
Sharqiy harbiy okrug Farg‘ona garnizonida joylashgan harbiy qismda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda “Rahbar va askarlar uchrashuvi” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi vakillari, ziyolilar hamda muddatli harbiy xizmatchilar ishtirok etib, ochiq va samimiy muloqot o‘tkazildi. Davra suhbati davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi, shuningdek, “Mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini yanada mustahkamlashning ustuvor vazifalari” mavzusi yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Globallashuv sharoitida, ayniqsa, Vatan himoyachilaridan yuksak ma’naviy uyg‘oqlik, fidoyilik va zamon talablari bilan hamnafas bo‘lish talab etilayotgani alohida ta’kidlandi. Bugungi kunda tinchlik va barqarorlik insoniyat uchun eng oliy ne’mat sifatida tobora yuksak qadrlanayotgani qayd etildi.
Muloqot jarayonida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ongida milliy g‘urur va mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlash, shuningdek, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ham so‘z yuritildi.
Tadbir so‘ngida okrug qo‘shinlari qo‘mondoni bir guruh ziyolilarni esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi. Shuningdek, rahbarlar muddatli harbiy xizmatchilar bilan birga tushlik qilib, ular bilan yaqin va samimiy suhbatlashdi.
Mazkur tadbir harbiy xizmatchilarda muhim hayotiy xulosalar chiqarishga, xizmatga bo‘lgan mas’uliyat va sadoqatni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.


