
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan o‘tkazilayotgan “Yilning eng faol ma’rifat targ‘ibotchisi” Respublika ko‘rik-tanlovi nizomi
Umumiy qoidalar:
1. Mazkur nizom ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy sohada samarali faoliyat olib borayotgan targ‘ibotchilar o‘rtasida “Milliy qadriyatlarning eng faol targ‘ibotchisi” Respublika ko‘rik-tanlovini (keyingi o‘rinlarda – ko‘rik-tanlov deb yuritiladi) o‘tkazish tartibini belgilaydi.
2. Ko‘rik-tanlov tashkilotchisi – Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamda Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat va notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hisoblanadi.
3. Ushbu ko‘rik-tanlov ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ta’sirchanligini oshirish, ma’naviyat sohasidagi ichki va tashqi tahdid hamda xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, jamiyatda mafkuraviy immunitetni mustahkamlashga qaratilgan ustuvor vazifalarni sifatli amalga oshirishga yo‘naltirilgan.
4. Ko‘rik-tanlovni yuqori saviyada o‘tkazish uchun Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tanlovga taqdim etilgan ilmiy-ijodiy ishlarni ko‘rib chiqish, tanlov komissiyasi ishini tashkil etish va g‘oliblarni aniqlab, ularni taqdirlash bo‘yicha, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining hududiy bo‘lim va bo‘linmalari, jamiyatning hududiy bosh mutaxassislari tanlovga oid tashkiliy-amaliy ishlar bo‘yicha mas’uldirlar.
5. Ko‘rik-tanlov yilda bir marta o‘tkazilib, uni o‘tkazish muddati Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbariyati hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati faollaridan shakllantirilgan Respublika tashkiliy komissiyasi tomonidan belgilanadi.
6. Ko‘rik-tanlovda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari hamda o‘ttiz yoshdan yuqori ma’naviy-ma’rifiy sohada ijodiy-amaliy tajribaga ega bo‘lgan fan, madaniyat, san’at xodimlari, shuningdek, jamiyatning boshqa sohalarida faoliyat yuritayotgan, ta’sirchan notiqlik qobiliyatiga ega O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etadilar.
7. Ko‘rik-tanlovda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar ishtirok etishi mumkin emas.
8. Tashkiliy qo‘mita tanlov nizomiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish huquqiga ega.
II. Ko‘rik-tanlovning maqsadi
2023-yil 22-dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilish bayoniga asosan “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari o‘rtasida “Yilning eng faol ma’rifat targ‘ibotchisi” tanlovini o‘tkazish belgilangan.
Ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar mazmun-mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini tizimli va izchil amalga oshirish, bu borada keng jamoatchilik, olimlar, mutaxassislar, ijodkor ziyolilarning rolini yuksaltirish, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, muqaddas an’analarimizning hozirgi hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini har tomonlama ochib berishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini samarali olib borish, ma’naviy-ma’rifiy sohada ish yuritayotgan faol, izlanuvchan targ‘ibotchilarni munosib rag‘batlantirib borish ko‘rik tanlovning asosiy maqsadi hisoblanadi.
III. Ko‘rik-tanlovning vazifalari
- mamlakatimizda jamiyat hayotining ma’naviy-ma’rifiy asoslarini mustahkamlash, zamonaviy milliy istiqlol g‘oyasining asosiy tamoyillarini hayotga keng joriy etish, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun daxldorlik va mas’uliyat hissini oshirish, yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga yo‘naltirilgan targ‘ibot tizimi faoliyatini takomillashtirish;
- aholi o‘rtasida faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, jamiyatda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan, demokratik tamoyillarni qaror toptirishga ko‘maklashuvchi targ‘ibotchilarni qo‘llab-quvvatlash;
- mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy islohotlarning, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka samarali yetkazish;
- oila, mahalla, ta’lim muassasalari va mehnat jamoalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishga qaratilgan faoliyatda ishtirok etish, bu jarayonda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;
- aholining ijtimoiy-ma’naviy hayotida bunyodkorlik g‘oyalarini kuchaytirish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik muhitini yanada mustahkamlash;
- tinchlik va osoyishtalikka, mamlakatimizning barqaror taraqqiyotiga, qadriyat va urf-odatlarga hamda insonparvarlik g‘oyalariga xavf soluvchi “Ommaviy madaniyat” hamda ichki va tashqi tahdidlarga qarshi samarali targ‘ibot ishlarini olib borish;
- targ‘ibot-tashviqot ishlarida aholining hududiy, kasbiy hamda yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda mutanosib, maqsadli va mazmunli yondashuvni joriy etish;
- yetuk malakali, fidoyi, mas’uliyatli, vatanparvar targ‘ibotchilarni saralash va moddiy-ma’naviy rag‘batlantirib borish.
IV. Ko‘rik-tanlovni o‘tkazish bosqichlari, muddatlari va tartibi
4.1. Ko‘rik-tanlov 3 bosqichda tashkil etiladi:
I bosqich. 2024-yil 1-oktabr - 2024-yil 20-oktabr. Hududiy komissiya tomonidan shahar, tuman kesimida hujjatlarni qabul qilish, saralash va keyingi bosqichga 3 nafardan nomzod tavsiya qilish.
