
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, Ijtimoiy-ma'naviy tadqiqotlar instituti hamda “Ma'rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida “Zamonaviy ma'rifat: yangi nigoh, kreativ yondashuv” mavzusida o‘quv-seminari bo‘lib o‘tmoqda. Unda Qoraqalpog'iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan 110 nafar yetuk ziyoli, olim va ekspert ishtirok etmoqda.
Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad, targ'ibotchilarning notiqlik, media savodxonlik, psixologik barqarorlik va zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish.
Asosiy yo‘nalishlar:
- Strategik tahlil: Yangi O‘zbekiston g‘oyalarini sodda va xalqchil tilda tushuntirish.
- Soft Skills (Yumshoq ko‘nikmalar): Notiqlik, xarizma va auditoriya bilan ishlash.
- Digital Skills (Raqamli ko‘nikmalar): Ijtimoiy tarmoqlar, sun’iy intellekt va vizual kontent bilan ishlash.
- Psixologiya: Turli qatlamlar (aholi, uyushmagan yoshlar) bilan muloqot va konfliktlarni boshqarish.
Loyiha doirasida qatnashchilarga “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolik guvohnomasi hamda maxsus sertifikatlar topshirildi.
Biz buyuk maqsadlarni ko'zlagan xalqmiz
Siyosiy fanlar doktori, professor, "Ma'rifat" targ'ibotchilar jamiyati a'zosi Narzulla Jo'rayev:
- Yoshlarni kattalar tarbiyalaydi. Ammo kattalarni kim tarbiyalaydi? Bu savol jamiyat kelajagiga daxldor chuqur ma’noni o‘z ichiga oladi. Kattalarni hayot, tajriba, ilm va eng avvalo o‘z-o‘zini anglash tarbiyalaydi. Agar inson o‘zini ma’naviy va aqliy jihatdan tarbiyalab bormasa, u boshqalarga yo‘l ko‘rsata olmaydi. Shuning uchun har bir ziyoli avvalo o‘z ustida ishlashi, o‘z vijdoni va mas’uliyati oldida rost turishi lozim. Bugun jamiyatimiz rivojlanish bosqichida. Globallashuv sharoitida millatning aslligini, tilini, qadriyatlarini va ma’naviy tayanchlarini saqlash har qachongidan muhim. Biz — ziyolilar — o‘zligimizni asrash, millat ruhini mustahkamlash uchun mas’ulmiz. Biz buyuk maqsadlarni ko‘zlagan xalqmiz. Buyuk maqsad esa yuksak tafakkur, mustahkam iroda va teran bilimni talab qiladi. Buning uchun bilim kerak, salohiyat kerak, ma’naviy barkamollik kerak. Chunki bilim kuch beradi, salohiyat esa shu kuchni amalga aylantiradi. Yoshlarni tarbiyalashdan oldin kattalar o‘zini tarbiyalashi shart. Chunki millat kelajagi — avvalo uning ongi va vijdoni pok insonlari qo‘lidadir.
Zamonaviy targ'ibotchining Ijtimoiy-ma'naviy qiyofasi
"Ma'rifat" targ'ibotchilar jamiyati ekspertlar kengashi raisi, tarix fanlari doktori, professor Abduhalil Mavrulov:
- Biz uch ming yillik tariximiz davomida nimaga erishgan bo‘lsak — ziyolilarimizning birlashgani tufayli, nimaga erisha olmagan bo‘lsak — ularning tarqoqligi sababli bo‘ldi. Millatning gullari ziyolilar bo‘lsa, ziyolilarning gullari — ma’rifat targ‘ibotchilaridir. Chunki targ‘ibotchi bilimni xalq ongiga yetkazadi, g‘oyani harakatga aylantiradi. Zamonaviy targ‘ibotchi zamon nafasini his qiladigan, islohotlarga chetdan kuzatuvchi emas, balki faol ishtirokchi bo‘lishi kerak. Targ'ibotchi odamlarni o'zining ortidan ergashtira olishi, bugungi kun islohotlarini o'zi avvalo his qilishi va uni boshqalarga yetkaza olishi kerak. Targ'ibotchi quyoshdir, u tinglovchini isitishi, ularga nur, ziyo berishi kerak.
So'zning uvoli bor, undan to'g'ri foydalanishimiz kerak
Falsafa fanlari doktori, professor, "Ma'rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a'zosi Qiyomiddin Nazarov:
- Biz so‘z bilan ishlaymiz. So‘z — bizning qurolimiz ham, qalqonimiz ham, yo‘l ko‘rsatkichimiz hamdir. Har bir aytilgan fikr jamiyat ongiga urug‘dek qadalar ekan, u yoki ezgulikka, yoki adashishga boshlaydi. Shuning uchun biz so‘zning og‘irligini, uning mas’uliyatini, uning qalblarga ta’sir qilish qudratini chuqur his qilishimiz kerak. So‘z shunchaki tovush emas — u g‘oya, u e’tiqod, u kelajakdir. Agar so‘z ongli ishlatilsa, u insonni uyg‘otadi, ruhlantiradi, fikrlashga undaydi. Agar beparvo ishlatilsa, u chalg‘itadi, ishonchni yemiradi, ma’naviyatni zaiflashtiradi. Biz so‘z bilan ishlayotgan ekanmiz, demak biz qalblar bilan, taqdirlar bilan ishlayapmiz. Shu bois har bir jumlamizda halollik, har bir fikrimizda mas’uliyat, har bir murojaatimizda samimiyat bo‘lishi shart. Chunki kuchli jamiyat avvalo kuchli, pok va ongli so‘zdan boshlanadi.


