
Insoniyat taraqqiyoti asosini, shubhasiz, ilm-fan, ma’rifat tashkil qiladi. Bizning ajdodlarimiz bu borada dunyoga o‘z so‘zini aytgan va bugun ham ularning munosib izdoshlari bor. Binobarin, Prezidentimiz tashabbusi va rahnamoligida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugungi kunda xalqimizning madaniy, ilmiy-ma’rifiy yuksak salohiyatining yaqqol ifodasidir. Umumiy maydoni 7,4 gektarni tashkil etadigan ushbu muhtasham markaz chin ma’noda Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston g‘oyasini to‘laqonli ko‘rsatib beruvchi, o‘zining mazmun-mohiyatiga ko‘ra esa dunyoda kam uchraydigan mega loyihadir. Mazkur inshootni barpo etishda mohir arxitektor va muhandislar, usta-hunarmandlar, turli yo‘nalishlarda ilmiy faoliyat olib borayotgan olim-u ulamolar, rassom va san’atshunoslar, jamoat vakillari quruvchilar bilan bir tan-u bir jon bo‘lib ish olib borayotganligi alohida tahsinga sazovordir.

Joriy yilning 4-5-iyul kunlari mamlakatimiz olimlari ishtirokida poytaxtimizda o‘tkazilgan “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans poydevori” mavzusidagi forum yurtimiz ilmiy-ma’rifiy hayotida yana bir o‘ziga xos tarixiy voqea bo‘ldi. U boy o‘tmishimiz va milliy-madaniy merosimizni chuqur o‘rganish, ayniqsa, Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan ishlarni har tomonlama tahlil qilish, bu borada ilmiy asosga ega bo‘lgan zarur xulosalar, taklif va tavsiyalar ishlab chiqishda, markaz faoliyatini takomillashtirishda katta ahamiyat kasb etdi.
Ta’kidlash joiz, Yangi O‘zbekistonning ma’naviy qiyofasini aks ettiradigan mazkur markazda bugun ishlar yanada qizg‘in tus olgan. Forumda majmuaning tashqi-ichki me’moriy yechimlaridan tortib, ayniqsa, uning mazmun-mohiyati qanday bo‘lishi, bunda qaysi jihatlarga ko‘proq ahamiyat qaratish lozimligiga yana bir bor e’tibor qaratildi. Yurtimizning barcha hududlaridan jami 500 dan ortiq olimlar, xususan, fan arboblari, akademik-professorlar, diniy soha vakillari, xorijiy ekspertlar, yosh tadqiqotchilar 9 ta shoʻbaga bo‘lingan holda ish olib borishdi.
Bo‘lajak Qur’on zali Islom sivilizatsiyasi markazining qalbi hisoblanadi.
Forumda ushbu yo‘nalishda taqdim etilgan loyihalarni din ulamolari, islomshunos olimlar chuqur muhokama qilishdi. Zal eksponatlarini joylashtirish bilan bog‘liq masalalarni yana bir bor ko‘rib chiqishdi. Shuningdek, forumda “Islomdan avvalgi davrda Markaziy Osiyoning davlatchilik tarixi” mavzusi bo‘yicha foto va video materiallar yaratish, kitob-albomlarni nashr etish, ilmiy ekspeditsiyalar tashkil qilish masalalari bo‘yicha ham qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Islomning Markaziy Osiyoga yoyilishiga bag‘ishlangan shoʻbada esa Markaziy Osiyo olimlarining olamshumul kashfiyotlari, Movarounnahr ilmiy markazlari va boshqa muhim loyihalar olimlarning diqqat markazida bo‘ldi. Bu borada ham nufuzli olimlar tomonidan zarur tavsiyalar berib o‘tildi.

Forumda ta’lim bo‘limi taqdimoti ham o‘ziga xos tarzda bo‘lib o‘tdi. Bu shoʻba yig‘ilishida mashhur diniy sulola – Boboxonovlar kolleksiyasiga oid qo‘lyozma va toshbosma kitoblar katalogini tayyorlash, shuningdek, O‘zbekistonda muzey ta’limi va boshqa muhim loyihalar muhokama etildi. Anjumanda Ilm-fan bo‘limi taqdimotiga ham alohida o‘rin berildi. Unda “Markaziy Osiyo qo‘lyozmalari kodikologiyasi” nomli 10 jildlik to‘plam, temuriylar davri kitoblarining muqovalari, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarida markaziy osiyolik ayollarning o‘rni kabi mavzu va loyihalarning taqdimoti, ularning muhokamasi yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shaharsozlik va me’morchilik tarixi bo‘limiga tegishli shoʻba yig‘ilishida yurtimiz shaharlari va me’morchiligining rivojlanish tarixi, O‘zbekistonning tabarruk ziyoratgohlariga oid integratsiyalashgan elektron portal yaratish tashabbusi ilgari surildi.
