
Tarixchi Bahrom Irzayevni aytishicha, 1938-yilning 28-mart kuni Stalin, Molotov, Kagonovich, Voroshilovlar rahbarligida Oʻzbekistondagi siyosiy elitadan 165 kishini qatagʻon qilish haqidagi roʻyxatga qoʻl qoʻyiladi. Mana shu roʻyxat asosida 4-7-oktyabr kunidagi fojialar roʻy berdi.
155 kishi otuvga, 10 kishi mehnat tuzatish lageriga hukm qilinadi. Xudoybergan Devonov, Choʻlpon, Fitrat, Otajon Hoshim, Abdulla Qodiriy, Anqoboy, Akbar Islomov, Isroil Ortiqovlar 4-oktyabr kuni otib tashlandi. 5-oktyabr kuni esa allaqachon otib tashlangan insonlar goʻyoki “sud qilinadi”.
4-oktyabr kuni shunchalar koʻp odam otiladiki, Abdulhamid Choʻlponga kelganda hatto oʻqlar tugaydi, otuvchilarning oʻzi ham charchab qoladi. Choʻlponga seni ertaga otamiz deganida, u: “Bu insonlar yoʻq dunyoda bir nafas ham yashashni istamayman, meni hozir otasizlar”, deb turib olgani uchun uning boshini bolta bilan chopib oʻldirishadi…


