
Joriy yilning 3-15 – dekabr kunlari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda qator tashkilotlar bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” mavzusida “Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy va madaniy targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tadi.
Ko‘zlangan maqsad:
- Davlatimiz rahbarining joriy yil 18-20-noyabrdagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisida, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan majlisidagi nutqi mazmun-mohiyatini ziyolilar ishtirokida keng ommaga yetkazish;
- Yangi O‘zbekistonning bugungi va ertangi taraqqiyotini barpo etish, yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilgan ishlar, oldimizda turgan muhim vazifa va maqsadlar, keng qamrovli islohotlar xususida to‘liq ma’lumot berish va ziyolilar o‘rtasida keng targ‘ib etish;
- Aholi, xususan yoshlarga “O‘zbekiston–2030” strategiyasining mazmun-mohiyatini tushuntirish;
- Buyuk ajdodlar merosini asrab-avaylash, o‘rganish va ommalashtirish, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglikni ta’minlash, yurtdoshlarimizning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlash;
Ziyolilar – har bir mamlakatning harakatlantiruvchi kuchidir. Yurt yetakchisi ta’kidlaganidek: “Ilg‘or yoshlarga, jonkuyar ziyolilarga, Vatan ravnaqi yo‘lida birlashgan xalqqa ega bo‘lgan davlatgina o‘z milliy manfaatlarini ta’minlashga erisha oladi.” Shu jihatdan “Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy va madaniy tadbirlarining o‘ziga xos jihati shundaki, hududlardagi olimlar, ziyolilar, san’at va madaniyat namoyondalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ullar, mahalla faollari hamda ilg‘or yoshlarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, mamlakatimizning milliy-mafkura yo‘nalishidagi islohotlari, jamiyatni, ayniqsa yoshlarni buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilishda ziyolilarni faollikka undash, ular uchun muloqot platformasini yaratishdan iborat.
Aynan ziyolilarni mazkur ishga keng jalb qilish orqali, xalqimiz orasida o‘zlikni anglash va tarixiy ildizimizga oid bilimlarni oshirish maqsad qilingan.
“Ma’rifat karvoni” loyihasi doirasida:
“Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlari” mavzusida ziyolilar forumi
“Yangi O‘zbekiston – islohotlar falsafasi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari
“Zamonaviy yoshlar – taraqqiyot drayveri” mavzusida ilm-fan va innovatsiyalarga bag‘ishlangan mahorat darslari tashkil etiladi.
Bundan tashqari “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan hamkorlikda xorijdagi vatandoshlarimiz ishtirokida qator madaniy-ma’rifiy loyihalar amalga oshiriladi.
Mazkur keng qamrovli tadbirlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining jamiyatimizdagi o‘rnini ilmiy asosda ochib berish, Ilm-fan, ma’naviyat, madaniyat va san’at sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning ilmiy tahlili va bu jarayonda ziyolilarning rolini yanada oshirish, kreativ iqtisodiyot, innovasion g‘oyalar tarmog‘ini rivojlantirish hamda “Mahalla yettiligi” faolligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.


