
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi tomonidan o'zbek, rus va ingliz tillaridagi "Milliy qadriyatlar atlasi" tayyorlanib chop etildi.
“Milliy qadriyatlar atlasi” da Oʻzbekiston hududida shakllangan milliy qadriyatlar, maʼnaviy-maʼrifiy meros va ularning tarixiy ildizlari keng va tizimli tarzda yoritilgan. Oʻzbekiston insoniyat tamadduni rivojida muhim oʻrin tutgan qadimiy makon sifatida talqin etilib, Sirdaryo va Amudaryo havzalarida vujudga kelgan oʻtroq hayot, dehqonchilik madaniyati va moʻtadil iqlim milliy tafakkur hamda qadriyatlar shakllanishiga kuchli taʼsir koʻrsatgani asoslanadi. Buyuk Ipak yoʻli orqali turli madaniyatlar, ilmiy va maʼnaviy yutuqlarning oʻzaro almashuvi bagʻrikenglik, ochiqlik va insonparvarlik fazilatlarini mustahkamlagani taʼkidlanadi.
Kitobda zardushtiylik, buddaviylik va islom taʼlimotlarining uygʻunlashuvi, diniy va dunyoviy qarashlarning oʻzaro boyituvchi xususiyati natijasida Markaziy Osiyoda yuksak ilmiy-madaniy muhit shakllangani ko‘rsatib beriladi. “Avesto” madaniyati, qadimgi turkiy bitiklar, xalq ogʻzaki ijodi namunalari, shuningdek, allomalar merosi milliy qadriyatlarning asosiy manbalari sifatida tahlil qilinadi. Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va islom qadriyatlarining yuksalishi alohida eʼtirof etiladi.
Shuningdek, millat va milliy qadriyatlar oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik, ularning etnik makon, til, tarixiy xotira va genofond bilan chambarchas aloqadorligi ochib beriladi. Oʻzbek xalqiga xos urf-odatlar, oila va jamiyatdagi axloqiy meʼyorlar milliy qadriyatlarning amaliy ifodasi sifatida talqin qilinadi.
Bir soʻz bilan aytganda, ushbu kitob-albom milliy qadriyatlarning tarixiy uzviyligi, vorisiyligi va bugungi jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatini yoritishga xizmat qiladi.


