ManaviyatRespublikaMa'naviyat vama'rifat markazi
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
  • Bosh sahifa
  • Markaz haqida
  • Tuzilma
  • Yangiliklar
  • Mediateka
  • Maqolalar
  • E-Kutubxona
KirishRo'yxatdan o'tish
Manaviyat

Millatning manaviy yuksalishi yo'lida

Ijtimoiy tarmoqlar

Sayt

  • Biz haqimizda
  • Missiya
  • Rahbariyat
  • Jamoa
  • Tarix

Yo'nalishlar

  • Manaviyat
  • Ta'lim
  • Madaniyat
  • Yoshlar siyosati
  • Tarix

Manbalar

  • Yangiliklar
  • Loyihalar
  • Tadbirlar
  • Nashrlar
  • Media arxiv

Aloqa

  • Bog'lanish
  • Manzil
  • Ishga joylashish
  • Matbuot
© 2026 Manaviyat. Barcha huquqlar himoyalangan.
Maxfiylik siyosatiFoydalanish shartlariCookie
  1. Bosh sahifa›
  2. Yangiliklar›
  3. “Adolat, urush tugagach non ko‘p bo‘ladimi?” – Butun non yeyolmaydigan momo hikoyasi

“Adolat, urush tugagach non ko‘p bo‘ladimi?” – Butun non yeyolmaydigan momo hikoyasi

“Adolat, urush tugagach non ko‘p bo‘ladimi?” – Butun non yeyolmaydigan momo hikoyasi
05-iyun, 2026

Adolat momo nonni har doim ikkiga bo‘lib yeydi. Chayir qo‘llari bilan sekin, ehtiyotkorlik bilan bo‘ladi, – go‘yo u oddiy non emas, achchiq hayotning hosilidek.

Adolat momo nonni har doim ikkiga bo‘lib yeydi. Chayir qo‘llari bilan sekin, ehtiyotkorlik bilan bo‘ladi, – go‘yo u oddiy non emas, achchiq hayotning hosilidek.

 

Bir kuni nabirasi Muzaffar va Zamira so‘radi:

 

– Momo, nega har safar nonni yarmini qoldirasiz? Bizda yetarli-ku...

 

Adolat momo jilmaydi. Bu jilmayish uzoq yillardan qolgan bir og‘riqning soyasi edi. Xayoli uzoqqa, 1941-yilning qahraton qishiga ketdi.

 

– Bolalarim, – dedi u past ovozda, – nonni bo‘lmay yeyishga haqqimiz yo‘q edi. Yarmini ertangi kun uchun saqlash kerak edi. Ertangi kunni esa... hech kim bilmasdi.

 

***

Urush boshlanganda u to‘qqiz yoshda edi. Qishloqda erkaklar birdan g‘oyib bo‘ldi. Faqat ayollar, bolalar va chollar qoldi. Paxta dalalari, bug‘doyzorlar, sovuq yer – hammasi ayollarning nozik yelkasiga tushdi. Ular tong yorishmasdan qo‘llari muzlab, ochlikdan boshi aylanib yer haydashardi. Kechqurun uyga qaytganlarida bolalariga bir bo‘lak non berish uchun o‘zlarining yemagidan tejashardi. Non... O‘sha paytda non oltindan ham qimmat edi.

 

Bozorlarda, ko‘chalarda odamlar ochlikdan yiqilib qolardi. Evakuatsiya qilingan oilalar, yarador askarlar, och qolgan bolalar – bari non izlab yurardi. Kolxozlarda hosilning katta qismi frontga jo‘natilardi. Qolgani esa ayollar va bolalar o‘rtasida bo‘lishilardi. Bir kunlik norma – bir bo‘lak non. Uni ikkiga bo‘lib, bir bo‘lagini bugunga, ikkinchisini ertanga saqlashardi.

 

 

Adolat momo eslaydi, bir kuni singlisi Maryam kasal bo‘lib qoldi. Isitmasi ko‘tarilib, ovqat yemasdi. Onasi yarim bo‘lak nonni Maryamga uzatdi. Maryam yedi-yu, yana so‘radi. Onasi ko‘z yoshini yashirib: “Qo‘y, qizim, ertaga yana beraman, uxlasang o‘tib ketadi”, dedi.

 

Ammo ertasi kun non bo‘lmadi, suv va bir hovuch quritilgan pidanagina... Maryam kechasi jimgina uxladi. Hech qanday shovqin, yig‘isiz. Faqat ertalab onasi uning sovuq qo‘lini ushlab, “Endi yarim bo‘lak non senga yetadi, bolam”, deb pichirladi.

