
Mashhur yapon olimi Eyji Mano o‘rta asrlardagi Markaziy Osiyo tarixini Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” va Muhammad Haydar mirzoning “Tarixi Rashidiy” asarlari tadqiqi asosida yaratish mumkinligini “Bobur va uning davri” fundamental monografiyasi
Mashhur yapon olimi Eyji Mano o‘rta asrlardagi Markaziy Osiyo tarixini Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” va Muhammad Haydar mirzoning “Tarixi Rashidiy” asarlari tadqiqi asosida yaratish mumkinligini “Bobur va uning davri” fundamental monografiyasi bilan isbotladi.
“Chig‘atoy va mo‘g‘ullar tarixini tadqiq qilish uchun biz foydalangan asosiy tarixiy manbalar – Boburning “Boburnoma”si hamda Muhammad Haydar mirzoning “Tarixi Rashidiy” asaridir … – deb yozadi u, – Markaziy Osiyo Bobur hayotligida mo‘g‘ul, chig‘atoy, o‘zbek, qozoq hamda uyratlardan tashkil topgan oltoy xalqlariga mansub bo‘lgan kishilarning faoliyatlariga guvoh bo‘lgan… Bobur yashagan XV va XVI asrlarda chig‘atoy va mo‘g‘ullar Markaziy Osiyo tarixida temuriylar saltanati, mo‘g‘ullar saltanati, shuningdek, mo‘g‘ul xonligi kabi nomlar bilan mashhur bo‘lgan buyuk davlatlarning hukmdorlari sifatida katta ahamiyatga ega bo‘lishgan”.
Ha, boy va murakkab tariximizda mo‘g‘ul qardoshlarimizning o‘ziga xos o‘rni borligi ham ilmiy, ham badiiy asarlarda o‘z tasdig‘ini topganini yaxshi bilamiz. Mo‘g‘uliston bilan O‘zbekiston davlatlari o‘rtasida tobora mustahkamlanib borayotgan ko‘p qirrali munosabatlarning teran tarixiy ildizlari bor…
Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston amalga oshirayotgan do‘stona va tinchliksevar tashqi aloqalar qamrovi tobora kengayib borayotganiga butun dunyo afkor ommasi guvoh bo‘lib turibdi. So‘nggi yetti yilda qo‘shni va qardosh xalqlar bilan yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani o‘z samarasini berayotgan bir davrda hamkorlikning ufqlari Sharq tomonga qarab kengayib borayotgani mamlakatimizda siyosiy islohotlarning izchilligi, davomiyligidan dalolat beradi.
O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida yo‘lga qo‘yilayotgan diplomatik aloqalar ham mamlakatimizda olib borilayotgan tashqi siyosatning yuksalishi sari tashlangan yana bir qadam bo‘ldi. Inchunin, bu hamkorliklar natijasida kelajakda hali ko‘p xayrli ishlar amalga oshiriladi.
MO‘G‘ULISTON TA’RIFI
Mo‘g‘uliston – Osiyoning shimoli-sharqiy qismida joylashgan mamlakat. Atigi uch yarim million aholisi bor. Bir qarashda Mo‘g‘uliston O‘zbekistonning imkoniyatlari va maqsadlaridan chetroqda turgan mamlakat o‘laroq ko‘zga tashlanadi. Ammo tarix bizga boshqacha ma’lumotlarni taqdim qiladi.
Mo‘g‘uliston joylashgan hudud Oltoy tog‘larining janubi-sharqiy qismi bo‘lib, bu joylar moziyda oltoy xalqlari, jumladan turkiy xalqlarning shakllanishida muhim o‘rin tutgan sivilizatsiyalar beshigi sanaladi. Moziyga nazar tashlaydigan bo‘lsak, miloddan avvalgi IV asrda vujudga kelgan Xun davlati davridayoq Markaziy va Sharqiy Osiyo o‘rtasida savdo va madaniy aloqalar yuksak darajada bo‘lganini ko‘rish mumkin. Keyinchalik Buyuk Ipak yo‘li orqali savdo madaniy aloqalar rivojlangan. Turk xoqonligi davrida esa bu hududlar yagona davlat hukmronligi ostida birlashgan. O‘sha paytlardan boshlab Oltoy, Soyon, Sibir va Markaziy Osiyoning o‘troq va ko‘chmanchi aholisi ishtirokida mushtarak madaniyat shakllana boshlagan. Aynan shu hududlarda, aniqrog‘i O‘rxun daryosining qirg‘oqlarida turkiylar tarixi bilan bog‘liq juda ko‘plab yodgorliklar saqlangan. Ular orasida To‘nyuquq, Bilga xoqon va Qultegin toshbitiklari, Qoraqo‘rim va Qarabalg‘asun (Ordu baliq) shahar xarobalari butun dunyoga mashhurdir.
