
Munosabat
2025-yil 23-sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 80-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘zlangan nutqda global va mintaqaviy masalalarga nisbatan aniq, prinsipial va dunyo hamjamiyatini hamjihatlikka chorlovchi pozitsiya izchil ifoda etildi.
Prezidentimiz nutqida, xususan, Markaziy Osiyoda oxirgi yillarda sodir bo‘layotgan keng ko‘lamli ijobiy o‘zgarishlar, mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichga chiqqani, barqarorlik va hamjihatlikning ustuvor qadriyat sifatida qaror topayotgani alohida ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari tomonidan “Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi, yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi”, deb qat’iy bayon qilindi.
Nutqda so‘nggi sakkiz yil ichida amalga oshirilgan tizimli sa’y-harakatlar samarasida mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch mustahkamlanganligi, siyosiy muloqot faollashganligi, savdo-sotiq, sarmoya va transport sohalaridagi hamkorlik ko‘lami bir necha barobarga ortganligi va mazkur jarayonlarda O‘zbekistonning faol va ochiq siyosati hal qiluvchi o‘rin tutayotganini ham aniq fakt va dalillar orqali keltirib o‘tdi.
Prezidentimiz nutqida, shuningdek, mintaqadagi integratsiya jarayonlarini yanada chuqurlashtirish maqsadida qator amaliy tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan:
• Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy taraqqiyotiga bag‘ishlangan xalqaro forumni o‘tkazish;
• Sanoatda “yashil” texnologiyalar bo‘yicha mintaqaviy xab tashkil etish;
• Suv resurslaridan oqilona foydalanish, demografik barqarorlik va “yashil makon” barpo etishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish;
• BMT Bosh Assambleyasida Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyasini qo‘llab-quvvatlashga oid rezolyutsiya qabul qilish.
Darhaqiqat, bu kabi tashabbuslar nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham barqaror taraqqiyot, tinchlik va o‘zaro hamjihatlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz nutqida Afg‘oniston masalasi ham dolzarb tarzda ko‘tarildi. Davlat rahbari xalqaro hamjamiyatni afg‘on xalqining tinch va osuda hayot sari intilishini qo‘llab-quvvatlashga, bu davlatning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirar ekan, Afg‘oniston orqali transport va energetika koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha BMT doirasida alohida rezolyutsiya qabul qilishni taklif etdi. Bu, o‘z navbatida, nafaqat iqtisodiy ahamiyatga ega, balki mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda ham muhim o‘rin tutadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasida bildirgan taklif va tashabbuslari Yangi O‘zbekistonning nafaqat milliy, balki mintaqaviy va global darajadagi siyosiy faolligini, tinchlikparvar va manfaatlarga asoslangan pragmatik tashqi siyosatini yaqqol tasdiqladi.
Bu yuksak minbardan yangragan ezgu g‘oyalarni hayotga tatbiq etishda biz, ma’naviyat va ma’rifat sohasi vakillari ham o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim. Chunki har qanday siyosiy tashabbusning poydevori — jamiyat ongidagi tafakkur, hamjihatlik va ishonchda mujassam.
Rustam XAYITOV
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Navoiy viloyati bo‘limi rahbari


