
ShHT+ formatidagi hamkorlik – barqaror taraqqiyot va tinchlik sari dadil qadam
2025-yil 1-sentyabr kuni Xitoyning Tyanszin shahrida o‘tkazilgan “Shanxay hamkorlik tashkiloti plyus” (ShHT+) formatidagi sammit xalqaro miqyosdagi eng muhim siyosiy voqealardan biri bo‘ldi. Bu uchrashuv dunyo sahnasidagi geosiyosiy muammolar, xavfsizlikka tahdid solayotgan omillar va iqtisodiy noaniqliklar sharoitida o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlashda yo‘lida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur sammitdagi nutqida xalqaro maydondagi muhim masalalarga to‘xtalib, O‘zbekistonning prinsipial va mas’uliyatli tashqi siyosatiga asoslangan yondashuvini ochiq va aniq ifoda etdi. Jumladan, ShHT+ formati doirasidagi hamkorlik nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda barqarorlik, taraqqiyot va tinchlikni ta’minlashda muhim platformaga aylanishi qayd etildi. Shuningdek, Prezidentimiz xavfsizlik, iqtisodiy integratsiya, transport-logistika infratuzilmasi, oziq-ovqat va ekologik xavfsizlik sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish zarurligini alohida ta’kidladi.
Shu bilan birga, Prezident xalqaro munosabatlarda o‘zaro hurmat, suverenitetni e’zozlash va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga qat’iy sodiqlikni yana bir bor ta’kidlab o‘tdi. Bu esa mamlakatimizning tinchlikparvar siyosati va ma’naviy qadriyatlarga tayanadigan tashqi siyosiy pozitsiyasini mustahkamlaydi.
Darhaqiqat, bu kabi yondashuvlar nafaqat siyosiy barqarorlik, balki jamiyatda yuksak ma’naviy uyg‘onish, o‘zaro ishonch va birgalikda taraqqiyot sari intilish ruhi shakllanishiga xizmat qiladi. Prezidentimiz tashabbuslari orqali xalqaro hamjamiyatda ham ijobiy muhit yaratilib, barcha davlatlar uchun manfaatli bo‘lgan hamkorlik tamoyillari ilgari surilmoqda.
ShHT+ formati – bu shunchaki siyosiy maydon emas, balki barqaror, adolatli va xavfsiz dunyoni birgalikda qurish sari yo‘naltirilgan hamkorlik maydonidir. Bu esa bugungi avlodning yelkasidagi mas’uliyatni anglash va kelajak avlodlarga tinch, taraqqiy topgan jamiyatni meros qilib qoldirishga xizmat qiladi.
Rustam Burxonovich XAYITOV
Navoiy viloyati Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi rahbari


