
1905-yilning 10-yanvarida shoir, adib, jamoat arbobi — Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek tug‘ilgan. Ijodkorni kelajak avlod ham yaqindan tanishi uchun uning Yunusobod tumani «Yangiariq» mahallasida joylashgan uy-muzeyi haqida ma'lumot beramiz.
Yunusoboddagi Iftixor 1-tor ko‘chasi bo‘ylab 3−4 daqiqa yurganda, chap tarafdan Oybek uy-muzeyi joylashgani haqida ma’lumot beruvchi maxsus belgi chiqadi. Shu belgi bo‘ylab ketilsa, ikki qavatli 26-uy keladi. Uy peshtoqiga «Oybek uy-muzeyi» deb yozib qo‘yilgan, darvozadan chap tarafga o‘rnatilgan uchta lavhachada esa bu uyda yashab ijod qilganlar — akademik Oybek qatori uning rafiqasi, birinchi o‘zbek kimyogari Zarifa Saidnosirova hamda ularning o‘g‘li, kimyo fanlari doktori Suyun Toshmuhammedov haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Uy-muzey 1980-yili — adib tavalludining 75 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan. U ikki — badiiy va memorial qismdan iborat. Katta darvozadan kirgach, chap tomondagi ayvonda 5 xonali binodan iborat badiiy qism keladi. Unda Oybekning hayot va ijod yo‘lini aks ettirgan ekspozitsiyalar bor. Muzeyda 10 mingdan ortiq eksponat mavjud bo‘lib, yiliga 13 mingga yaqin tashrifchi keladi.
Oybekning bolalik va yoshlik davri bilan tanishtiruvchi birinchi xona. To‘rda rassom Boris Brinskix chizgan "Govkush" mahallasining 1960-yillardagi manzarasi aks etgan surat. Chap tarafdagi burchakda Oybek oilasida ishlatilgan uy-ro‘zg‘or buyumlari, eski maktab anjomlari o‘rin olgan bo‘lsa, devorda Oybek tavallud topgan uyning 1950-yillardagi ko‘rinishi tasvirlangan. Bolaligida ota-onasi bilan tushgan, akasi Isomuhammad va singlisi Shafoatning 60-yillardagi suratlari, yana o‘sha paytlardagi ta’lim jarayonining taxminiy tasviri osig‘liq.
Shuningdek, bu xonada adib ilk she’rlarining qo‘lyozma va bosma nusxalari, uning ijodi shakllanishiga turtki bergan shoirlar va ularning kitoblari o‘rin olgan. Xona derazasidagi vitrajdan Oybek taxallusining ramziy ma’nosini ifodalaydigan oy tasviri Toshkent osmonidan mo‘ralab turadi.
Muzeydagi ushbu xona markazidan o‘rin egallagan shishali stendda tahlikali davrda yozib tugallangan «Qutlug‘ qon» romani qo‘lyozmasi, ilk nashri va turli tillarda: rus, uyg‘ur, chex, ozarbayjon, slovak tillaridagi tarjimalari bor.
Uchinchi zaldagi eksponatlarning ko‘pi Navoiy mavzusiga bog‘langan. Oynavand burchakka «Navoiy» romanining qo‘lyozma, ilk nashri hamda boshqa tillardagi tarjimalari joylangan. Roman rus, ingliz, ukrain, nemis, belorus, qozoq, turkman, ozarbayjon, tojik, arab, fors, eston, latish va xitoy tillariga tarjima qilingan.
«Navoiy» romani 1942-yili bitadi.
To‘rtinchi zal «Oybek abadiyati» deb ataladi. Bu yerda adibning o‘zbek va rus tillaridagi ko‘p jildlik asarlari nashri, shuningdek, ayrim asarlarining umrining oxirgi yillari xorijda bosilgan nusxalari, mukofotlari o‘rin olgan. Bundan tashqari, adib surati tushirilgan, misralari bitilgan sopol va chinni buyumlar, mis idishlar, Oybekka bag‘ishlangan badiiy, ilmiy va ilmiy-ommabop asarlar ham saqlanadi. Javondagi asarlarni nashrdan chiqarishga Zarifa Saidnosirova bosh-qosh bo‘lgan.
Zaldan ichkariroqqa yurilsa, Oybekning ijodxonasiga chiqiladi. «Qutlug‘ qon» va «Navoiy» romanlari shu yerda yozilgan.
Adabiy qismdan hovliga chiqqach, shimoliy tarafdagi binoda memorial xonalar: mehmonxona, ijodxona (birinchi qavatda), bolalar xonasi va yotoqxona (ikkinchi qavatda) joylashgan ekan.
Hovlida turib, Oybekning zarif she’riyatida tasvirlanmish tabiatni xonadoniga ham ko‘chirganiga amin bo‘lasiz. Kaftdek bog‘da shoir ekkan archa, chinor hamon qad kerib turibdi.Manba:gazeta.uz sayti


