
Mazkur tashkilot axborot xizmati rahbari Bahora Ahmedova mavzu yuzasidan tashkil etilgan brifingda quyidagilarni ma’lum qildi:
– Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan 2025 yil davomida mamlakatda ma’naviy-ma’rifiy siyosatni yangi bosqichga olib chiqish, jamiyatda umummilliy birdamlik, yangi milliy ruhiyat va vatanparvarlik g‘oyalarini mustahkamlashga oid keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Hisobot davrida tashkiliy-metodik yo‘nalishda bir qator muhim hujjatlar ishlab chiqilib, markaz faoliyatini muvofiqlashtirish kuchaytirildi. Hududlar, vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda yo‘l xaritalari, yillik kalendar rejalar va 230 dan ortiq targ‘ibot materiallari tayyorlandi. “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari soni 1 880 nafarga yetkazildi.
Ommaviy tadbirlar yo‘nalishida respublika va xalqaro miqyosda yirik loyihalar amalga oshirildi. “Umummilliy birdamlik festivali”, “Ma’rifat karvoni”, “Bir bayroq ostida” bayroq estafetasi, Konstitutsiya va Davlat tili bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar orqali millionlab aholi qatlamlari qamrab olindi. Xorijdagi vatandoshlar ishtirokida AQSH va Koreya Respublikasida ham ma’naviy-ma’rifiy forumlar o‘tkazildi.
Kitobxonlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. “Buyuklar haqida 100 ta dalil”, “Milliy qadriyatlar atlasi”, “Millat fidoyilari” kabi kitob va albomlar minglab nusxada chop etildi. “Turon kitob bekati” loyihasi doirasida Toshkent metropolitenida 50 ta bekatda kitob javonlari o‘rnatildi. Respublika bo‘ylab “Kitoblararo 80 kun” marafoni o‘tkazildi.
Raqamli targ‘ibot sohasida ijtimoiy roliklar, animatsion filmlar, podkastlar, kliplar va media-kampaniyalar orqali milliy g‘oyalar keng ommalashtirildi. Kontentlarning umumiy qamrovi yuz millionlab auditoriyani tashkil etdi.
Ilmiy-tahliliy faoliyat doirasida konferensiyalar tashkil qilindi, sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazildi, metodik qo‘llanmalar va ilmiy nashrlar tayyorlandi. Davlat xizmatchilari, ta’lim muassasalari vakillari hamda targ‘ibotchilar uchun malaka oshirish kurslari o‘tkazildi.
Loyihaviy faoliyatda “shaxs–jamiyat–davlat–mintaqa” tamoyili asosida yangi mafkuraviy yo‘nalishlar joriy etildi, 17 ta maqsadli loyiha amaliyotga tatbiq etildi.
Harbiy vatanparvarlik yo‘nalishida Qurolli Kuchlar bilan hamkorlikda ma’naviy-ma’rifiy dasturlar, kitobxonlik aksiyalari, kino namoyishlari va madaniy tadbirlar tashkil etilib, yuz minglab yoshlar qamrab olindi.
Markaz tizimida ijro intizomi, yoshlar masalasi va fuqaro murojaatlari bilan ishlash yo‘nalishlarida Prezident farmon va qarorlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi hamda Prezident Administratsiyasi topshiriqlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
2025 yil davomida “Ijro.gov.uz” axborot tizimi orqali Markazga jami 79 ta Prezident hujjatidan kelib tushgan 223 ta topshiriqlar bilan ishlandi. Ushbu topshiriqlarning 104 tasida Markaz asosiy yoki teng kuchli ijrochi, 119 tasida esa hamijrochi sifatida ishtirok etdi. Yil yakunida 131 ta topshiriq bajarilib, nazoratdan yechildi, 65 tasi doimiy tusga ega bo‘lgani sababli 2026 yil uchun ham nazoratda qoldirildi.
Prezidentimiz farmonlari va qarorlari asosida bugungi kunda 2026 yilga mo‘ljallangan 90 ta topshiriq belgilangan bo‘lib, ularning 35 tasida Markaz asosiy, 55 tasida hamijrochi sifatida ishtirok etmoqda.
Vazirlar Mahkamasi hujjatlari ijrosi bo‘yicha 2025 yilda jami 37 ta hujjatdan 130 ta topshiriq kelib tushdi. Ushbu topshiriqlarning 119 tasi to‘liq bajarilib, nazoratdan yechildi, 11 tasi doimiy tusga ega bo‘lib, kelgusi yilga o‘tkazildi.
Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari rezolyutsiyalari asosida 31 ta topshiriq qabul qilinib, ularning 22 tasi ijro etildi, qolgan qismi 2026 yilda davom ettiriladi.
Fuqaro murojaatlari bilan ishlash yo‘nalishida ham aniq natijalar qayd etildi. 2025 yilda Markazga jami 36 ta fuqaro murojaati kelib tushdi. Ularning 8 tasi ijobiy hal etildi, 5 tasi vakolatli idoralarga yo‘naltirildi, 16 tasi bo‘yicha qonunchilik normalari yuzasidan tushuntirish berildi. Shuningdek, 6 ta murojaat takroriy deb topildi, 1 ta murojaat esa qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqilmadi.
Markaz tizimida ijro intizomini mustahkamlash, murojaatlar bilan ochiq va shaffof ishlash hamda belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish ustuvor vazifa sifatida belgilanib, bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.


