
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentyabrdagi “Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Buyuk Sharq Renessansi” xalqaro olimpiadasini tashkil etish belgilangan.
“Buyuk Sharq Renessansi” xalqaro olimpiadasi — O‘zbekistonda millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik hissini shakllantirish va madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida tashkil etiladigan nufuzli intellektual musobaqasiga aylanadi.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi o‘tkazilib, unda Olimpiadani yuqori saviyada tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, Olimpiada Nizomi, chora-tadbirlar rejasi, logotipi hamda Ilmiy qo‘mita tarkibi ma’qullandi. Ilmiy qo‘mita malakali professor-o‘qituvchilar va akademiklardan shakllantirildi, shuningdek, xorijiy ekspertlarni jalb etish belgilandi.
Mazkur xalqaro olimpiada yurtimizning boy tarixiy va madaniy merosini keng targ‘ib etish, yoshlar ongida bag‘rikenglik va ma’naviy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va taraqqiyot jarayonlarini jahon hamjamiyatiga namoyon etishga xizmat qiladi.


