
So‘nggi yillarda jamiyatda ortiqcha isrofgarchilik, dabdababozlik, shuhratparastlik va me’yorni saqlamaslik kabi salbiy holatlar kuzatilmoqda. Ayniqsa, to‘y va oilaviy marosimlarning haddan tashqari dabdabali o‘tkazilishi aholining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlariga putur yetkazib, milliy qadriyatlarimizga zid kayfiyatlarni shakllantirmoqda. Mazkur muammolarning oldini olish, sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash va “maromiylik” tamoyillarini hayot tarziga aylantirish bugungi kunning dolzarb vazifasi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2025 yil 14 oktyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahalla tizimini rivojlantirish, aholining ijtimoiy muammolarini hal qilish, jamiyatda ma’naviy muhitni mustahkamlash va islohotlarga daxldorlik hissini oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 16 sentyabrdagi 589-sonli qarori bilan ovqatlanish korxonalarida chiqindilardan samarali foydalanish va ortiqcha isrofgarchilikning oldini olish chora-tadbirlari belgilandi.
Jamiyatda maromiylik madaniyatini keng targ‘ib etish orqali fuqarolarda me’yorni saqlash, isrofdan tiyilish, shukronalik va bag‘rikenglikka e’tibor oshirish, natijada hamjihatlik va ma’naviy barqarorlikni ta’minlash ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi boshchiligida bir qator vazirlik va jamoat tashkilotlari hamkorligida 90 kunlik targ‘ibot dasturi ishlab chiqildi.
Unga muvofiq, bugin Qoraqalpog‘iston Respublikasida davlat xizmatchilari hamda ijtimoiy soha vakillari uchun “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishda davlat va jamoat tashkilotlarining roli” mavzusida seminar-treninglar tashkil etildi.
Loyiha doirasida fuqarolar orasida me’yorni saqlash, isrofga qarshi kurash, shukronalik va bag‘rikenglikni targ‘ib etishga qaratilgan tadbirlar amalga oshiriladi. “Iste’molchilik jamiyati” mavzusida siyosiy-ma’rifat soatlari, ochiq muloqotlar, seminar-treninglar o‘tkaziladi, isrofning ijtimoiy-psixologik oqibatlariga oid tahliliy materiallar va metodik qo‘llanmalar tayyorlanadi. Media kampaniyalar orqali maromiylik madaniyatini keng yoyish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, davlat va jamoat tashkilotlari ishtirokida Respublika o‘quv seminari o‘tkazilishi belgilangan.
Ma’lumot uchun, joriy yil 7 noyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida mazkur loyiha doirasida seminar-treninglarga start berilgan bo‘lib, unda davlat tashkilotlari va ijtimoiy soha vakillari ishtirok etmoqda. Seminarlarda malakali mutaxassislar tomonidan “2025–2030 yillarda Yangi O‘zbekiston sharoitida farovon jamiyatning ma’naviy-axloqiy asoslarini shakllantirish va rivojlantirish konsepsiyasi” haqida ma’lumot berildi.
Respublika bo‘ylab seminar-treninglar 13 dekabrga qadar davom etadi. “Maromiylik” loyihasi jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, ortiqcha isrofgarchilikning oldini olish va milliy qadriyatlarga asoslangan hayot tarzini qaror toptirishga xizmat qiladi.


