
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti hamda FVV Akademiyasi oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Olimjon Davlatov, Akademiya rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi FVV Akademiyasi boshlig‘i, yuridik fanlari doktori, professor, polkovnik Muzaffarjon Mamasiddiqov ochib berib, mazkur hamkorlikning dolzarbligi va yoshlar tarbiyasidagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Olimjon Davlatov so‘zga chiqib, memorandumning mazmun-mohiyati yuzasidan fikr bildirdi: xususan — bugungi hamkorlik yoshlarda nafaqat bilim va malaka, balki ma’naviyatni mustahkamlash, ularni yuksak insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qilishini, yangi O‘zbekistonda har bir yoshning salohiyati qadrlanishini alohida qayd etdi.
Shu bilan birga tadbir davomida Alisher Navoiyning hikmatli so‘zlari, g‘azallari va o‘gitlari haqida so‘z yuritildi. Muxtasar qilib aytganda buyuk mutafakkirning “Aql birla ilm anga sherik erur, ilm anga sherik erur hamroh” kabi hikmatlari yoshlarga ilm va ma’rifatning hayotiy ahamiyatini chuqur anglatdi.
Shuningdek, kursantlar o‘z iqtidorlarini namoyon etib, Navoiy g‘azallaridan parchalar, milliy qo‘shiqlar va she’rlarni ijro etdilar. Ularning badiiy chiqishlari tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishlab, san’at va ma’rifatning yoshlar qalbida qanday kuchli ta’sir qoldirishini ko‘rsatdi.
Kursantlar o‘z taassurotlarida, bunday uchrashuvlar ularni yanada ruhlantirishini, Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga sadoqat va yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalashda beqiyos o‘rin tutishini ta’kidlab, tashkiliy qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorlik bildirdilar.
Yakunda tomonlar imzolangan memorandum asosida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-amaliy anjumanlar, seminar va davra suhbatlarini muntazam o‘tkazish, shuningdek yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasini yanada yuksaltirish borasida kelishib oldilar hamda filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Olimjon Davlatov Akademiyaning "Faxriylar kitobi"ga oʻzining dil izhorini qayd etdi.


