ManaviyatRespublikaMa'naviyat vama'rifat markazi
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
Manaviyat

Millatning manaviy yuksalishi yo'lida

Ijtimoiy tarmoqlar

Sayt

  • Biz haqimizda
  • Missiya
  • Rahbariyat
  • Jamoa
  • Tarix

Yo'nalishlar

  • Manaviyat
  • Ta'lim
  • Madaniyat
  • Yoshlar siyosati
  • Tarix

Manbalar

  • Yangiliklar
  • Loyihalar
  • Tadbirlar
  • Nashrlar
  • Media arxiv

Aloqa

  • Bog'lanish
  • Manzil
  • Ishga joylashish
  • Matbuot
© 2026 Manaviyat. Barcha huquqlar himoyalangan.
Maxfiylik siyosatiFoydalanish shartlariCookie
  1. Bosh sahifa›
  2. Yangiliklar›
  3. “Maromiylik” loyihasi doirasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari boshlanmoqda

“Maromiylik” loyihasi doirasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari boshlanmoqda

“Maromiylik” loyihasi doirasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari boshlanmoqda
24-oktabr, 2025

So‘nggi yillarda jamiyatda ortiqcha isrofgarchilik, dabdababozlik, shuhratparastlik va me’yorni saqlamaslik kabi salbiy holatlar kuzatilmoqda. Xususan, oilaviy tadbirlar, to‘y va marosimlarning haddan tashqari dabdabali o‘tkazilishi aholining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlariga putur yetkazib, milliy qadriyatlarimizga zid kayfiyatlarning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.

Mazkur muammolarning oldini olish, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash hamda “maromiylik” tamoyillariga asoslangan hayot tarzini qaror toptirish bugungi kunning dolzarb vazifasi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2025 yil 14 oktabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahalla tizimini yangi bosqichga olib chiqish, aholining ijtimoiy muammolarini tizimli hal qilish, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash hamda fuqarolarning ongida islohotlarga daxldorlik va mas’uliyat tuyg‘usini kuchaytirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 16 sentyabrdagi “Umumiy ovqatlanish korxonalarida hosil bo‘ladigan oziq-ovqat chiqindilaridan samarali foydalanish va ularning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish hamda ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 589-sonli qarori imzolandi.

Jamiyatda aynan maromiylik madaniyatini keng targ‘ib etish orqali fuqarolarda me’yorni saqlash, ortiqcha isrofgarchilikdan tiyilish, shukronalik va bag‘rikenglik kabi yuksak insoniy fazilatlarni hayot mezoniga aylantirish, natijada jamiyatda totuvlik, hamjihatlik va ma’naviy barqarorlikni ta’minlashga erishish ko‘zda tutilmoqda.

Shu maqsad yo‘lida kuchlar birlashtirilib, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar hamkorligida jamiyatda maromiylik kayfiyatini shakllantirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra,  targ‘ibot ishlarida dolzarb 90 kunlik belgilab olindi.

Bu haqda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida tashkil qilingan “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishda davlat va jamoat tashkilotlarining roli” mavzusidagi davra suhbatida ma’lum qilindi.

Unda tegishli tashkilotlar mas’ullari, ma’naviy-ma’rifiy soha vakillari, olimlar, ziyolilar, mahalla faollari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida joriy yilda Markaz tomonidan jamiyatda maromiylik kayfiyatini shakllantirishga qaratilgan bir qator amaliy choralar ko‘rilgani, jumladan, “Iste’molchilik jamiyati” illatlariga qarshi ma’naviy immunitetni shakllantirish maqsadida “2025–2030 yillarda Yangi O‘zbekiston sharoitida farovon jamiyatning ma’naviy-axloqiy asoslarini shakllantirish va rivojlantirish konsepsiyasi” tayyorlangani, hozirda ushbu konsepsiya yetuk olimlar bilan hamkorlikda takomillashtirilayotgani aytildi.

Shuningdek, jamiyatda “maromiylik” tamoyillarini keng targ‘ib etish, to‘y va marosimlarni ixchamlashtirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda huquqiy asoslarni yaratish maqsadida respublika olimlari ishtirokida “Ijtimoiy faollikka tayangan taraqqiyotga erishishning ma’naviy asoslari” mavzusida ilmiy-ma’rifiy konferensiya tashkil etildi. Mahallalarda 374 mingdan ziyod fuqarolar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini o‘rganish maqsadida sotsiologik so‘rovnoma o‘tkazildi. Ushbu tadqiqot orqali aholining milliy qadriyatlarga munosabati, ijtimoiy fikri va psixologik kayfiyati o‘rganildi.

