
Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan “Mustaqillik to‘yi” festivali bu gal nafaqat keng qamrovli madaniy tadbir, balki inson qadri, mehr-oqibat va milliy birdamlik tarannumiga aylandi.
Festival doirasida tashkil etilgan “Yaxshilik karvoni”, “Shukronalik” ma’naviy-madaniy dasturi, “Yangi O‘zbekistonning yangi manzillari”, “Qadriyatlar qaror topgan yurt” kabi loyihalar xalq qalbidagi ezgu tuyg‘ularni yanada mustahkamladi.
Ma’naviyat va ma’rifat namoyondalari mahallalarda bo‘lib, ehtiyojmand va mehrga muhtoj oilalar holidan xabar oldilar. Samimiy suhbatlar, ezgu duolar va shukronalikka yo‘g‘rilgan uchrashuvlar xalqimizga xos bag‘rikenglik, saxovat va hamjihatlik fazilatlarining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Marg‘ilon va Quva ahli bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotlarda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, yurtdagi bunyodkorlik va yangilanishlar haqida so‘z yuritildi. Yurtdoshlarimiz bu o‘zgarishlar o‘z hayotida, orzu-intilishlarida va kelajakka ishonchida yaqqol sezilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladilar. Ayniqsa, vodiyda milliy qadriyatlar va zamonaviy taraqqiyot uyg‘unlashib, inson manfaati va farzandlar kelajagiga xizmat qilayotgani alohida e’tirof etildi.
“Mustaqillik to‘yi” festivali haqiqiy ma’naviyat, ma’rifat va madaniyat bayrami sifatida qalblarda unutilmas taassurot qoldirdi.


