
Tarixchi olim, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i Bo‘ri Qodirov tomonidan Respublikada birinchilardan bo‘lib “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” (Oliy ta’lim muassasalarning nomutaxassis ta’lim yo‘nalishlari uchun) darslik, “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” dan izohli lug‘at va “O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanidan mustaqil ta’limni tashkil etish” dan iborat O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining majmuasi yaratildi
Mamlakatimizining eng yangi tarixining muhim voqealari va sanalariga doir qator ilmiy, o‘quv-uslubiy va fundamental asarlar yaratish, ayniqsa, milliy davlatchiligimizning vujudga kelishi va taraqqiyotiga oid ilmiy va ilmiy-ommabop, o‘quv-metodik va ma’rifiy adabiyotlar tayyorlash va chop etish, shu orqali yoshlarning mamlakatimiz tarixi haqidagi bilimlarini yanada boyitish eng muhim vazifalardan, desak xato bo‘lmaydi.
Muallif tomonidan “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” darsligi O‘zbekistonning mustaqillikka erishish jarayonlari, istiqlol yillarida yurtimizda demokratik-huquqiy davlatning barpo qilinishi, mamlakatda amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlar, shuningdek, mamlakatimizning tinchliksevar tashqi siyosati masalalari yangi materiallar asosida boyitilgan. Darslikda Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi va yangilangan Konstitutsiyasining o‘ziga xos tomonlari va mazmun-mohiyatiga ham katta ahamiyat qaratilgan.
“O‘zbekistonning eng yangi tarixi” kitobining o‘ziga xos jihatlaridan yana biri, mamlakatimizning bugungi taraqqiyot davrida yuz berayotgan inqilobiy o‘zgarishlarning ko‘lami va shiddati, ularning xalqimiz, har bir shaxs hayotidagi o‘rni va ta’siri turli misollarda yoritib berilganligi bilan bog‘liqdir. Ayniqsa, kelajagimiz bo‘lgan yosh avlodni o‘z vataniga bo‘lgan mehr-muhabbat ruhida tarbiyalashda va ularda yuksak ma’naviy fazilatlarni shakllantirishda, milliy ong va sog‘lom fikr uyg‘otishda, vatan, xalq va istiqlol taqdiri uchun g‘oyaviy kurashuvchanlik ruhida tarbiyalashda, shuningdek, yuksak ma’naviyatli komil inson bo‘lib shakllanishida ushbu nashrlarning ahamiyati kattadir. Shu bilan bir qatorda, bu fan xalqimiz tarixini haqqoniy tasvirlovchi, aks ettiruvchi ko‘zgu, ijtimoiy, siyosiy, tarbiyaviy, ma’naviy saboqlar majmuasidir, desak xato bo‘lmaydi.
B.Qodirov tomonidan tayyorlangan kitoblardan yana biri − “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” dan izohli lug‘at” nashridir. Ushbu izohli lug‘at keng qamrovli bo‘lib, asosan, shu paytga qadar O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha yaratilgan darslik, o‘quv qo‘llanmalar, ilmiy-tadqiqot ishlari va tarixiy asarlarda uchraydigan atamalarning izohiga bag‘ishlangan. Mazkur lug‘at fan dasturlarida qamrab olingan mavzularga ham tayanganligini alohida qayd etmoq lozim. Lug‘atdan o‘rin olgan har bir atama o‘tmishda va tarixiy manbalarda qanday yozilganligiga qarab alifbo tartibda, so‘zlarning etimologiyasi esa qavs ichida berib o‘tilgan. Bu esa, o‘quvchida O‘zbekistonning eng yangi tarixida duch keladigan atamalarni mukammal bilish imkonini beradi.
B.Qodirov tomonidan tayyorlangan “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanidan mustaqil ta’limni tashkil etish” o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanidan talabalar mustaqil ta’limini tashkil qilish” namunaviy va ishchi o‘quv rejalariga mos holda ishlab chiqilgan bo‘lib, u oliy ta’lim jarayonida mustaqil ta’lim uchun ajratilgan mavzularni talabalar tomonidan yanada puxta o‘zlashtirishlari uchun yordamchi manba vazifasini bajarishi bilan katta ahamiyat kasb etadi.
Qo‘llanmada talabalar mustaqil ishlarini tashkil qilish jarayonida ma’lum mavzu bo‘yicha ma’ruza matini, referat, kurs ishi, slayd, ko‘rgazmali vositalardan foydalanish va grafik ishlarini bajarish, maket, model va badiiy asarlar ustida ishlash, amaliyotdagi mavjud muammoning yechimini topish, test, munozarali savollar va topshiriqlar tayyorlash, ilmiy maqola, tezislar va amaliy mazmundagi nostandart masalalarni yechish hamda ijodiy ishlash masalalarini bajarishga e’tibor qaratilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” darsligi yonida “O‘zbekistonning eng yangi tarixidan izohli lug‘at” hamda “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanidan mustaqil ta’limni tashkil etish” o‘quv-uslubiy qo‘llanmasining yaratilganligi Vatanimizning eng yangi tarixini o‘quvchi va talabalar tomonidan chuqur va puxta o‘zlashtirishlarida muhim manba vazifasini bajaradi.
B.Qodirovning tomonidan “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fani bo‘yicha yaratilgan majmua muallifning ko‘p yillik ilmiy izlanishlari samarasi o‘laroq yuzaga kelgan bo‘lib, ularning har biri oliy ta’lim muassasalari talabalari, tadqiqotchi olim va keng kitobxonlar uchun mo‘ljallangan.


