
Alisher Navoiy hayotining eng katta qismini bashariyatni maqsud manziliga yetkazuvchi o‘ziga xos ma’naviy ko‘prik qurishga sarflagani uning betakror asarlarida asrlar osha o‘zini namoyon etib kelmoqda.
Hazrat Navoiyning ushbu ma’naviy ko‘prigi butun insoniyatni ruhan bir-biriga yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Shu jihatdan olib qaraganda, Alisher Navoiy merosini butun boshli dorulfununga qiyoslash mumkin. Bu dorulfunundan saboq olgan kishi bir qator sohalar bo‘yicha keng ma’lumotga ega bo‘lishi bilan birga, mazkur dargohda adabiyotdan tarixga qadar, ilohiyotdan insoniyatga qadar, ishq-u muhabbatdan mehr-u oqibatga qadar, me’morlikdan vatanparvarlikka qadar, san’atdan sevgiga qadar barcha fanlarni kasb etishi muqarrar. Chunki Navoiy serqirra inson, uning tafakkur doirasini esa ma’rifat, shariat, tariqat va haqiqat kabi tushunchalar tashkil etadi. Ushbu to‘rt unsur uning ijodiyotida deyarli bir o‘lchamda o‘z aksini topgan. Shu bois Navoiy jahonshumul o‘zbek/turkiy mutafakkir sifatida tan olingan.
Navoiyshunoslarning e’tiroficha, uning tili va so‘zlari o‘zbeklarniki, ammo tafakkuri va tushunchalari butun olamnikidir. Navoiy o‘zining betakror ijodiyoti bilan ma’naviyat olamida mustahkam ruhiy ko‘prik o‘rnatish bilan birga, moddiy-amaliy ko‘priklar qurishga ham muvaffaq bo‘ldiki, u qoldirgan meros hamon xizmat qilib kelmoqda. Shoirning bunyodkorlik ishlarida ko‘priklar Navoiy faoliyatining bir qismi, xolos. U qurdirgan inshootlar ko‘p. Hazrat Navoiyning Xurosondagi bunyodkorlik faoliyati Afg‘oniston navoiyshunosligining o‘ziga xos qirrasi bo‘la oladi.
Tarixchi olim Vohidi Juzjoniy o‘zining “Alisher Navoiy Foniy” nomli asarida yozishicha, “Alisher Navoiy 1441-yil Hirotdagi “Tulki ko‘prik” yaqinidagi “Davlatxona” bog‘ida dunyoga kelgan. O‘sha kezlarda “Davlatxona” katta bog‘ va hashamatli saroy bo‘lgan. Mazkur bog‘da Sulton Husayn Boyqaroning otasi Amir Gʻiyosiddin Mansur yashagan. Sulton Husayn ham ana shu bog‘da dunyoga kelgan. Bugunga kelib ushbu bog‘ butunlay ekinzorga aylanib ketgan bo‘lsa-da, hozir ham u yerlar “Davlatxona” nomi bilan atalib kelinadi. “Puli tulki” (“Tulki ko‘prik”) Navoiy zamonidan bugunga qadar o‘z o‘rnida mustahkam turib xizmat qilib kelmoqda”.
Alisher Navoiy asarlarida ko‘prik so‘zini haqiqiy va majoziy ma’nolarda ishlatganining guvohi bo‘lamiz. Masalan, “Quyoshning sharqdan g‘arbga moʻtadil harakati, bulutdan botqoqlik yuziga (nurdan) ko‘prik solinmaguncha ko‘zga tashlanmaydi”. Yana bir misol: “Har qachon Gozurgohga Shayx ul-islom ziyoratig‘a borsa ermish, ko‘prikdin o‘tkach kafshin chiqarurki…”. Birinchi misolda Navoiy ko‘prik so‘zini majoziy ma’noda – nurdan yasalgan ko‘prik ma’nosida ishlatgan bo‘lsa, ikkinchi misolda suv ustiga qurilgan haqiqiy ko‘prikni nazarda tutgan.
