
SAROY MULK XONIM (BI BI XONIM) – Chig‘atoy ulusiga mansub bo‘lgan mo‘g‘ul xonlaridan Qozonxonning qizi bo‘lib, 1341-yilda tug‘ilgan. Qozonxon taxtdan azl etilib, qatl qilingan chog‘da Saroy Mulk xonim hali besh yoshda edi.
1370-yilda Saroy Mulk xonim Sohibqiron Amir Temur nikohigakiradi. Zotan, Sohibqiron Amir Temur mazkur Saroy Mulk xonim tufayli “Ko‘ragon” unvoniga musharraf bo‘ladi. “Ko‘ragon” iborasi mo‘g‘ulcha so‘z bo‘lib, “kuyov” degan ma’noni ifodalar edi.
Saroy Mulk xonim xon avlodiga mansub bo‘lgani tufayli haramdagi barcha malikalardan ulug‘ hisoblanib, “katta xonim” (Bibixonim) degan unvonga ega bo‘ldi. Albatta, bunday e’zozga musharraf bo‘lishda aql-zakovat va fikrlash doirasining ulkanligi bosh omildir. Biz tarixiy manbalardan bilamizki, Saroy Mulk xonim oliy himmatli, zamonasining yuksakidrokli,farosatli, tadbirkor va aql-zakovat sohibasi bo‘lgan. Shuningdek, husn-latofat bobida ham benazir bo‘lgan. Saroy Mulk xonim siyosatdon, insonparvar, sahovatli ayol bo‘lib, saltanatni boshqarishda faol ishtirok etgan, mamlakatning ijtimoiy, madaniy hamda qurilish ishlariga, ayniqsa, tolibi ilmlarga homiylik qilgan. Shuningdek, u o‘z zamonasining olimlari, san’at ahllariga g‘amxo‘rlik va homiylik qilib, ilm va fanning rivojiga muhim hissa qo‘shgan.
Sohibqiron Amir Temurning harbiy yurishlarida Saroy Mulk xonim ko‘pincha hamroh bo‘lgan. Muarrixlar guvohlik beradilarki, Amir Temur siyosiy, harbiy ishlarda garchi Saroy Mulk xonimning maslahatlarini pisand qilmagandek ko‘rinsa-da, ammo uning aql-idrokiga, tadbirkorligiga o‘zida qandaydir ehtiyoj sezib turar ekan. Naql qilishlaricha, Amir Temur Eronga harbiy yurish davrida Isfaxonning qamali ko‘pga cho‘zilib, qo‘shinni ozuqa bilan ta’minlashga mablag‘ yetishmay qoladi. Nihoyat, Amir Temur Samarqandga chopar yo‘llab, Saroy Mulk xonimga maktub jo‘natadi. Maktub qisqa bo‘lib, “qo‘shinning zahirasi tugadi, xazinadan zar yuboring!” deyilgandi. Saroy Mulk xonim maktub mazmunidan ogoh bo‘lgach, mazkur maktubning orqa tomoniga “Ulug‘ amir! Zaringiz tugagan bo‘lsa, siyosatingiz ham tugadimu?” deb yozadi va maktubni choparga berib, yo‘lga ravona qiladi.
Amir Temur maktubni olgach, Saroy Mulk xonimning kinoyasini mushohada qilib, muammoli vaziyatdan chiqish yo‘lini topadi.
Amir Temur saroyida joriy qilingan tartibga ko‘ra, chet ellik elchilarni qabul qilish marosimlarida hukmdor yonida uning rafiqalari ham ishtirok qilganlar. Rui Gonsales de Klavixoning yozishicha, 1404-yil 8-sentabr dushanba kuni Amir Temur Samarqand chetidagi “Dilkusho” bog‘ida elchilarni qabul qilgan marosimda Saroy Mulk xonim boshliq boshqa xotinlar ham yuzlariga parda tashlab o‘tirganlar. Ispan qiroli yuborgan hadyalar orasida hukmdorga ayniqsa, qizil movut ma’qul bo‘lgan hamda bu haqda o‘z xotinlari, birinchi navbatda Saroy Mulk xonim bilan fikrlashgan. Shuningdek, 1404-yil 17-oktabr juma kuni Saroy Mulk xonim elchilar sharafiga katta ziyofat bergan. Ushbu ziyofatda boshqa elchilar qatorida ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo ham ishtirok qilgan edi.
Saroy Mulk xonim mamlakatda qurilish va obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etgan. Chunonchi, malika tomonidan Samarqandda qurilgan madrasa XIV asr oxiri va XV asr boshida poytaxtdagi madrasalar orasida eng ulkani va mahobatlisi edi. Madrasaga zamonaning yetuk mudarrislari tayinlanib, ular tolibi ilmlarga diniy va dunyoviy ilmlardan dars berganlar. Saroy Mulk xonim madrasa tolibi ilmlarining ahvolidan tez-tez xabar olib, ularga homiylik qilib turgan. Shuningdek, Saroy Mulk xonim tomonidan madrasa yoniga yana bir inshoot – maqbara qurilgan. Maqbaraning old tomoni rang-barang koshinlar bilan bezatilgan. Maqbaraning ichki qismidagi bezaklarga yashil, qizil va qora bo‘yoklar bilan jilo berilgan. Izoralarga yulduz shaklida ko‘k naqshlar ishlanib koshinli hoshiyalar bilan o‘ralgan. Maqbara dahmasiga tashqaridan maxsus eshik orqali kiriladi. Dahma devorlari ham xilma-xil koshinlar bilan bezatilgan. Dahma ichiga tosh tobut qo‘yilgan.
1408-yilda Saroy Mulk xonim ham vafot etadi va o‘zi qurdirgan madrasa yonidagi maqbaraga tosh tobutga solinib, mo‘miyolanib dafn qilinadi.Sohibqiron Amir Temur Saroy Mulk xonimdan farzand ko‘rmagan. Ammo Sohibqiron o‘z o‘g‘li Shohruh Mirzoni, suyukli nabiralari Muhammad Sulton Mirzo, Xalil Sulton Mirzo, Ulug‘bek Mirzo va boshqa mirzolarni bevosita zukko Saroy Mulk xonim tarbiyasiga topshirgan edi.