II bosqich. 2024-yil 21-oktabr — 2024-yil 10-noyabr. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar kesimida nomzodlar hujjatini o‘rganish va tanlov asosida respublika bosqichiga 1 nafardan nomzod (birinchi o‘rin g‘olibini) tavsiya qilish.
III bosqich. Respublika bosqichi 2024-yil 11-noyabr — 2024-yil 8-dekabr. Respublika komissiyasi tomonidan hujjatlarni o‘rganish va eng dolzarb targ‘ibot materiali namoyishi asosida tanlov g‘oliblarini aniqlash.
4.2. 2024-yil 9-10-dekabr. Ko‘rik-tanlov g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimini o‘tkazish va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish.
V. Tanlovga taqdim etiladigan hujjatlar
5.1. Ko‘rik-tanlovda ishtirok etish uchun talabgorlar tomonidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hududiy bo‘limlariga quyidagi hujjatlar topshirilishi lozim:
- ishtirokchi anketasi;
- “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati raisi nomiga ariza;
- ish joyidan ma’lumotnoma;
- joriy yilda ishtirokchi tomonidan o‘tkazilgan onlayn ma’naviy-ma’rifiy chiqish (seminar-trening, ma’ruza va boshqa)lar videosi;
- ma’ruza matni, taqdimotlar;
- qo‘lga kiritgan yutuqlari haqida ma’lumotnomalar;
- ma’naviy-ma’rifiy soha bo‘yicha olib borgan ilmiy ishlari ro‘yxati (tasdiqlangan holda);
- faoliyat olib boruvchi tashkilot rahbariyati tavsiyanomasi.
VI. Ko‘rik-tanlov g‘oliblarini aniqlash hamda saralash mezonlari
6.1. Ko‘rik-tanlovni tashkil etish va o‘tkazish uchun tashkiliy qo‘mita va 5 nafardan kam bo‘lmagan sohaning malakali mutaxassislaridan iborat hakamlar hay’ati shakllantiriladi.
6.2. Hakamlar hay’ati tomonidan tasdiqlangan talablar bo‘yicha yuqori ballga ega bo‘lgan ishtirokchi ko‘rik-tanlov g‘olibi sanaladi.
6.3. Ko‘rik-tanlov g‘oliblarini saralash mezonlari:
- Ko‘rik-tanlovning maqsad va vazifalari asosida tayyorlangan videoroliklar (targ‘ibotchining o‘zi ishtirok etgan bo‘lishi lozim);
- ijtimoiy tarmoqlar(facebook, telegram, instagram)dagi faolligi;
- turli xil saytlar va bosma OAVlarda chop ettirgan maqolalari soni;
- OAVlardagi chiqishlari (soni va mavzuning ahamiyatlilik darajasi inobatga olinadi);
- ijtimoiy tarmoqlarda ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi turli xil fikr-mulohaza va maqolalarga faol munosabat bildirish qobiliyati (bildirgan munosabatlari elektron va qog‘ozga chiqarilgan holda hujjatga ilova qilinadi);
- onlayn targ‘ibot ishining dolzarbligi;
- mavzuni yoritishga ilmiy yondashilganlik va tinglovchilarga manzur kelganlik (layk bosganlar soni hisobga olinadi) darajasi;
- onlayn targ‘ibot ishida metodik yondashuv, zamonaviy usul va uslublardan foydalanganligi;
- onlayn targ‘ibot ishi mavzusi bo‘yicha ilmiy-ommabop, o‘quv-metodik hamda internet materiallaridan foydalanilganligi;
- onlayn chiqishlarning geografik darajasi (xalqaro, respublika, shahar, tuman miqyosida).
6.4. Ko‘rik-tanlov qatnashchisi yuqoridagi 8 ta mezon bo‘yicha har bir komissiya a’zosi tomonidan 10 ballik tizimda baholanadi.
VII. Tanlov g'oliblarini taqdirlash
7.1. Ko‘rik-tanlovning I o‘rin g'olibi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari tomonidan imzolangan “Yilning eng faol ma’rifat targ‘ibotchisi” ko‘rik-tanlovi oliy darajali faxriy diplomi, 15 mln so‘m pul mukofoti, qimmatbaho sovg‘a va “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.
7.2. Ko‘rik-tanlovning II o‘rin g'olibi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari tomonidan imzolangan “Yilning eng faol ma’rifat targ‘ibotchisi” ko‘rik-tanlovi II darajali faxriy diplomi, 10 mln so‘m pul mukofoti, qimmatbaho sovg‘a hamda “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.
7.3. Ko‘rik-tanlovning III o‘rin g'olibi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari tomonidan imzolangan “Yilning eng faol targ‘ibotchisi” ko‘rik-tanlovi III darajali faxriy diplomi, 5 mln so‘m pul mukofoti, qimmatbaho sovg‘a hamda “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.
7.4. Ko‘rik-tanlov bosqichlari bilan bog‘liq jarayonlar ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati internet sahifalari va saytida e’lon qilib boriladi.


