
VATAN RAVNAQI, TINCHLIGI VA HIMOYASI YO‘LIDAGI QAHRAMONLIK UNUTILMAYDI
“Yelkamda Vatanning yuki bor” nomli kitob-albom taqdimoti
“Mustaqillik yillarida aziz jonini ayamasdan, bizning tinchligimiz va osoyishtaligimizni asrash yo‘lida qahramonlik ko‘rsatgan mard va jasur farzandlarimizning muborak xotirasi oldida chin dildan ta’zim qilaman. Takror va takror aytishdan charchamayman: biz bunday qahramon o‘g‘lonlarimizni hech qachon unutmaymiz. Ular doimo biz bilan birga yashaydi.”
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Sh.M.Mirziyoyevning O‘zbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va Yangi O‘zbekiston ma’naviy asoslarini takomillashtirish maqsadida olib borayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdir. Mustaqillik yillarida Vatan mudofaasi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan vatandoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish ishlari ana shu siyosatning muhim bo‘g‘inlaridan biridir.
Davlatimiz rahbari tashabbusi va g‘oyalari bilan tashkil etilgan “Millat fidoiylari” xiyobonida Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va uning tarkibidagi chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Bosh prokuratura tizimida faoliyat yuritib, Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan 196 nafar harbiy xizmatchilarning nomlari zarhal harflar bilan yozib qo‘yildi. Bu mard o‘g‘lonlar – nafaqat, o‘z davrining balki, abadiyatga daxldor qahramonlar bo‘lib qolishdi. Chunki, Vatan uchun, yurt mustaqilligi uchun, millat ori uchun metin qalqon bo‘lgan o‘g‘lonlarning nomlari hech qachon unutilmaydi.
Men sharaf tug‘ini tutganman,
Yurakda yurt ishqi poyidor.
O‘lmasman, abadiy tirikman,
Oliy Bosh Qo‘mondonning tashabbuslaridan kelib chiqqan holda Mudofaa vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida “Yelkamda Vatanning yuki bor” nomli kitob-albom tayyorlandi. “Millat fidoyilari” turkumida vazirlik tizimidan Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan 23 nafar askar va zobitlar haqidagi ushbu kitob-albomni tayyorlashda Mudofaa vazirligi markaziy arxivida saqlanayotgan hujjatlari, qahramon o‘g‘lonlarning oila a’zolari, yaqinlari va safdoshlarining xotiralari, suratlari asosli manba bo‘ldi. Va xalqimizning shonli farzandlari hayot yo‘lini kengroq yoritib berishga harakat qilindi. Zero, Oliy Bosh Qo‘mondon ta’kidlaganidek, millatimiz fidoyilari “o‘zlarining jasorati va o‘chmas nomlari bilan el-yurtimiz qalbida hamisha barhayot yashaydi, jangovar saflarda ularning o‘rni, aziz xotirasi hech qachon yo‘qolmaydi”.
Ta’kidlash kerakki, jangovar olovli nuqtalarda o‘zini ko‘rsatgan harbiylarimizning harakatlari, jonini fido etgan botirlarimizning jasorati sabab osmonimiz musaffo, qalblarimizda surur, yurtimiz mustaqil! Tinch va osoyishta hayotimiz himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan aziz yurtdoshlarimizning tarjimai hollariga nazar solinsa, ular – oramizdagi oddiy odamlar bo‘lishgani, biri quvnoq, boshqasi kamgap bo‘lgani, ota-onasiga mehribon, yaqinlariga suyanch bo‘lganini ko‘rish mumkin. Ayni damda Vatan himoyasini sharafli burch sifatida qarashlari, o‘z tanu qalblarida doim Vatan va xalq oldidagi mas’uliyatni his qilishlari, Vatan taqdiriga daxldorlik, bu yo‘ldagi azmu shijoatlari, mustahkam hayotiy pozitsiya ularga ulug‘vorlik baxsh etadi. Bir so‘z bilan aytganda ular tanu jonlarida, yelkalarida Vatanning yuki, ishonchu sharafi borligini tushunib yashashdi. Ana shunday qarash bilan o‘tgan har bir umr esa boqiydir!


