
O‘zbekiston mahallalari uyushmasida Adliya vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, "Nuroniy" jamg‘armasi va boshqa qator hamkor tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida oilalarni mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish borasidagi ishlarni to‘g‘ri va sifatli tashkil etish bo‘yicha muloqot bo'lib o'tdi.
Uchrashuvda Uyushma raisi Qahramon Quronboyev kuni kecha Prezidentimiz tomonidan mahalla tizimidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish hamda joylarda ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan mamlakatda 32 mingga yaqin oila ajrashgan. Bu raqamlar barchani tashvishga solishi lozimligi ta’kidlandi. Bugungi kunda qayd etilgan salbiy holatlarning asosan oqibati bilan ishlab qolinayotgani qayd etildi. Oilaviy ajrimlarning oldini olish borasida yoshlar bilan ishlash, ularni oilaviy hayotga tayyorlash, ro‘zg‘or tebratish uchun yetarli daromad topadigan kasb-hunarlarga o‘qitish bo‘yicha tizimli ishlarni tuzib, bu ishga barcha birdek kirishishi lozimligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda yosh oilalarni og‘ir moddiy ahvolga tushib qolishini oldini oladigan mexanizm – nikoh shartnomasi tuzishni keng targ‘ib etish, oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohlarni oldini olish kabi masalalar muhokama qilindi.
Ayni yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish borasida hamkor tashkilotlarning takliflari umumlashtirildi.


