
Facebookda bir videodan parcha ko‘rib qoldim. Sergelida uch farzandi bilan o‘zini 9-qavatdan tashlagan ayol voqeasi videofilm qilinibdi. Parchada aynan o‘sha bolalarni bitta-bitta derazadan uloqtirish sahnasi aks etgan.
Dahshat! San’atda ham etika degan narsa bor. Lekin unga tupurib qo‘yilibdi. Chinakamiga o‘sha holatni tafsilotlari bilan aynan sahnalashtirishdan maqsad nima? Maqsad agar ezgu bo‘lgan deb ishontirmoqchi bo‘lishsa, ishonmadim, rosti.
Hammaning fikri har xil. Million odam to‘g‘ri xulosa chiqargani bilan bittasi noto‘g‘ri xulosa chiqarib shu ishni takrorlasa, zo‘r rejissura, oliy darajadagi ijro-yu boshqa bahonalar bir pul bo‘ladi bitta bevaqt ketgan inson hayoti oldida.
Misol keltiraman.
Italiyada yosh, chiroyli qiz cherkovning abortni qoralashiga va jamiyatga alohida shaxslar tomonidan sitam o‘tkazilishiga norozilik sifatida o‘zini derazadan tashlaydi. U so‘nggi yo‘lga dabdaba bilan kuzatiladi. Bu TVda namoyish etiladi. Shundan keyin italiyalik qizchalar o‘rtasida binolarning derazasidan va tomdan tashlab o‘zini o‘ldirish ko‘payadi. Bu “qora seriya”ni to‘xtatish uchun davlat barcha choralarni sinab ko‘radi. Ammo samara bermaydi.Kunlardan birida o‘zini o‘ldirishga harakat qilgan qizlardan biri o‘lmay qoladi. Undan nega bunday qilganini so‘rashganda, qizcha: “Axir, ko‘mish marosimlari qanday chiroyli”, deydi!Ya’ni o‘z joniga qasd qilishni ortiqcha tafsilotlar bilan namoyish qilish beixtiyor uning romantizatsiyasiga olib kelishi, kimlardadir havas uyg‘onib qolishi mumkin. Muammoning ildizlarini muhokama qilish kerak, albatta. Biroq dahshat tafsilotlarini ekranlashtirish xavfli.Qolaversa, o‘sha oila a’zolari, marhumlarning yaqinlari haqida ham o‘ylash kerak – insoniylik nuqtayi nazaridan. Dahshatni aynan sahnalashtirib insonlarni yana o‘sha daqiqalarni yashab o‘tishga majbur qilish, majruh qalbiga ozor yetkazish bu – vahshiylik-ku! San’at o‘zini o‘zi tozalashi kerak. Etika kerak, maktab kerak.
Shahnoza SOATOVA Facebook


