
O‘zbek shoirasi Xosiyat Rustamovaga Ozarboyjon Respublikasining davlat mukofoti — “Diaspor faoliyatidagi xizmatlari uchun” (“Diaspor fəaliyyətində xidmətə görə”) medali bilan taqdirlandi.

Mazkur mukofot Ozarbayjon Respublikasi bilan aloqalarni mustahkamlash, xalqaro maydonda ushbu qardosh mamlakat haqida ob’ektiv ma’lumotlarni tarqatish, Ozarbayjon tili va madaniyatini xorijiy mamlakatlarda targ‘ib qilish, shuningdek, Ozarbayjonning xalqaro ikki va ko‘p tomonlama aloqalarini rivojlantirishda samarali faoliyat ko‘rsatgan shaxslarga beriladi.
"Xosiyat Rustamova Ozarbayjon madaniyatini targ‘ib qilish, Qorabog‘ haqiqatlarini turkiy dunyo hamjamiyatiga yetkazish, xalqlarimiz orasida adabiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashda keng ko‘lamli faoliyati bilan ajralib turadigan madaniyat vakillaridan biridir. Xosiyat Rustamova o‘zi rahbarlik qilayotgan “Kitob dunyosi” gazetasi orqali qardosh xalqlarimiz orasida adabiy aloqalarimiz yanada ravnaq topishi uchun mislsiz hissa qo‘shdi. Mazkur nashr iste’dodli ozar adiblari va madaniyat vakillarining ham targ‘ibot minbariga aylandi", deb yozadi Bizmyazi.az sayti.
—Shoiraning Qorabog‘ mavzusiga bag‘ishlangan “44 kun”, “Ismi lola edi u qizning” nomli kitoblari, ayniqsa, diqqatga sazovor, – deb e’tirof etadi Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi kotibi Salim Bobullo o‘g‘li.
Ma'lumot uchun, shoira 2019-yildan boshlab Ozarboyjon Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi hisoblanadi.