O‘tgan yili 12–19-oktyabr kunlari Urganch davlat universiteti va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Xorazm viloyati bo‘limi tashabbusi bilan tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Bekzod Abdirimov rahbarligida amalga oshirilgan ilmiy ekspeditsiya tarkibida Mo‘g‘ulistonda bo‘ldik. Ekspeditsiya maqsadi Mo‘g‘ulistonda joylashgan turkiy toshbitiklar va boshqa tarixiy yodgorliklarni, Chingizxon bosqinidan keyin yurtimizdan olib ketilgan asirlar taqdirini, ular bilan bog‘liq manbalarni aniqlash, o‘rganish va tadqiq qilishga qaratilgan edi. Avvaliga bizning ko‘nglimizda biroz hadik bor edi. Chunki o‘sha paytdagi tasavvurimizda dini va madaniyati mutlaq farq qiladigan xalq orasiga kirib borish, buning ustiga tadqiqot o‘tkazish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydigandek tuyulardi. Ammo bobolarimiz qoldirgan merosni ko‘rishga, yangiliklarni kashf etishga bo‘lgan ishtiyoq g‘olib kelib, Mo‘g‘uliston sari yo‘l soldik. Buni qarangki, biz mingan uchoq Ulan-Batorga qo‘nganda Mo‘g‘uliston Milliy universiteti vakillari bilan o‘zaro muloqot chog‘ida oldingi tumanli tasavvurlarimizdan zarra ham qolmadi.
Mo‘g‘uliston Milliy universiteti qoshidagi Turkologik tadqiqotlar instituti direktori Anxbayar Danu bizga o‘z mamlakati haqida so‘zlab berar ekan, shu yurtning kengliklari qadar bag‘rikeng, sodda va taraqqiyot sari intiluvchan bir xalq ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘la boshladi. Turkologik tadqiqotlar institutida izlanish olib borayotgan turkiyalik olimlar, shuningdek, qozoq mutaxassislari va talabalari bilan hamkorlik qilar ekanmiz, ulardan Mo‘g‘uliston xalqining tolerantligi haqida eshitib, ancha xursand bo‘ldik.
Biz to‘rt kun davomida To‘nyuquq, Bilga xoqon va Kultegin toshbitiklarini ziyorat qildik. Qoraqo‘rim shahrida bo‘lib, Xorazmdan asir qilib olib ketilgan vatandoshlarimiz taqdiri bilan qiziqdik. Keyin Mo‘g‘uliston Milliy universitetining kutubxonasida manbalar bilan tanishdik.
Mo‘g‘ullar Xorazmshohlar davlatini “Sartuul ulusi”, turli sabablar bilan Mo‘g‘ulistonga kelib o‘rnashib qolgan turkiylarni va ularning avlodlarini “sartuul” deb atashar ekan. Bizni izlab ko‘plab sartuullar kelishdi. Ular bilan “sart” so‘zining ma’nosi haqida suhbatlar qildik. Aytishlaricha, ular hamon o‘zlarining asli O‘rta Osiyolik ekanini bilishar va faxrlanishar ekan.
18-oktyabr kuni Mo‘g‘uliston milliy universitetida “Mo‘g‘ul va Xorazm davlati o‘rtasidagi aloqalar tarixi” mavzusida birinchi ilmiy anjuman tashkil etildi. Ikki mamlakat olimlari samarali ishlab, o‘zaro fikr almashdik, ilmiy hamkorlikning keyingi bosqichlari bo‘yicha o‘zaro kelishib oldik.
