
Etiket qoidalari odamlarni adashtirish yoki asabiylashtirish uchun o‘ylab topilmagan. Aksincha, qoidalarga amal qilish, har qanday vaziyatda ham o‘zingizni qulay his qilishga yordam beradi.
Etiket qoidalari odamlarni adashtirish yoki asabiylashtirish uchun o‘ylab topilmagan. Aksincha, qoidalarga amal qilish, har qanday vaziyatda ham o‘zingizni qulay his qilishga yordam beradi.
Etiket qoidalarini bilish va ularga amal qilish nafaqat sizning, balki, atrofingizdagi insonlarning ham hayotini yengillashtirishga ko‘maklashadi. Oxirgi o‘n yillik ichida texnologiyalar va ijtimoiy tenglik oshib borgani sababli ham ba’zi qoidalar keskin o‘zgardi, ba’zilari esa mutqalo eskirdi. Quyida esa sizga har qanday vaziyatda o‘zingizni qulay his qilishingiz uchun yordam beruvchi etiketga oid 5 qoidani keltirib o‘tamiz.
Vizual aloqa qiling yoki salomlashing
Supermarket yoki qahvaxonaga kirganingizda, taksiga chiqqaningizda salom berishni kanda qilmang. Sizga qahva tayyorlayotgan yoki manzilingizga yetkazib qo‘ymoqchi bo‘lgan inson ham ijtimoiy shaxs hisoblanadi. Etiket bo‘yicha ekspert Jihan Myurrey-Smitning aytishicha, salomlashish yoki vizual aloqa kabi mayda ko‘ringan ishlar kimningdir kayfiyatini ko‘tarishga xizmat qilishi mumkin. Bularni e’tiborsiz qoldirmaslik kerak.
Kimdir bilan salomlashish uchun o‘rningizdan turing
Agar siz o‘rningizdan tursangiz, jamoangizga kelib qo‘shilgan insonga nisbatan hurmat ko‘rsatgan bo‘lasiz. Bu qoida barcha holatlarga tegishli: qahvaxonada do‘stlaringiz bilan o‘tirgan bo‘lsangiz ham, hamkasblar bilan tushlik paytida ham, uyingizdagi bayramlarda yoki siz o‘tirgan restoranda tanishingiz paydo bo‘lishi bilan o‘rningizdan turib salomlashing. Qizlar ham o‘rindiqlariga bemalol joylashib olmasliklari kerak, chunki ijtimoiy hayotda ayollarning roli ham o‘zgargani uchun ushbu qoida qayta ko‘rib chiqilgan va qizlar ham boshqalar kelganida turib salomlashishlari kerak.
Mehmonga quruq qo‘l bilan bormang
Mezbonlarda yaxshi taassurot qoldirishingiz va yana taklif qilinishingiz uchun hech qachon mehmonga quruq qo‘l bilan bormang. Bu do‘stlarga ham taalluqli. Hech nima olib bormasligingizni talab qilsalar ham hech bo‘lmaganda, shirinlik, pitsa, mevalar yoki gul ko‘tarib boring. Xarajat katta bo‘lmasligi mumkin, ammo, mezbonga bu yoqishi aniq.
Suhbat paytida telefon ishlatmang
Telefonni ijtimoiy davralarda, hatto oila a’zolaringiz bilan bir davrada o‘tirganda ham ishlatmang. Agar siz suhbat paytida telefonni olib kimdir bilan yozishsangiz bu taxminan shunday ko‘rinadi: men telefonda yozishayotgan inson sizdan muhimroq.
Agar kimgadir zudlik bilan qo‘ng‘iroq qilishingiz yoki xabar yuborishingiz kerak bo‘lib qolsa, suhbatdoshingizdan uzr so‘rang va tashqariga chiqing. Qaytganingizda esa, telefonni cho‘ntagingizga yoki sumkaga soling. Stol ustiga qo‘ymang.
Qo‘pollikka qo‘pollik bilan javob qaytarmang
Sizga qo‘pollik qilgan insonga qo‘pollik bilan muomala qilmang. Barchamiz ham insonmiz va barchamizda ham yomon kunlar bo‘lishi mumkin. Bunday paytda insonlar bir-birlarini tushunishlari va hamdardlik bildirishlari juda muhim hisoblanadi. Shunchaki tabassum qilish va xayrli kun tilashning o‘zi yetarli. Shu bilan birga kimdir biror so‘zni noto‘g‘ri qo‘llasa yoki urg‘uni boshqa harfga qo‘yib gapirsa, u yaqin insoningiz bo‘lsagina uni to‘g‘rilashingiz mumkin. Begonalar yoki uncha yaqin bo‘lmagan insonlaringiz bilan esa bu vaziyatda aql o‘rgatishdan o‘zingizni tiyishingiz kerak.


