
Namangan viloyat hokimining viloyatda 2025-yil yoz mavsumida “DOLZARB 90 KUN” doirasida mahallalarda, ta’lim muassasalari, bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish oromgohlarida “Ma’rifatli shaxs - millat tarbiyachisi” shiori ostida “Uychi tumani tajribasi” sifatida “Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi.
Mazkur seminar Uychi tumanidagi 26-sonli umumta’lim maktabida “Vatan menga nima berdi?” deb emas, balki “men Vatanimga nima qildim?” degan tuyg‘u bilan yashamoq g‘oyasi ostida ta’lim muassasalari rahbarlarining alohida buyrug‘i bilan ta’tilga chiqmagan o‘qituvchilaridan tuzilgan “Fidoyi o‘qituvchilar brigadasi” hamda ta’lim muassasalarida bugungi kunda o‘quvchilar o‘rtasida o‘z iqtidori bilan alohida ajralib turgan va tengdoshlariga namuna bo‘layotgan fan olimpiada, sport musobaqalari g‘oliblari, yetakchi liderlardan iborat “Fidoyi o‘quvchi-yoshlar targ‘ibot guruhlari” a’zolari hamda uyushmagan yoshlar o‘rtasidagi davra suhbati bilan boshlandi.
Seminarga tashrif buyurgan Namangan viloyat hokimining o‘rinbosari O.Bozorov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari M.Appakov, tuman hokimi o‘rinbosari A.Mo‘minovlar “Fidoyi o‘qituvchilar brigadasi” va “Fidoyi o‘quvchi-yoshlar targ‘ibot guruhlari” tashabbusi bilan namoyish etilgan milliy qadriyatlar, an’analarimizni o‘zida aks etgan turli ko‘rgazmalar, milliy xalq o‘yinlaridan oq terakmi ko‘k terak, shugina, sport sog‘lomlashtirish bo‘yicha tosh ko‘tarish, belbog‘li kurash, arg‘imchoq tortish, hamda “Zakovat” intellektual o‘yinlari bilan tanishdilar.
🟢AMALIY ISHLAR MAHALLA MISOLIDA
Seminar qatnashchilarining keyingi manzili tumandagi Soku mahallasi, Yoshlik ko‘chasi bo‘ldi.
“Mening mahallam” mavzusida yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha “Fidoyi o‘qituvchilar brigadasi” hamda “Fidoyi o‘quvchi-yoshlar targ‘ibot guruhlari” tashabbusi asosidagi qator loyihalar amalga oshirildi.
Xususan “Bo‘sh vaqtni-hush vaqtga aylantiramiz!”, “Ayol millat – tarbiyachisi”, "Uch avlod uchrashuvi", “Buvijonlar o‘giti – qizlarga saboq”, “Sog‘lom hayot sari” shiori ostida tibbiy madaniyatni oshirish bo‘yicha ko‘rgazmalar shular jumlasidan. Mazkur tadbirlarda mahalla ma’rifat targ‘ibotchilari, ma’naviy ko‘makchilar, xotin-qizlar faollari, nuroniy va yoshlar yetakchilari keng jalb etildi.
Tadbir davomida viloyat hokimining o‘rinbosari O.Bozorov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari M.Appakov, O‘zbekiston mahallar uyushmasi viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi S.Muhitdinovlar seminar doirasidagi amaliy ishlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirib, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangicha yondoshuvlar asosida tashkillash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdilar.