O‘ylab ko‘rsak, ikki mamlakat olimlari orasida hamkorlikda amalga oshirish zarur bo‘lgan ilmiy tadqiqlar juda ko‘p ekan. Birinchidan, turkiy va mo‘g‘ul tillari oltoy tillar oilasiga mansub. Bundan tashqari, ushbu til oilasi tarkibiga tungus-manjur, koreys va yapon tillari ham kiradi. Taksonomik (taksonomiya – tilshunoslikda lingvistik obyektlar – shevalar, tillar, dialektlar va til guruhlarini tasniflash va tizimlashtirish tamoyillari va amaliyoti haqidagi fan) jihatdan olib qaralsa, bu tillar orasida eng yaqini turkiy va mo‘g‘ul tillari hisoblanadi. Chunki ming yillar davomida turkiy va mo‘g‘ul qabilalari baqamti yashab, mushtarak madaniy muhit yaratishgan. Shu sabab ularda etnik xususiyatlar, folklor, tildagi leksik o‘xshashliklar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Koreys va yapon xalqlari esa keyingi ming yil davomida Osiyoning eng sharqiy qismida o‘rnashib, o‘zga bir madaniyat yaratishgan.
Oltoyshunoslikni ilmiy jihatdan o‘rganish bugungi kun jahon tilshunosligida dolzarb masalalardan biri sanaladi. Ammo o‘zbek tilshunosligi bu borada ancha oqsamoqda. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, mening Mo‘g‘ulistonda tadqiqot olib borayotgan turk qardoshlarimizga havasim keldi. TIKA tashkiloti shu paytgacha ancha eskirib korroziyaga uchragan Bilga xoqon va Kultegin toshbitiklari uchun yopiq muzey barpo qilib, hududini obodonlashtirgan, To‘nyuquq toshbitigi uchun esa muhtasham muzey binosini qurayotgan ekan. Shu yerda, turkiyalik tadqiqotchi Samad Kalyonchi uyg‘ur yozuvining mo‘g‘ul va manjur variantlarini tadqiq qilayotganiga guvoh bo‘ldim. U tadqiqot olib borish uchun mo‘g‘ul tilini o‘rgangan va har zamonda manjurlar bilan ishlash uchun Ichki Mongoliyaga (Xitoyga) o‘tib kelarkan.
Turkiyalik olimlar O‘rxun bitiklari haqida 21 jildlik kitob chiqarishgan. Sotib olmoqchi edik, bu yerda faqat bir nusxa borligini aytishdi. Kitoblar Turkiyada nashr etilgan, o‘sha yoqdan topsa bo‘ladi, deyishdi. O‘rxun yodgorliklari, oltoy xalqlari tili va etnologiyasi bo‘yicha Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston olimlari ish olib borayotganini eshitdik. Ammo ularning orasida, taassufki, o‘zbek tadqiqotchilari yo‘q…
MO‘G‘UL XARAKTERI
Men muloqot jarayonida mo‘g‘ullarning xarakteri va tili bilan ko‘proq qiziqdim va ularning yerga qarab gapirishi, so‘zingizni jim turib eshitishi va keyin odob bilan gapirishini yaponlarga o‘xshatdim. Bir qozoq yigiti bizga yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘ldi. Men undan, “bu yurtda sizlarga musulmon yoki kichik millat sifatida tazyiq yoki kamsitishlar yo‘qmi?” deb so‘radim. “Bular yaxshi xalq”, deb javob berdi qozoq yigiti, “sen ham yaxshi odam bo‘lsang bo‘ldi, dining bilan ishi yo‘q”.
TIL XUSUSIYATLARI
Men dissertatsiyamni yozish jarayonida ko‘plab umumoltoy plastidagi so‘zlar etimologiyasi bo‘yicha tahlillarimni “Rus-mo‘g‘ul lug‘ati”dan foydalanib bajargan edim. Mo‘g‘ulistonda ekanimda, ularni til egalari bilan bevosita tahlil qilish imkoni paydo bo‘ldi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, oltoy tillarini “Rus-mo‘g‘ul lug‘ati”ga tayanib o‘rganish juda jiddiy xatolarga sabab bo‘lar ekan. Chunki mo‘g‘ul tili umumoltoy plastidagi juda ko‘plab so‘zlarni saqlab qolgan bo‘lib, bu so‘zlar mo‘g‘ul tilidan to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘rganilsagina mazmuni o‘zgarmaydi.
Mo‘g‘ul tili turkiy tillarga eng yaqin tildir. Misol uchun, turkiy “q” tovushi mo‘g‘ulchada qattiq “x” shaklida talaffuz qilinadi. Agar shu farqni yodda tutgan holda so‘zlashsak, bu tillarning negizi bir ekanini anglab yetish mumkin bo‘ladi va o‘nlab so‘zlarni tarjima qilish kerak bo‘lmaydi:
Qora – xar
Qoraqo‘rim – Xorxorin
Qo‘ng‘irot – xonxirat
Quda – xodo, qudag‘ay – xodog‘iy.
