Markazda “Ma’rifat” targ’ibotchilar jamiyati a’zolari, hududiy bo’lim rahbari ishtirokida jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, oilalarni mustahkamlash borasidagi ishlarni to‘g‘ri tashkil qilish, targ’ibotda sifat va yondashuvni o’zgartirish yuzasidan muloqot o'tkazildi.
Unda Markaz rahbari Otabek Xasanov kuni kecha Prezidentimiz tomonidan mahalla tizimidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish hamda joylarda ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Ajrimlar sonining ortib borayotgani, ayrim fuqarolar kredit qarzlari sabab oilasi va farzandlarini tashlab ketishi, erta turmush qurish, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar holatlari ko’paygani barchani birdek tashvishga solayotgani aytildi.
So’z olgan “Ma’rifat” targ’ibotchilar jamiyati a’zolari jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy holatni yaxshilashni avvalo insonlar ongini, hayotga, oila qadriyatlariga bo’lgan qarashlarini o’zgartirishdan boshlash kerakligi va bunda ziyolilar faol bo’lishi zarurligini ta’kidlashdi.
Aholi, xususan yoshlar bilan ishlash, ularni kasb-hunarlarga o‘qitish, to’ylarni ixcham o’tkazish bo’yicha joylarda tushuntirish ishlarini kuchaytirish, yosh oilalarni og‘ir moddiy ahvolga tushib qolishini oldini oladigan mexanizm – nikoh shartnomasi tuzishni keng targ‘ib etish, bu borada maqsadli treninglar tashkil qilish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda ham targ’ibotni kuchaytirib, tahliliy chiqishlarni ko’paytirish, ijodiy-badiiy asarlar yaratish, ilmiy tahlillar olib borish bo’yicha takliflar bildirildi.
Mazkur takliflar hamda ziyolilarning tashabbuslari va tavsiyalari asosida tegishli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi.


