
Bugun Markaz rahbari Otabek Hasanov Toshkent davlat agrar universitetida tahsil olayotgan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Yangi O‘zbekistonda kuzatilayotgan olamshumul o‘zgarishlar, izchil islohotlar, yoshlar siyosati va ta’lim tizimidagi yangilik hamda imkoniyatlar atroflicha muhokama qilindi.
Dastlab, talaba-yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish va jamoat tartibini saqlashda faol ishtirok etayotgan “Qalqon” jamoatchilik guruhi a’zolari bilan suhbat bo‘lib o‘tdi.
Otabek Hasanov yoshlar bilan muloqotda kitob va mutolaaning inson kamolotidagi o‘rni, jamiyatda kitobxonlikni keng targ‘ib etish maqsadida Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, shuningdek, zamonaviy media vositalari asosida tayyorlanayotgan nashrlar haqida qiziqarli va foydali ma’lumotlar berdi.
Tadbir davomida talaba-yoshlar o‘z ishlanmalari, tashabbuslari, g‘oya va loyihalari bilan o‘rtoqlashib, amaliy takliflarini bildirdilar.
Shuningdek, talabalar turar joyi hududida barpo etilgan ochiq sport maydonchasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi hamda yangi qurilgan “Renessans” ma’ruzalar majmuasi bilan tanishildi.
Mazkur uchrashuv yoshlarning intellektual va ijtimoiy faolligini oshirish, ularni yangi g‘oya va tashabbuslar sari ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.