Otabek Xasanov - Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari:

  • Ayrim oilalarda yillar davomida katta mashaqqatlar bilan to‘plangan mablag‘ni “nom chiqarish”, “obro‘ qozonish” maqsadida bir kunda ortiqcha marosimlar, dabdabali to‘ylarga sarflab yuborish holatlari keskin ortmoqda. Yana bir xavotirli holat, kreditni zarurat uchun emas, balki obro‘ yoki “odamlardan qolmaslik” uchun olish holatlari odatiy holga aylanib qolmoqda. Natijada yosh oilalar hayotining ilk yillarini qarz bilan boshlaydi. Bu esa nafaqat iqtisodiy, balki ruhiy bosim bo‘lib, ko‘pincha oilaviy nizolar, erta ajrimlar va boshqa ko‘ngilsiz holatlarga olib kelmoqda.
  • Qahramon Quronboyev - O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi raisi:
  • Mazkur dasturning bosh maqsadi — xalqimiz orasida ixchamlik, kamtarlik va shukronalik madaniyatini mustahkamlash, to‘y va ma’rakalarni milliy qadriyatlarimizga mos ravishda, ortiqcha dabdabadan xoli holda o‘tkazishni odatga aylantirishdir. Shu bilan birga, bu dastur orqali oilalarning ortiqcha qarzdorlikka botishiga yo‘l qo‘ymaslik; yoshlarni moliyaviy savodxonlikka o‘rgatish, to‘y va ma’rakalarni ixcham, samimiy va mazmunli o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda “Ixchamlik — bu madaniyat” g‘oyasini keng targ‘ib etish maqsad qilib olingan.

Zulayho Mahkamova - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi

  • Bugun biz oilaviy ajrimlar va turli muammolarning inson umrini uzaytirishga, ayollar qadrini ko‘tarishga, oiladagi salomatlik va sog‘lom turmush tarzini ta’minlashga zid ekanligini guvohi bo‘layapmiz. Shu sababli, biz oila ilmi va ma’rifati yo‘nalishida, ma’rifatli ayollar kengashi bilan birgalikda joylarda alohida tadbirlar davomiyligini ta’minlaymiz.Bugungi chora-tadbirlar orqali biz xalqimizning farovon turmush tarzini ta’minlash, qadriyatlarimizni asrash va sog‘lom, bilimli, ma’rifatli avlodni tarbiyalashga xizmat qiladigan tizimni birgalikda yaratmoqdamiz.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi

  • Alloh isrof qiluvchilarni yomon ko‘radi. Shu bois hammamiz birlashib, bu kabi holatlarni oldini olishimiz zarur. Bu borada birinchi navbatda albatta o‘zimiz namuna bo‘lsak, bu illatlarni bartaraf eta olamiz.

Ma’lum qilinishicha, dastur doirasidagi ishlar uch yo‘nalishda: tashkiliy, an’anaviy va raqamli targ‘ibot yo‘nalishlarida olib boriladi.

Xususan, fuqarolar orasida me’yorni saqlash, isrofgarchilikdan tiyilish, shukronalik va bag‘rikenglik fazilatlarini targ‘ib etishga qaratilgan loyihalar amalga oshiriladi. “Iste’molchilik jamiyati” mavzusida siyosiy-ma’rifat soatlari, seminar-treninglar va ochiq muloqotlarni tashkil etiladi.  Isrofgarchilik va ijtimoiy-psixologik oqibatlar bo‘yicha sinopsis, tahliliy materiallar, metodik qo‘llanmalar tayyorlanadi. Media kampaniyalar, videoroliklar, maqolalar va tele-radio ko‘rsatuvlar orqali aholi orasida maromiylik madaniyati keng targ‘ib qilinadi. Davlat va jamoat tashkilotlarining ushbu jarayondagi rolini kuchaytirish maqsadida Respublika o‘quv seminari o‘tkaziladi.  

         Mazkur tashabbus jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, ortiqcha isrofgarchilikning oldini olish va milliy qadriyatlarimizga asoslangan me’yoriy hayot tarzini shakllantirishga xizmat qiladi.

O'xshash yangiliklar

"Mustaqillik to‘yi” festivali yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

"Mustaqillik to‘yi” festivali yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tarixni anglagan avlod — kelajakni ishonch bilan quradi!

Tarixni anglagan avlod — kelajakni ishonch bilan quradi!

Talqini ming xil kuy – Murod Muhammad Do‘st portretiga chizgilar

Talqini ming xil kuy – Murod Muhammad Do‘st portretiga chizgilar