
Bugun Markazda “Korrupsiyaning ma’naviy oqibatlari, uni oldini olish tizimi va samaradorligi” mavzusida seminar tashkil qilindi.
Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlari doktori, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Feruza Muhitdinova yurtimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiyaviy omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning samarasi xususida batafsil ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinganidek, bugungi kunda davlat organlari va tashkilotlariga korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat xizmatiga halollik standartlarini joriy etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Asosiy maqsad – jamiyatda shaffoflik va adolatni ta’minlash, fuqarolarning ishonchini mustahkamlash ekani alohida ta’kidlandi.
Seminar davomida korrupsiyani yuzaga keltiruvchi holatlar, ularning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar, korrupsiyaviy holatlar uchun belgilangan jazo va choralar to‘g‘risida ham atroflicha so‘z yuritildi.


