
Yurtimizda bahorning eng go‘zal ayyomi — Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan 16-martdan 31-martgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahrida keng ko‘lamli “Navro‘z sayli” festivali bo‘lib o‘tadi.
Festival davomida milliy an’analar, madaniyat va san’at uyg‘unlashgan qiziqarli loyihalar tashkil etiladi:
“Mumtoz navolar” — milliy va mumtoz kuy-qo‘shiqlar kechasi
“Do‘stlik dasturxoni” — milliy taomlar va mehmondo‘stlik bayrami
“Ma’rifat bog‘i” — kitob, tafakkur va ma’naviyat maskani
“An’ana va Avangard” — milliy hunarmandchilik va zamonaviy san’at ko‘rgazmasi
“Bahodirlar o‘yini” — milliy sport va polvonlar bellashuvi
“Samodagi orzular” — rang-barang varraklar sayli
Bayram sayllarida el ardog‘idagi san’atkorlar, shoir va yozuvchilar hamda xushovoz xonandalar ishtirok etib, tomoshalarga yanada fayz bag‘ishlaydi.
Festival O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida tashkil etilmoqda.
Barchangizni Navro‘z sayllarida faol ishtirok etishga chorlaymiz!


