O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida harbiy sohada boshqaruv samaradorligini oshirish, zamonaviy tahdid va xatarlarga munosib javob bera oladigan professional armiyani shakllantirish, shuningdek, muddatli harbiy xizmatni yoshlar tarbiyasi va ularni hayotga tayyorlashning muhim instituti sifatida rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, harbiy xizmat intizom, mas’uliyat va vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish bilan bir qatorda, yoshlar uchun mustahkam kasbiy poydevor yaratishi lozim.
Mazkur vazifalar ijrosini tizimli va manzilli tashkil etish maqsadida Respublika Ishchi guruhi tuzildi. Ushbu guruh tarkibiga tegishli vazirlik va idoralar, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari, shuningdek, soha mutaxassislari jalb etilgan bo‘lib, ular harbiy xizmat davomida yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish, ularning malakasini sertifikatlash hamda xizmat yakunidan so‘ng bandligini kafolatlashga qaratilgan mexanizmlarni ishlab chiqmoqda.
Shu kunlarda Respublika Ishchi guruhi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida amaliy faoliyatini boshlagan. Hududlarda olib borilayotgan o‘rganishlar doirasida harbiy qismlarning moddiy-texnik bazasi, mavjud infratuzilma imkoniyatlari, chaqiriluvchilar va yoshlarning qiziqishlari, shuningdek, hududiy mehnat bozorining real ehtiyojlari atroflicha tahlil qilinmoqda. Mazkur tahlillar asosida harbiy xizmat jarayonida o‘rgatiladigan kasblarning aniq yo‘nalishlari belgilab olinmoqda.


