
O‘zbekiston xalq artisti Rahima Mazohida ijro etgan bir xalq qo‘shig‘ining yaralish tarixi shunday ekan: o‘tgan asr boshlarida Qo‘qon ko‘chalaridan ketayotgan yigitning yonidan boshiga ro‘mol yopingan, uzun yengli ko‘ylak kiygan qiz suv ko‘tarib o‘tibdi. Yigitning ko‘zi beixtiyor qizning yengidan chiqib turgan nozik, oppoq barmoqlariga tushib, yuragi jiz etibdi. Xayolidan: “Barmoqlari shunchalar go‘zal bo‘lsa, bu qizning yuzi, ovozi qanday ekan?” degan fikr o‘tibdi. Qiz kirib ketgan darvozani bilib olibdi-da, “Hech bo‘lmasa, uning ovozini eshitarman”, degan ilinjda gado kiyimida kelib o‘sha darvozani taqillatgan ekan.
Ha, inson hamisha o‘ziga sirli tuyulgan narsalar, odamlar, voqealarga boshqacha qiziqadi, u haqda ko‘proq bilishga intiladi. Shoir Abdulhamid Cho‘lponning:
Sochilgan sochingdek sochilsa siring,
Anor yuzlaringni kimga tutasan? –
degan satrlari yodingizdami? Shoir SIR so‘zi mohiyatida qizlar, ayollarning iffati, hayosi, andishasi, pokizaligini nazarda tutgan. Bu fazilatlardan mosuvo insonlarning hayoti qanday bo‘lishini bugun “ommaviy madaniyat” vakillari taqdirida yaqqol ko‘ryapmiz. Ular uchun oilaviy qadriyatlar umuman ahamiyatsiz; shahvoniy nafsning barcha xohishlari ko‘chasiga kirib chiqadilar. Yevropaning ayrim mamlakatlarida tug‘ilish umuman kamayib, millat kelajagi tanazzulga yuz tutishi sababi u yerdagi ayollarning turmush tarzidagi ochiq-sochiqlik, ichki va tashqi dunyosida parda qolmagani uchun, ularni erkaklar uy bekasi, onalikka loyiq ko‘rmay qo‘yganliklari ekanini ruhiyatshunoslar, jamiyatshunoslar ilmiy asoslab berdilar.
Ijtimoiy tarmoqda beandisha, behayo, o‘zbek yigiti nomiga isnod keltiradigan fikrlarni aytgan sadqayi tarixchi haqida mulohaza bildirganlar uning gaplarini qizlar, ayollarga nisbatan hurmatsizlik deb baholamoqdalar. Men esa uning bu ishini avvalo o‘ziga, onasiga, opa-singillariga bo‘lgan behurmatlik, yuzsizlik, ularning sha’ni-yuziga oyoq qo‘yish, deb bilaman.
Muhtarama ULUG‘OVA


