
Surxondaryo viloyatida Respublika ishchi guruhi tomonidan amalga oshirilayotgan o‘rganish ishlari izchil va tizimli tarzda davom etmoqda. Ushbu jarayonlar hududda ta’lim, ma’naviyat va yoshlar siyosati yo‘nalishlaridagi faoliyatni yanada takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Kun tartibi doirasida dastlab hududdagi o‘quv markazlari hamda kitob savdosi bilan shug‘ullanayotgan tashabbuskor yosh tadbirkorlar bilan samimiy uchrashuv tashkil etildi. Unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Xasanov hamda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sadullayev ishtirok etib, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish va zarur shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, bu borada samarali tizimni yo‘lga qo‘yish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Navbatdagi uchrashuv Termiz davlat universitetida bo‘lib o‘tdi. Unda professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, yoshlarning fikr va tashabbuslari tinglandi. Muloqot davomida ta’lim sifatini oshirish, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etish va ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuv erkin va samimiy ruhda o‘tib, yoshlarning kelajakka oid reja va maqsadlari muhokama markazida bo‘ldi.
Shu bilan birga, Termiz tumanida ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar ham atroflicha o‘rganildi. Otabek Xasanov tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limida tashkil etilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, “Ma’naviyat burchagi”, zamonaviy kutubxona, yangi adabiyotlar jamlanmasi hamda elektron resurslar faoliyatini yuqori baholadi. Ushbu imkoniyatlar xodimlarning ma’naviy va intellektual salohiyatini oshirish, huquqiy ongini yuksaltirish va milliy qadriyatlarga hurmat ruhini mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Tashrif yakunida mazkur ilg‘or tajribani keng ommalashtirish, ayniqsa, Termiz tumani namunasida boshqa hududlarda ham joriy etish muhim ekani qayd etildi.
Umuman olganda, amalga oshirilayotgan o‘rganish ishlari yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va ma’naviyat sohalarini rivojlantirish, shuningdek, hududlarda samarali tizim yaratishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyat kasb etmoqda.


