoniyatlari bo‘ladi. Bu yangi talqin esa eski tarixni yangi nur bilan yoritadi va unga yangi ma’no baxsh etadi. Shuni esda saqlash lozimki, biografik qissaning muallifi arxeologga o‘xshaydigan odam, u shunchaki belkurak ko‘tarib olgan odam emas. Uning peshonasidan oqqan ter yoxud qo‘llarining qavargani – bu haqiqiy ishga endigina kirisha boshlaganining oddiy belgisi, xolos. U hali yangi ochilgan materiallarni talqin qilib bermog‘i kerak”.
Shu ma’noda “Usmon Nosir” ma’rifiy-biografik romani Naim Karimovning “Usmon Nosir: hayotiy lavhalar, hujjatlar, rivoyatlar” (1993), “Usmon Nosirning so‘nggi kunlari” (1994) nomli kitoblari asosida qayta yozilgan, juda ko‘p yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan. Demakki, 2022-yilda “Fan” nashriyotida chop etilgan bu ma’rifiy-biografik roman olimning qariyb o‘ttiz yillik ilmiy izlanishlarining, fidokorona, mashaqqatli mehnatlarining samarasidir. Fidoyi va sarhadsiz bilim sohibi boshqa ma’rifiy-biografik romanlaridagi singari bu romanni yaratishda ham tarix qa’rini, unda yashiringan sir-u sinoatlarni oshkor qilmoqqa, chin haqiqatni tiklamoqqa bel bog‘lagan, butun umrini shu ezgu maqsad ro‘yobiga baxshida qilgan, Irving Stoun ta’biri bilan aytganda, arxeologdir.
Romanning muqaddimasida Naim Karimov hech bir iddaosiz quyidagi gaplarni aytib o‘tishni joiz bilgan: “Kamina Usmon Nosir to‘g‘risida ilmiy-ommabop asar yozish uchun shoirning juda ko‘p barhayot zamondoshlari bilan uchrashganman, uning Qo‘qon, Samarqand va Kemerovodagi izlaridan yurganman, uning qatag‘on qilinish tarixi va jarayonini Toshkent, Kemerovo va Moskvadagi arxivlarga borib o‘rganganman”. Romanning birinchi bo‘limidagi olimning quyidagi gaplarida har qanday o‘quvchi qalbini larzaga soluvchi o‘tkir va o‘rinli istehzo va kinoyaning keskir kuchini, yondiruvchi olovini sezmaslik, ko‘rmaslik va ichdan his qilmaslikning imkoni yo‘q. Lisoniy-badiiy ifodaning bu qadar tugalligidan hayratlanmaslik mumkin emas: “Usmonnosirshunoslar” shunday rivoyatnamo gaplari bilan shoir haqidagi haqiqat ustiga yolg‘on ko‘ylag-u yolg‘on to‘nlarni, boshiga esa yolg‘on do‘ppilarni kiydirib tashlaganlarki, natijada Haqiqat janobi oliylarining hatto porloq ko‘zlari ham ko‘rinmay qolgan”. Ko‘rinib turibdiki, zakiy olim va adibning asl va oliy muddaosi “Haqiqat janobi oliylarining porloq ko‘zlarini” adl va raso ko‘rsatishdan iborat.
Olimning bir o‘zi tomonidan (odatda bunday salmoqli asarlar yirik jamoalar tomonidan tayyorlanadi) yaratilgan “Abdulla Qodiriy zamondoshlari” ensiklopediyasi adabiyotshunosligimizni, birinchi navbatda, qodiriyshunosligimizni boyitgan ulkan va muhtasham ishlardandir. Unda Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi bilan u yoki bu darajada bog‘liq bo‘lgan 254 nafar kishining muxtasar tarjimayi holi jamlangan. Bu moʻtabar va muazzam kitobni Naim Karimovning o‘zbek jadidshunosligi tadqiqi va targ‘ibi yo‘lidagi iddaosiz jasorati deyish mumkin. Ushbu asar adabiyot sohasida Davlat mukofoti bilan taqdirlangani ham bejiz emas.
Dangal aytish zarurki, akademik Naim Karimov qalamiga mansub 2000 dan ortiq katta-kichik asarlar uning adabiyot, fan, madaniyat, Vatan va millat taraqqiyoti yo‘lidagi betakror fidoyiligining yorqin shahodatidir. Ana shu shahodat uni, hech bir ikkilanmay, adabiyotshunosligimizning chinakam chinori deyishga imkon beradi.
Nizomiddin MAHMUDOV,
O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori,
filologiya fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 21-iyun | 26-son