 

Shu kundan keyin Adolat momo nonni ikkiga bo‘lishni o‘rgandi. Bu odat emas, omon qolish strukturasi edi.

 

1943-yilning qattiq qishida ularning uyiga Toshkentdan evakuatsiya qilingan bir rus oilasi keldi – uch farzandli och va holdan toygan ona. Kichik qizchasi Katya, atigi besh yoshda, ko‘zlari katta-katta, yuzi cho‘pday ozg‘in edi. Har ertalab Katya Adolatning yoniga kelib, jimgina turardi. Hech narsa so‘ramasdi, faqat nonning hidini sezgandek burunlarini qimirlatardi.

 

Bir kuni Adolatning onasi oxirgi yarim bo‘lak nonni ikkiga bo‘ldi. Bir yarmini o‘z bolalariga, ikkinchi yarmini esa Katya va uning ukalariga uzatdi. Adolat o‘sha lahzada qattiq yig‘lagisi keldi, yig‘lamadi. Onasi unga shunday degandi: “Bolam, bugun biz yarim bo‘lak bilan yashayapmiz, ular umuman yo‘q non bilan yashayapti...”

 

O‘sha qish Katya bilan Adolat do‘stlashib qolishdi. Ikkisi kechalari bir ko‘rpa ostida yotib, ochlikdan uxlay olmasdilar. Katya pichirlab so‘rardi: “Adolat, urush tugagach, non ko‘p bo‘ladimi? Butun non yeyish mumkinmi?” Adolat javob berardi: “Ha, tugagach, biz bir butun nonni birga yeymiz...”

 

Katya urush tugashini kutmadi. Bahorda, birinchi maysalar bosh ko‘targanda u bu dunyoni jimgina tark etdi. Adolat Katyaning sovuq qo‘lchasini ushlab, oxirgi yarim bo‘lak nonni uning yostig‘i yoniga qo‘ydi. Va o‘sha kuni o‘ziga va’da berdi: “Men hech qachon nonni butun yemayman. Yarim bo‘lagi – Katya uchun, Maryam singlim uchun va frontda qolgan otam uchun...”

 

 

Front ortidagi O‘zbekiston butun urush davomida nafaqat oziq-ovqat yetkazib berdi, balki millionlab odamlarning panohi bo‘ldi. Evakuatsiya qilinganlar Toshkent ko‘chalarida “non bormi?” deb yurishardi. Erkaklar mas’uliyatini yelkalagan ayollar paxta terdi, yaradorlarni parvarish qildi, bolalarni boqdi – tinmay mehnat qildi. Qo‘llari goh qonadi, goh terladi, ammo umidi so‘nmadi.

 

Har eshik taqillaganda yurak hapriqardi: “Xat keldimi? U tirikmi?” Ba’zan xat kelardi, ba’zan esa faqat “bedarak yo‘qolgan” degan sovuq qog‘oz. Ba’zan esa umuman hech narsa.

 

***

Bugun uning dasturxoni to‘kin. Lekin momo baribir nonni ikkiga bo‘ladi. Yarmini nabirasiga beradi, ikkinchi yarmini ko‘zlarini yumib sekin, shoshilmay chaynaydi.

 

– Bu yarim bo‘lak, – deydi u, – o‘sha yillar uchun. O‘sha och qolgan bolalar, kutgan onalar, sovuq dalalarda mehnat qilgan ayollar uchun. U vaqtlardagi nonning ta’mi hali ham og‘zimda.

 

***

9-may – Xotira va Qadrlash kuni. Bu kun shunchaki g‘alaba bayrami emas. Ochlikning, yo‘qotishning, sabrning va umidning kuni. Bugungi farovonlik osonlikcha kelmaganini, millionlab odamlarning yarim bo‘lak noni, muzlagan qo‘llari va ovozsiz yig‘ilari evaziga kelganini eslatadigan kun. Siz bugunning qadrini his qilsangiz, demak, ularning azobi behuda ketmagan. Va biz, ularning avlodlari shu xotiralarni eslashga burchlimiz.

 

Diyorbek NORMURODOV,

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti magistranti

 

O'xshash yangiliklar

"Mustaqillik to‘yi” festivali yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

"Mustaqillik to‘yi” festivali yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tarixni anglagan avlod — kelajakni ishonch bilan quradi!

Tarixni anglagan avlod — kelajakni ishonch bilan quradi!

Talqini ming xil kuy – Murod Muhammad Do‘st portretiga chizgilar

Talqini ming xil kuy – Murod Muhammad Do‘st portretiga chizgilar