HAMKORLIK UFQLARI
Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik aloqalarning o‘rnatilishi har ikki mamlakat uchun foydali ekani shubhasiz. Iqtisodiy jihatdan olib qaralsa, Mo‘g‘uliston keskin o‘zgaruvchan iqlim sharoitida bo‘lgani uchun bu yerlarda meva, sabzavot va poliz ekinlari yetishtirish juda qiyin. Ammo go‘sht, sut, jun mahsulotlari tayyorlash va eksportida ancha oldinda. Buni tasavvur qilish uchun Mo‘g‘uliston aholisi uch yarim million, chorva mollarining soni esa 80 mln bosh ekaniga e’tibor qaratishning o‘zi kifoya qiladi. Ammo Mo‘g‘uliston deganda ko‘z oldiga chorvachilik keladiganlar adashadi. Chunki mamlakatning asosiy daromadi tog‘-kon sanoatidan keladi. Urbanizatsiya darajasi juda yuqori va bugungi kunda aholining 65 foizi shaharlarda yashaydi.
Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston ilmiy aloqalar masalasiga kelsak, hozircha ko‘p ish bajarilgani yo‘q. Buning asosiy sababi, albatta, diplomatik aloqalarning yo‘lga qo‘yilmagani bilan bog‘liq edi.
Shunday bo‘lsa-da, bir nechta oliy o‘quv yurtlarimiz, xususan, Urganch davlat universiteti va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Mo‘g‘uliston Milliy universiteti bilan hamkorlik shartnomalarini imzolagan.
Biz Mo‘g‘uliston safaridan qaytganimizdan so‘ng, tarix fanlari doktori, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Xorazm viloyati bo‘limi boshlig‘i Bekzod Abdirimov “Chingizxon bosqini va yurtidan ayrilganlar taqdiri” nomli kitobini chop ettirdi. Urganch universiteti tadqiqotchisi Mardon Hasanov “Mo‘g‘uliston hayratlari: Urganchdan Ulan-Batorgacha” nomli sayohatnoma yozdi.
Joriy yilning 4-6-iyun kunlari Urganch davlat universitetida “Tarix va filologiya sohalarida o‘zbek-mo‘g‘ul ilmiy aloqalari” mavzusidagi xalqaro simpozium tashkil etildi. Unda mo‘g‘ulistonlik olimlar ishtirokida konferensiya, aylana stol va boshqa ilmiy-amaliy tadbirlar doirasida muhokamalar olib borildi.
Ammo hali oldinda qilinadigan ishlar ko‘p. Muammolar ham talaygina…
Birinchidan, Mo‘g‘ulistondagi arxeologik yodgorliklar o‘zbek olimlari tomonidan mutlaqo o‘rganilmagan. Vaholanki, O‘rxun madaniy landshaftidagi asosiy arxeologik yodgorliklar umumturkiy meros sanaladi.
Ikkinchidan, oltoy tillarini o‘rganishga e’tibor bo‘lmagani uchun mo‘g‘ul tili qiyosiy o‘rganilmagan. Lug‘atlar, so‘zlashgichlar yo‘q.
Uchinchidan, ikki xalq o‘rtasida etnik o‘xshashliklar juda ko‘p bo‘lsa-da, etnologik tadqiqotlar olib borilmagan.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida diplomatik aloqalarning yo‘lga qo‘yilishi ko‘plab muammolarning hal etilishini osonlashtirishi tabiiy. Ulan-Bator va Toshkent o‘rtasida uchoq qatnovi yo‘lga qo‘yilsa, imkoniyatlar yanada kengayadi.
O‘ylaymanki, yaqin kunlarda ikki mamlakat olimlari o‘rtasida hamkorlik yanada jonlanadi. Bu, albatta, filologlarimiz uchun yangi ilm ufqlariga yo‘l ochadi. Eng asosiysi, o‘zbek olimlarining qardosh davlatlarning turkologiya sohasida olib borayotgan strategik tadqiqotlariga yanada salmoqli hissa qo‘shishiga, hamkorlikning tag‘in-da kengayishiga cho‘ng imkoniyatlar paydo bo‘ladi.
Anvar BO‘RONOV,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)


