Oʻquv yilining ilk kunida har yili mamlakatimizning barcha umumtaʼlim maktablarida va oliy ta’lim muassasalarida mustaqillik darslari oʻtkazilishi an’ana tusini olgan. Joriy yilda ham O‘zbekiston Respublikasi harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Mustaqillik darslari” boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy yilda harbiy ta’limda tranformatsiya amalga oshirildi hamda ular uchun alohida oʻquv tizimi ishlab chiqildi.
Bugun Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida kursantlar uchun “Mustaqillik darslari” boʻlib oʻtdi. Unda universitet rahbari kursantlik baxtiga muyassar boʻlgan oʻgʻlonlarni samimiy qutlab, oliy harbiy taʻlim muassasasida yoshlarning sifatli taʻlim olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar xususida gapirib, barqaror taraqqiyot rivoji, bilimli kadrlar qoʻlida ekanligini alohida taʻkidladi.
Shu bilan birga mazkur darsda istiqlol yillarida erishilgan yutuqlar, yoshlarimiz tomonidan qoʻlga kiritilgan ulkan gʻalabalar hamda milliy tariximizning yorqin lavhalari haqida kursantlar va tinglovchilar bilan ochiq muloqot oʻtkazildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan taʼlim-tarbiyaga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, oʻz navbatida, talaba-yoshlardan bilim olishga intilishni, namunali xulq-atvorga ega boʻlishni va mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida faol ishtirok etishi kerakligi alohida taʻkidlandi.
Bundan tashqari “Mustaqillik darslari”da jadidchilik harakati namoyondalaridan Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Munavvar Qori Abdurashidxonov va qatagʻon qurbonlarining hayot kechinmalari va ularning ilgari surgan harakatlari haqida soʻzlab berildi.
Muhim ahamiyatga ega bo‘lgan uchrashuvning ikkinchi yarmi “Shahidlar xotirasi xiyoboni” da bo‘lib o‘tdi. Universitet rahbariyati boshchiligida “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyida bo‘lgan kursantlar Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun kurashgan qahramon ajdodlarimizning bosib o‘tgan yo‘llari, harbiy jadidlarning roli haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lish bilan birga Mustaqillik qanday buyuk neʼmat ekanini, qanday kuchli ajdodlarning avlodlari ekanligini chuqur anglashdi.
Yakunda og‘ir yillarda qatag‘on etilgan xalqimiz fidoyilari xotirasiga bag‘ishlab tayyorlangan hujjatli film hamda o‘sha yillardagi xalq fojiasi, zulmga qarshi sabr va matonat, erkinlikka bo‘lgan intilish, jonli va ta’sirli tarzda aks ettirilgan sahna ko‘rinishi tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirib, tarixiy xotira va vatanparvarlik tuyg‘ularini yana-da kuchaytirdi.


