
Markaz tashabbusi bilan Temuriylar tarixi davlat muzeyida Amir Temur tavalludining 690 yilligini munosib nishonlash, uning milliy davlatchiligimiz, jahon tarixi va Turon tamaddunidagi beqiyos o‘rnini chuqur o‘rganish, ilmiy asosda tadqiq etish va keng targ‘ib qilish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tarixchilar, temurshunos olimlar va ma’naviy-ma’rifiy soha vakillari ishtirok etib, Prezidentimizning 2026-yil 5-fevraldagi qarori mazmun-mohiyatini atroflicha muhokama qildilar.
Ma'lum qilinganidek, respublika va xalqaro miqyosda ilmiy-amaliy konferensiyalar, ko‘rgazmalar va madaniy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Temuriylar davri merosini raqamlashtirish, yangi ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va “Temur tuzuklari” bilimdonlari kabi tanlovlarni tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
Temuriylar tarixiga oid adabiyotlar reyestrini shakllantirish, tarixiy-badiiy va hujjatli filmlar, sahna asarlari yaratishda tarixchi olimlar salohiyatidan keng foydalanish, telekanallarda turkum ko‘rsatuvlar tayyorlash, targ‘ibotda zamonaviy yondashuvlarni tadbiq etish masalalari ham muhokamalar markazida bo‘ldi.
Aytilganidek, ushbu tarixiy hujjat temuriylar merosini o‘rganishda tarixchi olimlar, ziyolilarni bir platformaga jam qilib, ilmiy tadqiqot va targ‘ibotda kuchlarni birlashtirishga xizmat qiluvchi muhim huquqiy asosdir.
Zero, Amir Temur merosi – bu faqat tarix emas, balki kelajakka ishonch, milliy g‘urur va ma’naviy kuch manbai ham.