San’at va badiiy hunarmandchilik bo‘limi tomonidan esa har bir eksponat, xalqaro landshaft haykaltaroshligi, kulolchilik biyennalesi, turli kitob-albomlar nashri, tanlab olinayotgan loyihalar ilmiy asoslangan aniq reja bo‘yicha shakllantirilib, zamonaviy texnologiyalar asosida namoyish etilishi masalalari muhokama qilindi. Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston hamda An’analar shoʻba yig‘ilishi ham o‘ziga xos bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Har bir olimning taklif-tavsiyalari o‘rganib chiqildi. Sivilizatsiya tarixini davrlashtirish masalalari o‘rtaga tashlandi. Forumda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining 9 ta paviloni bilan birga davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasidagi Innovatsion muzey konsepsiyasi ham olimlar tomonidan ko‘rib chiqildi.
O‘tkazilgan forum va seminarlar davomida ishtirokchilar tomonidan Islom sivilizatsiya markazining ilmiy-tarixiy konsepsiyasi hamda uning tarkibidagi muzey ekspozitsiyasini shakllantirishga bag‘ishlangan jami 50 dan ortiq ma’ruzalar tinglandi. Forumning yakuniy xulosalariga ko‘ra, 600 ga yaqin taklif va mulohazalar bildirildi. Jumladan, Qur’on zali bo‘limini takomillashtirish bo‘yicha jami 44 ta taklifdan 28 tasi ma’qullandi. Shuningdek, ilm-fan ekspozitsiyasiga oid 25 ta, shaharsozlik va me’morchilikka doir 10 ta, san’at va badiiy hunarmandchilik ekspozitsiyasini shakllantirish yuzasidan 31 ta, Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston bo‘limi bo‘yicha 40 ta, ta’lim bo‘limiga oid 42 ta taklif inobatga olinadi.
“Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans poydevori” forumining ikkinchi kuni Simpoziumlar saroyida yalpi yig‘ilish ko‘rinishida davom etdi. Mamlakatimizdagi taniqli fan arboblari, yetuk olimlar, tadqiqotchilar ishtirok etgan ushbu Respublika forumini chin ma’noda O‘zbekistondagi noyob megaloyihaga bag‘ishlangan anjuman deyish mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov forum ishtirokchilarini qutlar ekan, Islom sivilizatsiyasi markazi davlatimiz rahbarining doimiy diqqat-e’tiborida ekanini, ilm ahlining oldida Yangi renessans poydevorini mustahkamlashdek umummilliy va sharafli vazifa turganini alohida qayd etib o‘tdi.
Yalpi majlisdan so‘ng o‘tkazilgan seminarlar bo‘yicha muhokama va moderatorlarning sharhlari tinglandi. Forum natijalari bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tomonidan tayyorlangan yakuniy hujjat muhokama etildi va tasdiqlandi. Anjuman yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans poydevori” mavzusidagi respublika olimlari, yoshlar va jamoatchilik vakillari, forum ishtirokchilarining Murojaati qabul qilindi.
Murojaat yakunidagi: “Biz, Forum ishtirokchilari, Islom sivilizatsiyasi markazini ilm va ma’rifat, yangi g‘oyalar ishlab chiqadigan chinakam aql markaziga aylantirish yo‘lida Sizga yordamchi va ko‘makchi bo‘lib, chin dildan mehnat qilishga, o‘zimizning bor bilim va tajribamiz, iste’dodimizni shunday ulug‘ ishga bag‘ishlashga va’da beramiz”, degan so‘zlar yurtimizdagi barcha olimlar, fan arboblari, ijodkor ziyolilar, yosh tadqiqotchilar, turli soha vakillarining dil izhori sifatida yangradi.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz ilmiy va madaniy jamoatchiligi bir tan-u bir jon bo‘lib, milliy ma’naviyat va ma’rifat ramzi bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazini har tomonlama mukammal milliy va xalqaro talablar doirasida barpo etishga bel bog‘ladilar. Inshootning qurib bitkazilishi va ishga tushirilishini xalqimiz intizorlik bilan kutmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning qariyb to‘rt ming yillik tarixidan so‘zlaydi. Muhtasham donishmandlik uyi vazifasini o‘taydigan bu markazga dunyo ahli havas bilan boqmoqda.
Shuhrat HAYITOV,
“O‘zbekiston tarixi” telekanali direktori,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori


