
Bugun, 9-aprel kuni buyuk sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi yurtimiz bo‘ylab keng tantana bilan nishonlanmoqda. Bu sana nafaqat tarixiy xotira, balki milliy g‘urur va iftixor timsoli sifatida qalblarda alohida o‘rin tutadi.
Toshkent shahridagi Amir Temur xiyobonida buyuk sarkarda haykali poyiga gul qo‘yish marosimi yuksak ruhda bo‘lib o‘tdi. Marosimda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi jamoasi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari ishtirok etib, Sohibqiron xotirasiga chuqur ehtirom bajo keltirdilar.
Har bir qo‘yilgan gulchambar — buyuk ajdodimizga bo‘lgan hurmat, uning beqiyos jasorati, donishmandligi va davlatparvarlik merosiga sadoqat ifodasidir. Zero, Amir Temur siymosi asrlar osha millatimizni birlashtirib, kelajak sari ilhom bag‘ishlab kelmoqda.
Shuningdek, ma’naviyat va ma’rifat sohasi vakillari Prezident qarori ijrosi doirasida qayta hayot bag‘ishlangan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurishdi. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan, raqamlashtirish orqali imkoniyatlari kengaygan va yangilangan ekspozisiyalari bilan muzey mehmonlarni go‘yo vaqt ko‘prigi orqali buyuk tarix bag‘riga chorlaydi.
Bu yerda har bir eksponat — o‘tmishning jonli guvohi, har bir burchak — Amir Temur va Temuriylar davrining ulug‘vor nafasi bilan to‘yingan. Tashrif buyuruvchilar nafaqat tarixni tomosha qildilar, balki uni his etib, o‘sha davr ruhi bilan yuzma-yuz keldilar.
Bu safar ular uchun oddiy ekskursiya emas, balki buyuk meros bilan muloqot, ajdodlar shon-sharafiga yana bir bor ta’zim qilish, milliy o‘zlikni teran anglashga chorlovchi ma’naviy sayohatga aylandi.


