
Shuhrat domla o‘zbek xalqining zabardast adibi, el sevgan shoiri va dramaturgidir. Shoir asarlari nafis lirizmi, qahramonlar ruhiy olamini yorqin ifodalaganligi, his-tuyg‘ularining samimiyligi bilan o‘quvchilar qalbini rom etgan. Uning asarlari xalqimiz ma’naviyati va ma’rifatining ko‘zgusi sifatida ahamiyatlidir.
“Ozod qalb”. Ushbu qissa orqali yozuvchi hibsda bo‘lsa-da kitobxon ko‘z o‘ngida o‘zini mardona tutgan, g‘animlarga bo‘ysunmagan, ozod qalb sohibi sifatida qiynog‘-u uqubatlarni sabot ila yenggan inson o‘laroq namoyon bo‘ladi. Kitobning qimmati shundaki, muallif Mirzo Kenjabek voqealarni 1988-yilda bevosita adib tilidan yozib olgan. Asarda turli qahramonlarning hayoti va ularning ichki kechinmalari badiiy ifoda topgan. Ularning har biri zo‘ravon tuzum kasofatlari sababli boshiga tushgan ko‘rgiliklarni, yo‘qotishlarni va hayotiy sinovlarni yengishga intiladi. Ularni bir jihat – adolat tantanasiga bo‘lgan ishonch birlashtiradi.
O‘zbek adabiyotida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan zamonaviy adiblardan biri Mirzo Kenjabekning bu asari real voqealarga asoslangani va o‘sha mudhish kunlarga guvoh bo‘lgan yurtdoshlarimiz oramizda borligi bilan ham o‘quvchilarda mushohada uyg‘otadi. Bu kitobda ruhiy ozodlik masalasi chuqur tahlil qilinadi.
Ushbu qissada O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shuhratning mashaqqatli hayoti bilan birgalikda, yigirmanchi asrning elliginchi yillari boshida yurtimizning bir qancha ko‘zga ko‘ringan adiblari hibsga olinishi, ular maxfiy sud qilinib, uzoq muddatlarga surgunga jo‘natilishi ham aks ettirilgan. Ayanchli tomoni shundaki, hukm ham, surgun joyi ham sir saqlangan, hech kimga aytilmagan. Istiqlol yillarida bu adiblar oqlanib, xizmatlari haqli taqdirlandi, hurmatlari rasman o‘rniga qo‘yildi.
Insofdan libos kiy, hamiyatdan toj,
Ezgulik qo‘lingda bo‘lsin bayrog‘ing.
Poklik dengizida dadil ot quloch,
Haqiqat bo‘lg‘usi suyangan tog‘ing!
Yozuvchi o‘z qahramonlari orqali inson qalbining turli holatlarini, uning ichki kurashlari va umidlarini tasvirlaydi. Har bir qahramon o‘z hayoti, sevgisi va kelajagi haqida chuqur o‘yga cho‘madi.
– Asardagi voqealar garchi bir adib tilidan aytilgan bo‘lsa ham, bir davrning fojiasini o‘zida jamlagan haqiqatlardir, – deydi Mirzo Kenjabek. – Kitob “Ozod qalb” deb bejiz nomlanmagan. Chunki Shuhrat aka garchi mustamlaka zamonida, og‘ir tazyiqli zulmlar davrida yashagan bo‘lsa ham, qalbi ozod shaxs edi. Dastlab uni “O‘tmagan kunlar” deb nomlagandim. Lekin keyin Shuhrat akaning shaxsiyatiga yarashadigan, u zotning qalbi ozodligini anglatadigan, “Ozod qalb” va ostsarlavha “Yozuvchi Shuhratning hibsdagi hayoti” nomini ma’qul topdim.
Asar qahramonlari bir xil emas, har biri o‘z hayoti, orzulari bilan bir-biridan farq qiladi. Masalan, bir qahramon sevgi izidan ketadi, ikkinchisi esa o‘z ichki dushmanlari bilan kurashadi. Ular qo‘yilgan to‘siqlardan o‘tishga intilishadi.
Bu kitob o‘zbek xalqining ulug‘ adibi “Shuhratning hibsdagi hayoti” deb nomlangani bilan, bu butun o‘zbek xalqining qatag‘on davridagi fojiasini, sovet davridagi ko‘p millatning asl ma’nodagi hibsdagi hayotini namoyon etgan.
Bahora AHMEDOVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari maslahatchisi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 4-oktyabrdagi 41-sonida


