O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar asosida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Tashkiliy-metodik ishlar doirasida Vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda 9 ta qo‘shma qaror, 4 ta memorandum, 13 ta qo‘shma dastur imzolandi. 90 ta vazirlik va idoraga ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish bo‘yicha “Yillik kalendar reja” tayyorlab berildi.
“Zamonaviy targ‘ibot texnologiyalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishning dolzarb masalalari”, “Ijtimoiy faollikka tayangan taraqqiyotga erishishning ma’naviy asoslari”, “Mafkuraviy tahdidlarning ma’naviy jarayonlar rivojiga ta’siri va uni oldini olish mexanizmlari” mavzularida 3 ta respublika ilmiy-ma’rifiy konferensiya o‘tkazildi.
“Har bir davlat xizmatchisi – ma’naviyat targ‘ibotchisi” bosh g‘oyasi ostida vazirlik, idora va tashkilotlarning 944 nafar ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ul xodim uchun o‘quv-amaliy seminari, ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutida vazirlik va idoralarning 636 nafar ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ul xodimlari uchun qisqa muddatli o‘quv malaka oshirish kurslari tashkil qilindi. Markazning 14 ta hududiy bo‘lim va 207 ta tuman (shahar) bo‘linmalari uchun o‘tgan davrdagi faoliyat sarhisobi hamda yil yakuniga qadar belgilangan ustuvor rejalarga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminari o‘tkazildi.
Markaz huzuridagi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari soni 1 000 nafardan 1 500 nafarga oshirildi. Turli sohalarda mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan 70 nafar soha faoli “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
O‘tgan davr mobaynida Markaz tomonidan qator Ommaviy tadbirlar va jamoaviy aksiyalar o‘tkazildi. Jumladan, “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida respublika bo‘ylab “Umummilliy birdamlik festivali” tashkil qilindi. Unga 79 nafar respublika, 254 nafar mahalliy targ‘ibotchilar jalb qilindi, 1 412 ta mahallada 10 ta ijtimoiy loyiha doirasida 284 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Festival AQSh va Koreya Respublikasidagi vatandoshlar va o‘zbek diasporasi vakillari ishtirokida ham o‘tkazildi. Nyu-York shtatida O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi, Nyu Jersi, Ogayo, Missuri shtatlari va Koreya Respublikasining bir qator shaharlarida forum va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” shiori ostida “Ma’rifat karvoni” loyihasi amalga oshirildi.
Loyiha doirasida “Sivilizatsiyalar–shaxslar–kashfiyotlar”, “Tirik tarix”, “Farovon hayot sari ilk qadam”, “Olimlar va yoshlar uchrashuvi”, “Ijtimoiy g‘oyalar forumi”, “Yangi O‘zbekiston – Yangi renessans poydevori” kabi 70 ga yaqin ilmiy-ma’rifiy forum va tadbirlar tashkil etildi, 40 mingga yaqin ishtirokchi jalb etildi. “Tirik tarix” loyihasi doirasida 23 turdagi milliy kinofilmlar taqdimoti o‘tkazildi.
101 ta oromgoh, 6 105 ta mahalla, 9 873 ta maktab, 14 ta markaziy istirohat bog‘i, 157 ta tashkilot hamda 26 ta harbiy qism va harbiy ta’lim muassasalarida “Kinokarvon” loyihasi amalga oshirildi. Loyihada 1.5 mln.dan ziyod aholi, yoshlar, davlat xizmatchilari va harbiylar ishtirok etdi.
Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida “Mening mahallam” badiiy filmi tasvirga olindi. Uning taqdimoti respublikaning 14 ta hududida bir vaqtning o‘zida 10 mingdan ziyod tomoshabinga taqdim etildi.
Markaz faolyaitining asosiy yo‘nalishlaridan biri – jamiyatda kitobxonlikni rivojlantirishdir. Bu borada ham qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan 23 nafar askar va zobitlar haqida tayyorlangan “Millat fidoyilari”, “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori”, 8 tilda “Buyuklar haqida 100 ta dalil” kitobchasi, “Dolzarb 90 kun – 90 imkoniyat” nomli uslubiy qo‘llanma, “Ona yurt fidoyilari” rukni jadid bobolarimizning kitoblari nashr etildi.
Ijtimoiy-falsafiy, ma’naviy-ma’rifiy mazmundagi “Ma’naviy hayot” va “Tafakkur” jurnallarining 3 tadan soni chop etildi.
14 ta hududda “Kitoblararo 80 kun” marafoni o‘tkazildi. Marafonda jami 92 ming nafar ishtirokchi qatnashdi.
Raqamli targ‘ibot yo‘nalishida Yangi mafkuraviy mo‘ljallarga asoslangan raqamli targ‘ibot ishlarini amalga oshirish maqsadida 4 ta media-kampaniya yo‘lga qo‘yildi.
