
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada “Buyuk meros – buyuk kelajak” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yoshlar va keng jamoatchilik o‘rtasida mutolaa madaniyatini keng targ‘ib etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni mustahkamlash hamda buyuk ajdodlar merosini chuqur o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirishdan iborat.
Tadbir davomida ishtirokchilarga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan nashr etilgan “Buyuklar haqida 100 dalil” kitobi hamda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining “Temurbek” nomli asari taqdim etildi.
Ushbu asarlar orqali buyuk allomalar va tarixiy shaxslarning hayoti, faoliyati va ibratli yo‘li keng yoritilgan bo‘lib, ular yosh avlod uchun muhim ma’naviy manba hisoblanadi.
Tadbirda so‘z olganlar jamiyatda kitobxonlikni rivojlantirish, aholi, ayniqsa yoshlar orasida mutolaa muhitini shakllantirish, ma’naviy qadriyatlarni keng targ‘ib qilish hamda ma’naviy-ma’rifiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Shuningdek, vazirlik va tashkilotlar vakillariga kitoblar tantanali ravishda topshirildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur tashabbus doirasida 123 000 dan ortiq kitoblar keng jamoatchilikka yetkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular “Kitob karvoni” loyihasi doirasida tizimli ravishda yurtimizning barcha hududlariga yetkaziladi.
Mazkur tadbir kitobxonlikni rivojlantirish, yoshlarni ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va ularni buyuk ajdodlar merosi ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.


