Bugun Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan “Yoshlarni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish va ma’naviy-axloqiy tarbiyalash bo‘yicha o‘quv va ilmiy-metodik qo‘llanmalar, uslubiy tavsiya, ma’rifiy adabiyot va media mahsulotlar majmuasini yaratish” mavzusidagi amaliy-maqsadli loyiha doirasida tayyorlangan kitoblar, ilmiy ishlanma va risolalar TAQDIMOTI bo’lib o’tdi.
Ushbu loyihaga mamlakatimizning turli hududlaridan
40 dan ortiq professor va olimlar, doktorant va izlanuvchilar jalb qilindi.
Ilmiy tadqiqotlar jamiyatdagi ma’naviy muammolarni aniqlash va ularga yechim ishlab chiqishga, milliy o‘zlikni saqlash, tarixiy xotira va an’analarni ilmiy asosda rivojlantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, yosh avlod ongi, qadriyatlari va ijtimoiy faolligini o‘rganish orqali yoshlar siyosati, tarbiyaviy dasturlar takomillashtiriladi. Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash — bu faqat ilm-fanni rivojlantirish emas, balki jamiyatning barqaror kelajagini ta’minlashdir.
Loyiha doirasida Scopus bazasidagi jurnallarda 2 ta, OAK ro‘yxatidagi jurnallarda 56 ta, xorijiy jurnallarda 38 ta, xalqaro va respublika miqyosidagi konferensiyalar to‘plamlarida 155 ta, Internet saytlarida 8 ta, markaziy nashrlar - gazetalarda 60 ta maqolalar nashrdan chiqqan. Shuningdek, o‘quv-uslubiy ishlar 27 ta, monografiyalar 10 ta, risolalar 12 ta, 1 ta darslik chop etilib, 2 ta media mahsulotlar, 18 ta targ‘ibot materiallari tayyorlandi.