Tizimdagi raqamli targ‘ibotga mas’ul xodimlar uchun “Milliy kontentni ishlab chiqish va ommalashtirish salohiyatini oshirish” mavzusida seminar-trening hamda raqamli targ‘ibot bo‘yicha “Media savodxonlik va kontent yaratish” mavzusida maxsus o‘quv kursi tashkil etildi. Raqamli targ‘ibotning ta’sirchanligini oshirish maqsadida 10 ta ijtimoiy rolik, 3 ta qisqa metrajli animatsion film
tayyorlandi.
Yoshlar, turli millat va elat vakillari, xorijdagi vatandoshlar orasida vatanparvarlik, milliy g‘urur va daxldorlik tuyg‘usini oshirish maqsadida “O‘zbekiston menda yashaydi” nomli milliy kontentlar onlayn tanlovi o‘tkazildi. Tanlovga 1 000 dan ziyod ijodiy ishlar kelib tushdi.
Taniqli shoirlar, bastakorlar, qo‘shiqchilar va ijodkorlarni jalb qilgan holda vatanparvarlik, yangi milliy ruhiyat, umummilliy birdamlik va o‘zaro hurmatni tarannum etuvchi yoshlarbop “Vatan” nomli pleylist yaratildi va 170 dan ziyod musiqiy platformalarda e’lon qilindi.
Davlat xizmatchilari va keng jamoatchilik uchun “Siyosiy-ma’rifat soati” ning 36 ta soni tayyorlandi va taqdim etildi.
Xabaringiz bor, Markaz tuzilmasi yanada takomillashtirilib, “shaxs-jamiyat-davlat-mintaqa” kesimida yangi mafkuraviy mo‘ljallarni joriy etishga qaratilgan 4 ta loyiha ofisi, ya’ni Yangi milliy ruhiyatni shakllantirish, Jamiyat birdamligini ta’minlash, Davlat xalqchilligini mustahkamlash va Mintaqaviy yakdillikka erishish bo‘yicha loyihalarni muvofiqlashtirish bo‘limlari tashkil etildi.
Loyiha ofislari tomonidan 2025 yil uchun 17 ta maqsadli loyiha yo‘lga qo‘yildi, Progressiv islohotlar markazining ekspertlari loyiha ofislariga maslahatchi-ekspert sifatida jalb qilindi.
Harbiy xizmatchilarning vatanparvarlik va axloqiy fazilatlarini rivojlantirish, intellektual salohiyatini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish maqsadida Mudofaa vazirligi va Markaz o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalonlariga harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarning “Ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari” dasturi tubdan qayta ko‘rib chiqildi va zamonaviy g‘oyaviy-mafkuraviy yo‘nalishlarga moslashtirildi.
Mudofaa vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda umumta’lim maktablarining 10-11 sinflarida tahsil olayotgan, “Vatan tayanchi” otryadlari o‘quvchilari o‘rtasida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining respublika bosqichi o‘tkazildi.
Markaz, Mudofaa vazirligi hamda Madaniyat vazirligi hamkorligida “Turkiston” san’at saroyida “Yangi O‘zbekiston armiyasi — mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” g‘oyasi ostida “Vatan manzumasi” adabiy-ma’rifiy kecha o‘tkazildi.
Hududlarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlash maqsadida Markaz hamda 14 ta hudud hokimliklari o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy sohada hamkorlik “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, ijroga qaratildi.
14 ta hududda ma’naviy-ma’rifiy ishlar holati hamda ijtimoiy-ma’naviy muhit o‘rganildi. 9 198 ta mahalladagi 374 383 nafar aholi o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlash bo‘yicha sotsiologik so‘rovnoma o‘tkazildi.
Markaz tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi 117 ta davlat oliy ta’lim muassasasining ma’naviy-ma’rifiy ishlari holati o‘rganildi.
Oliy ta’lim muassasalarining 182 nafar yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektorlari uchun “Ma’naviyat hayotimizda yangi kuch, yangi harakatga aylanishi kerak” mavzusida malaka oshirish o‘quv kurslari tashkil etildi.
“Ma’rifat orqali kambag‘allikni qisqartirish” dasturi doirasida og‘ir ijtimoiy toifadagi 1 024 ta mahallaga obro‘-e’tiborli, nuroniy olimlar, yozuvchi-shoirlar, teatr va san’at arboblari, hojilar “ma’naviy ko‘makchi” sifatida biriktirildi.
Ma’lumki, Islom sivilizatsiyasi markazining “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori” pavilonini g‘oyaviy jihatdan boyitish vazifasi Markaz zimmasiga yuklatilgan. Ushbu pavilon 8 ta bo‘limdan iborat bo‘lib, har bir bo‘limni mazmunan boyitish maqsadida 18 ta ilmiy-innovatsion loyiha yo‘lga qo‘yilgan. Ularni amalga oshirishga 50 nafardan ziyod olim va tegishli soha mutaxassislari jalb qilindi.
Markaz o‘z faoliyatini yuqori tempda davom ettiradi. E’tiboringiz uchun rahmat!


