
Xorazm viloyatida to‘y, tantana va marosimlarni tartibga solish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi Xorazm teleradiokanali bilan birgalikda dabdabali to‘ylar hamda boshqa oilaviy marosimlarni ixchamlashtirishga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda to‘y va oilaviy tadbirlarni dabdaba va isrofgarchiliksiz o‘tkazishga qaratilgan davra suhbatlari va mavzu doirasida turli tadbirlarni hamda raqamli targ‘ibot ishlarini amalga oshirish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.
—Aslida to‘y va boshqa oilaviy marosimlar inson hayotidagi eng quvonchli daqiqalardan biri bo‘lib, uning asosiy mazmuni oilaviy baxt, ikki yoshning yangi hayotga qadam qo‘yishini nishonlashdir, —deydi Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi, “Xorazm” teleradiokanali direktori O‘tkir Matqurbonov. — Janoza va marhumni xotirlash marosimlari esa xalqimizda azaldan insoniylik, mehr-shafqat va hamdardlik ramzi sifatida o‘tkazib kelingan.
Ammo hoh qayg‘uli hoh quvonchli marosimlar bo‘lsin, ularning ezgu ma’nosiga soya solayotgan salbiy holatlar ham yo‘q emas. Shuhratparastlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, boshqalarning ijtimoiy ahvolini inobatga olmaslik, isrofgarchilik, xalqimizning urf-odatlari va an’analarini mensimaslik kabi illatlar ko‘zga tashlanmoqda.
"Maromiylik" chora-tadbirlari ijrosi bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari endilikda viloyatdagi barcha tuman va shaharlarda davom etadi.