Ma’lumkim, Navoiyning yirik davlat arbobi, Xuroson mulkining nufuzli amiri sifatida amalga oshirgan xayrli ishlari bugunga qadar insoniyat uchun xizmat qilib kelmoqda. Ul zot qurdirgan xayriya binolardan qadim Xuroson, hozirgi Afg‘oniston va Eron hududida hozirgacha saqlanib qolgan inshootlarni, Gʻiyosuddin Xondamir, Davlatshoh Samarqandiy, Zaynuddin Vosifiy, Faxriy Hiraviy, Som Mirzo kabi mualliflar asarlarida ham uchratish mumkin. Ular bunday xayriya binolar soni 370 dan ortiqligini qayd qilishadi. Som Mirzo o‘z asarlarida Navoiy qurdirgan ko‘priklar soni 15 ta desa, Gʻiyosuddin Xondamir ularni 27 ta deb tilga oladi. Saripul viloyatidagi “Juzjonon ko‘prigi” xalq og‘zaki ijodida “Navoiy ko‘prigi” nomi bilan mashhur bo‘lib, katta tarixiy ahamiyatga molik inshoot hisoblanadi. Juzjonon Xurosonning qadimiy shaharlaridan hisoblanib, buyuk sarkarda Abumuslim Xurosoniy shu yerda dunyoga kelgan. Qadimgi Juzjonon, keyinchalik Anbor yo Anbir nomi bilan atalgan. Xuroson daryosi ushbu hududni sharqiy va g‘arbiy qismlarga bo‘lib qo‘ygan.
Sulton Husayn Boyqaro hokimiyati davrida Anborning sharqiy va g‘arbiy qismlarini bir-biriga bog‘lash maqsadida katta ko‘prik qurishga qaror qilingan. Mazkur ko‘prik Sulton Husaynning buyrug‘iga binoan Alisher Navoiy tashabbusi va bevosita uning ishtiroki asosida pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan. Xalq orasida ushbu ko‘prikni qurishda Navoiyning o‘zi qatnashgan degan gap bor. Shu bois xalq ushbu ko‘prikni “Navoiy ko‘prigi” deb ataydi. Adabiyotshunos olim Muhammad Olim Labibning “Alisher Navoiyning Xurosonda qoldirgan izlari…” maqolasida qayd qilinishicha, mazkur ko‘prik shundan keyin Anbor shahri, Sarpul (forschada – ko‘prik boshi ma’nosida) nomi bilan atala boshlagan. Ushbu ko‘prik haqida folklor ma’lumotlari ham mavjud. Unga ko‘ra, aholi ushbu ko‘prikning 500 yil oldin qurilganini tasavvur qilib, uning atrofidagi chinor daraxtlarni Mavlono Jomiyga nisbat berganlar, ya’ni bu chinorlarni Jomiy ekkan deb hisoblashadi. Lekin mashhur tarixchi Gʻiyosuddin Xondamirning Alisher Navoiy sharhi holi, ilmiy-adabiy va bunyodkorlik asarlari haqida yozgan “Makorimul axloq” (“Yaxshi xulqlar”) kitobining Britaniya muzeyida saqlanayotgan qo‘lyozmasi ko‘rilganda ushbu ko‘prik “Puli Juzjonon” (Juzjonon ko‘prigi) bo‘lib, Mir Alisher Navoiyning xayriya inshootlari jumlasidan ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Amir Alisher Navoiy asarlarida Xuroson mulkining turli hududlarida bino etgan ko‘priklari ro‘yxati quyidagicha: Sepulak ko‘prigi, Tulki ko‘prigi, Soqsalmon ko‘prigi, Childuxtaron ko‘prigi, Tarnob ko‘prigi, Qalandaron ko‘prigi, Qozbonon ko‘prigi, Poyi xoja ko‘prigi, Xayrobod ko‘prigi va to‘g‘oni, Juzjonon ko‘prigi, Nigor ko‘prigi, Qo‘shanj ko‘prigi, Tir ko‘prigi, Nahri arab ko‘prigi, Chaxcharon ko‘prigi, Turuq ko‘prigi va to‘g‘oni.
“Makorimul axloq”da qayd etilishicha, Juzjonon ko‘prigi Sarpul tumanidagi “Obi safed” (Oq suv) daryosi ustiga qurilgan bo‘lib, hozirgacha saqlanib qolgan. Yengil va og‘ir transport vositalari hech bir qiyinchiliksiz uning ustidan o‘ta oladi.
Temuriylar madaniyati davridan bugungi davrimizgacha yetib kelgan bu tarixiy “Navoiy ko‘prigi” shaharning ikki tomonini bir-biriga bog‘lab turuvchi vosita sifatida xizmat qilmoqda. Manbalarda ta’kidlanishicha, ushbu ko‘prik qurilishida ganj shirasi, ohak va somon kuli birga qorilib, uzoq muddat pishitilib, so‘ng kattaligi 24×24, qalinligi 5 santimetr bo‘lgan kvadrat shaklida g‘isht yasab toblashgan. Bunday usulda qurilgan ko‘priklar suv zarbi, yuk bosimi va zilzilaga chidamli bo‘lgan. Hozirda mazkur ko‘prik shimoliy Afg‘oniston (qadimgi Janubiy Turkiston)ning Sarpul viloyatida joylashgan. Navoiy ko‘priklari besh asrdan oshibdiki, xalqqa xizmat qilib kelmoqda.
Azizullah ARAL,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti


