
O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida xizmat qilayotgan yoshlarni ma’naviy jihatdan barkamol, Vatanga sadoqatli va fidoyi shaxs etib tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Bu yo‘lda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Mudofaa vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, FA Tarix instituti, Yoshlar ishlari agentligi hamda tegishli tashkilotlar hamkorligida harbiy xizmatchilar o'rtasida kitobxonlikni keng targ'ib qilish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Kitob — askarning dunyoqarashini kengaytirib, unda Vatanga muhabbat, jasorat, mas’uliyat va fidoyilik tuyg‘ularini shakllantiradi. Badiiy adabiyotlar orqali yoshlar milliy tarix, ajdodlar qahramonligi va yurtga sadoqat ruhida tarbiyalanadi.
Ta’kidlanganidek, harbiy qismlarni badiiy va ma’rifiy adabiyotlar bilan tizimli ta’minlash, harbiy kutubxonalarni rivojlantirish hamda taniqli yozuvchi va shoirlar asarlarini keng targ‘ib etish muhimdir. Bu askarlarning ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Ma’naviy yetuk, bilimli va vatanparvar askar — yurt tinchligi va taraqqiyotining ishonchli kafolati. Zero, kitob va kitobxonlik bu yo‘lda eng samarali vositalardan biri bo‘lib qolaveradi.


