Bugungi globallashuv sharoitida axborot almashinuvi tezlashib, turli madaniyatlar o‘zaro yaqinlashayotgan bir paytda milliy o‘zlikni asrab-avaylash, azaliy qadriyatlar va an’analarni saqlab qolish hamda ularni kelajak avlodga yetkazish har jihatdan dolzarb. Chunki har bir xalqning tarixi, ma’naviy dunyosi va hayot tarzi aynan shu qadriyatlar orqali namoyon bo‘ladi. Milliy an’analarni unutmaslik, ularni zamon talablariga mos holda rivojlantirish va keng targ‘ib etish yosh avlodda vatanparvarlik, milliy g‘urur va o‘zlikni anglash tuyg‘ularini shakllantiradi. Shu bois, milliy madaniyatimiz, urf-odatlarimiz va ma’naviy merosimizni asrash hamda dunyo miqyosida keng targ‘ib qilish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2023 yil 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifadan kelib chiqib, “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi, maxsus veb-platforma va mobil ilova yaratildi.
Loyiha doirasida 28 nafar olimlar, ziyolilar va yuqori malakali mutaxassislardan iborat ijodiy guruh shakllantirilib, 8 ta yo‘nalish — Yangi O‘zbekistonning milliy qadriyatlari, milliy-axloqiy qadriyatlar, urf-odatlar, marosimlar, bayramlar, milliy o‘yinlar, milliy-tabiiy hamda milliy-badiiy qadriyatlar bo‘yicha keng qamrovli tadqiqot ishlari olib borildi.
Barcha hududlardan jamlangan ma’lumotlar asosida o‘zbek, ingliz va rus tillarida “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi chop etildi. Nashrni tayyorlash jarayonida 1,7 mingdan ortiq matn, 3 mingdan ziyod surat, 300 dan ortiq milliy qo‘shiq hamda 2 mingga yaqin video va audio materiallar tahlil qilindi.
Kitobda Markaziy Osiyoda shakllangan yuksak ilmiy-madaniy muhit ifoda etiladi. Qadimgi turkiy bitiklar, xalq og‘zaki ijodi namunalari, shuningdek, allomalar merosi milliy qadriyatlarning asosiy manbalari sifatida tahlil qilinadi. Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va islom qadriyatlarining yuksalishi alohida e’tirof etiladi.
Shuningdek, millat va milliy qadriyatlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, ularning etnik makon, til, tarixiy xotira va genofond bilan chambarchas aloqadorligi ochib beriladi. O‘zbek xalqiga xos urf-odatlar, oila va jamiyatdagi axloqiy me’yorlar milliy qadriyatlarning amaliy ifodasi sifatida talqin qilinadi.
Ushbu kitob-albom milliy qadriyatlarning tarixiy uzviyligi, vorisiyligi va bugungi jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatini yoritishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ushbu materiallar asosida qadriyatim.uz elektron platformasi va uning mobil ilovasi ishlab chiqildi. Platforma doimiy yangilanib boriladigan, chet ellik foydalanuvchilar va xorijdagi vatandoshlar uchun milliy qadriyatlar, moddiy va nomoddiy madaniy meros haqida bir nechta xorijiy tillarda ma’lumot taqdim etuvchi interaktiv axborot bazasi hisoblanadi.
Bugungi kunda “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi mamlakatimiz bo‘ylab oliy ta’lim muassasalari, milliy madaniyat markazlari va turistik ob’ektlarda keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda.
Shu bilan birga, joriy yilda “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan hamkorlikda kitob-albomni qo‘shimcha 1000 nusxada chop etish, xorijdagi vatandoshlar va diaspora vakillari ishtirokida elchixonalarda taqdimotlar o‘tkazish, shuningdek, kitob-albomning o‘zbek, ingliz va xitoy tillaridagi yangi nashrlarini tayyorlash rejalashtirilgan.


