Sizlarga bugungi brifingda 2025-yilning yanvar–mart oylari davomida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondining moliyaviy ko‘magi asosida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot beramiza.
Joriy yilning dastlabki choragida “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati faoliyatini yana takomillashtirish bo‘yicha ekspertlar ishtirokida jamiyat Nizomi, tashkiliy tuzulmariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Shu bilan birga jamiyat a’zolari tarkibining yangi elektron bazasi shakllantirilib, ilm-fan, madaniyat-san’at namoyandalari, ziyolilar, shoir va yozuvchilar a’zolikka qabul qilinib jami jamiyat a’zolari soni 1500 nafarga yetkazildi.
Jamiyat a’zolari ishtirokida davlat bayramlari, muhim sanalar va buyuk siymolar tavallud kunlari munosabati bilan vazirlik, idora, korxona va tashkilotlarda 180 dan ortiq “Ma’rifat soati” tashkil etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida farzandlari turli sohalarda katta yutuqlarga erishgan, xalqaro fan olimpiadalari va sport musobaqalarida yuqori o‘rinlarni egallagan 23 nafar onalarga “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni topshirildi. Shuningdek, “Ayolga ehtirom!” loyihasi doirasida 1500 nafardan ziyod xotin-qizlar ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
“Yashil makon” loyihasi doirasida Toshkent viloyati, Nurafshon shahrida 50 nafar olimlar, yozuvchi-shoirlar, san’atkorlardan iborat ziyolilar guruhi tomonidan “Ma’rifat bog‘i” tashkil etilib, 200 tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tkazildi.
Joriy yilning 27 - 28-mart kunlari O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatida “Kinokarvon” tadbirlari o‘tkazildi. Mazkur kinokarvon loyihasida madaniyat, san’at namoyandalaridan iborat targ‘ibot guruhi a’zolari ishtirok etib, 2 500 nafardan ziyod aholi qamrab olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi “2025-yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ijrosini ta’minlash maqsadida o‘z mehnati bilan kambag‘allikdan farovonlikka erishgan oilalarning ijobiy tajribalarini ommalashtirishga qaratilgan “Farovon hayotga ilk qadam” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida Farg‘ona va Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida amaliy seminar-treninglar, turli targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda.
Har juma kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 208 ta tuman va shahar bo‘limi xodimlari uchun jamiyat a’zolari ishtirokida o‘quv seminarlari muntazam ravishda tashkil etilmoqda.
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan joriy yilning o‘tgan davri davomida Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham faol chiqishlar amalga oshirildi. Jumladan, jamiyatimizda ijtimoiy faollikni oshirish, shaxsiy ishonchni kuchaytirish, ish va o‘qishda intizomlilik ko‘nikmalarini shakllantirish, yurt kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish, islohotlar mazmun mohiyatini xalqimizga yetkazish, kitobxonlik, sog‘lom turmush tarzi, ma’rifatli oila tushunchalarini keng targ‘ib etish maqsadida “Munosabat”, “Ustoz”, “Tavsiya etamiz” loyihalari doirasida 100 dan ziyod audio, video, animatsion grafik videokontentlar tasvirga olindi va ijtimoiy tarmoqlarda yoritilib kelinmoqda.
Shu bilan birga bugungi kunning dolzarb ijtimoiy mavzulariga bag‘ishlab jamiyat a’zolari tomonidan 20 ga yaqin maqolalar tayyorlandi va “Yangi O‘zbekiston”, “Xalq so‘zi”, “Jadid”, “Vatanparvar”, “Milliy tiklanish”, “Jamiyat” gazetalarida chop etildi. “O‘zbekiston 24”, “Sevimli”, “Mening yurtim”, “Mahalla”, “Madaniyat va ma’rifat” telekanallari orqali jaimiyat a’zolari ishtirokida 50 dan ortiq ko‘rsatuv, telelavha va intervyular efirga uzatildi.
Ayni kunlarda Mamlakatimizda 9-may – Xotira va qadrlash kunini keng nishonlash, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaga hissa qo‘shgan urush va mehnat faxriylariga hamda Vatan ravnaqi, taraqqiyoti va uning himoyasi uchun kurashgan buyuk ajdodlarimizga alohida e’tibor va chuqur ehtirom ko‘rsatish, shuningdek mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari xotirasini ulug‘lash maqsadida “Ehtirom” loyihasi o‘tkazilmoqda.


